G‘uzordagi mahalla muammolari. Nafas olishga qiynalayotgan aholi va xonadonda ta'lim olayotgan o‘quvchilar

Jamiyat 13:47 / 21.05.2019 16947

Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanidagi «Cho‘michli» mahallasi aholisi bir necha muammolar yuzasidan murojaat qildi.

«Mahallamizda yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar yig‘ilib qolgan. Farzandlarimiz ta'lim olayotgan maktab talabga javob bermaydi. Ko‘chalarimiz abgor holatda. Mahallamizga suyultirilgan gaz vaqtida tarqatilmaydi, ichimlik suvi yo‘q. Elektr energiyasi simyog‘ochlari ta'mirtalab. Mahalla hududida joylashgan «Sho‘rtanneftgaz» MChJning fakellari joylashgan. Ulardan chiqayotgan gaz tufayli havo ifloslanmoqda va aholi nafas olishga qiynalmoqda. Buning natijasida mahallada aholi va uy hayvonlari orasida turli kasalliklar ko‘paygan. Bolalar nosog‘lom tug‘ilmoqda», – deyiladi murojaatda.

Murojaatni joyida o‘rganish maqsadida G‘uzor tumanida bo‘ldik. Mahalla aholisi bilan suhbatlashdik, e'tirozlarini tingladik. Ular tomonidan bildirilgan e'tirozlarni navbati bilan o‘rgandik.

Dastlab, ushbu mahalladagi ikki qishloq yoshlari ta'lim olayotgan 26-umumiy o‘rta ta'lim maktabi bilan tanishdik va haqiqatan ham ta'lim maskanida qator muammolar mavjudligiga guvoh bo‘ldik.

Jumladan, maktabda o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishlariga yetarlicha sharoit yo‘q. Shuningdek, tadbirlar o‘tkazish uchun faollar zali ham ham mavjud emas. Sinfxonalarda ozodalik yetishmaydi. Maktab yo‘laklarida devorlar ko‘chib tushgan va ta'mirtalab ahvolda.

Maktab bufetida achinarli manzaralarga guvoh bo‘ldik. Bu yerda kanselyariya jihozlari va o‘quv qurollari savdosi bilan aralash holda turli yeguliklar ham sotilar ekan. Xarob ahvoldagi bu pastqam bino ichkarisi antisanitar holatda. Bu yerda maktab o‘qituvchilari uchun buyurtma asosida tushlik ham tayyorlanar ekan.

Ma'lumki, ta'lim maskanlarida o‘quvchilarga sotilishi mumkin bo‘lmagan yeguliklar ro‘yxatida hot-dog ham bor. Maktab bufetida esa bu yegulik o‘quvchilarga ochiqchasiga sotilmoqda. Sotuvchi ham, maktab direktori Yo.Eraliyev ham taqiqlangan yegulik sotilayotgani va bu yerdagi antisanitar holatga hech qanday izoh berolmadi.

Bundan tashqari, maktabda ichimlik suvi yo‘q. O‘quvchilar uylaridan idishlarda suv olib kelishadi. Shuningdek, maktab hududidagi quduqqa ichimlik suvi xarid qilinib, maxsus texnikada olib kelib quyilarkan. Ichimlik suv bir muddat antisanitar holatdagi quduqda saqlanadi. Bu ham o‘quvchilar sog‘ligiga xavf tug‘diradi. Maktab direktori ichimlik suvini o‘z hisobidan xarid qilar ekan.

«Ichimlik suvi uchun hech qayerdan mablag‘ ajratilmaydi. Shuning uchun o‘z hisobimdan xarid qilishga majburman. To‘g‘ri, maktabda bartaraf qilinishi lozim bo‘lgan bir qator kamchiliklar bor. Barcha muammolarni hal qilish choralarini ko‘ramiz», – deydi maktab direktori.

Aholi murojaatida maktabda kompyuter xonasidan yetarlicha foydalanilmasligi yuzasidan ham e'tiroz bildirilgan. Maktabdagi kompyuterxonaga kirganimizda «svet to‘satdan o‘chib qolgani» uchun kompyuterlar soz yoki nosozligini bilishning imkoni bo‘lmadi.

Maktabdagi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi xonasini ko‘zdan kechirdik. Bu xonadagi abgor holat «maymunlar ham yig‘laydigan» darajada.

Mahalladagi Zangibobo qishlog‘ida 26-umumiy o‘rta ta'lim maktabning filiali ham bor ekan. Ma'lum bo‘lishicha, maktab filialining eski binosi buzilib, yangidan qurilgan va 2018 yil dekabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirgan. Ammo maktab filiali binosining sifatsiz qurilishidan maktab direktori norozi bo‘lgan va qabul qilishni rad etgan. Shu tufayli maktab filiali hozirga qadar foydalanishga topshirilmagan.

Ushbu yangi qurilgan bino ichidagi xonalar haqiqatan ham sifatsiz ta'mirlanganiga guvoh bo‘ldik. Ayni kuz-qish vaqtlarida olib borilgan qurilish va ta'mir ishlari sababli ishlar sifatsiz bajarilgan. Yangidan qurilgan, hali foydalanilishga topshirilmagan binodagi sinfxonalarning devorlari ko‘chib tushgan. Pollari ham talabga javob bermaydigan darajada bo‘yalgan.

Mazkur holat yuzasidan maktab filiali binosini qurgan qurilish tashkiloti rahbari R.Ashurov bilan suhbatlashdik.

«Bino qurilishi va xonalar ta'mirlanishi sovuq kunlarda amalga oshirildi. Bu qurilish sifatiga ham ta'sir qilgani rost. Shu tufayli maktab filiali binosi qabul qilinmadi. Bu kamchiliklarning barchasi bartaraf etiladi», – deydi u.

Yangi qurilgan maktab filiali binosi atrofida o‘quvchilar uchun sport maydonchasi yo‘q. Buning uchun joy ham mavjud emas, tor hovli bor xolos. Yetarlicha yer maydoni bo‘lmagani bois hojatxona ham binoga juda yaqin qurilgan.

Aholi vakillarining bildirishicha, eski bino buzilgan vaqtda yetarlicha yer maydoni bo‘lgan. Stadion va sport maydonchasi ham bo‘lgan. Ammo bino buzilib, yangisi qurilishi jarayonida maktab sport maydoni «qandaydir sabablar» bilan fuqaroga uy-joy qurish uchun berilgan. Ayni vaqtda uy ham qurilgan. Natijada, maktab filiali uchun yer maydoni qisqarib ketgan. Nima uchun bunday holatga yo‘l qo‘yilgan?

Bu holat yuzasidan G‘uzor tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Z.Zokirov izoh berdi.

«Men bu lavozimga yaqinda tayinlanganman. Shuning uchun masalani batafsil o‘rganib chiqishim kerak. Fikrimcha, fuqaroga bu joy tegishli hujjatlar asosida berilgan. Maktab filialiga qo‘shimcha yer ajratish choralarini ko‘ramiz. Mana maktab filiali atrofida fuqarolar tomonidan egallanib, necha yillardan buyon foydalanilmay kelinayotgan bo‘sh yer maydonlari bor. Shu yerdan o‘quvchilar uchun sport maydon qurish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Zarur bo‘lsa bu ishga tashabbuskor tadbirkorlarni ham jalb qilamiz», – deydi hokim o‘rinbosari.

Bu holat bo‘yicha tegishli mas'ul organ va tashkilotlar zarur o‘rganishlar olib borishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Maktab filiali binosi vaqtida foydalanishga topshirilmagani sababli Zangibobo qishlog‘idagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari qishloqdagi bo‘sh turgan xonadonda ta'lim olishga majbur ekan. Xonadonning ikki xonasi parta va stullar bilan jihozlangan. Ammo o‘quvchilar uchun yetarlicha sharoit yo‘q.

To‘g‘ri, bu yilgi o‘quv yili yakuniga yetmoqda. Kelgusida bu muammolarni bartaraf etish uchun tuman mutasaddilari jiddiy bosh qotirishi lozim.

Aholining navbatdagi e'tirozi suyultirilgan gaz ballonlari vaqtida tarqatilmayotgani va belgilangan narxdan qimmat to‘lov olinayotgani yuzasidan bo‘ldi. O‘rganish davomida tasodifmi yoki boshqa sababmi aholiga gaz ballonlari tarqatilayotgani ustidan chiqdik.

Tuman gaz idorasi mas'ul xodimi O.Berdiyev biz bilan suhbatda e'tirozlarning barchasini rad etdi va gaz ballonlari grafik bo‘yicha vaqtida va o‘z narxida tarqatilishini bildirdi.

Murojaatda aytilganidek, mahalla hududidagi elektr energiyasi tarmog‘i o‘tgan simyog‘ochlar ta'mirtalab holatda. Hokim o‘rinbosari Z.Zokirov bu holat yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.

Mahalla aholisining asosiy e'tirozi mahalla hududida joylashgan «Sho‘rtanneftgaz» MChJning fakellaridan chiqayotgan gaz tufayli havo ifloslanayotgani, natijada odamlar nafas olishga qiynalayotgani, aholi o‘rtasida turli kasalliklar ko‘paygani, bolalar nosog‘lom tug‘ilayotgani bo‘yicha edi.

G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A.Berdiyev esa «Cho‘michli» mahallasi aholisi orasida kasalliklar ko‘paygani haqidagi gaplarni rad etdi. Mahalla aholisi orasida 2018 yilda bitta sil, bitta o‘sma, ikkita ruhiy, to‘rtta qandli diabet, to‘rtta buqoq, oltita gipertoniya, bitta infarkt, bitta insult kasalligi qayd etilgan.

«Sho‘rtanneftgaz» MChJning fakellari haqiqatan ham havoni ifloslantirmoqdami?

Bu savolga javob olish maqsadida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tuman vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sh.Omonov bilan suhbatlashdik.

Mutasaddi bu masala yuzasidan laboratoriya tekshiruvlari va maxsus o‘rganishlar olib borilishi lozimligini, shundan keyin aniq xulosa qilinishini bildirdi. Sh.Omonov bu o‘rganishlar tez kunlarda amalga oshirilishi va natijasi yuzasidan bizga ma'lumot taqdim etilishini qo‘shimcha qildi.

Ammo oradan ancha vaqt o‘tdi hamki, mutasaddi bu holat yuzasidan ma'lumot taqdim etmadi. Va'da va'daligicha qolib ketdi.

O‘rganishlarimiz yakunida G‘uzor tumani hokimi S.Boboqulov bilan ushbu muammolar yuzasidan suhbatlashdik.

«Tumanimizda mavjud muammolar bosqichma-bosqich hal etib borilmoqda. Aholi turmush tarzini yanada yaxshilash borasida zarur islohotlar o‘tkazilmoqda, chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tumanimizda asosiy muammolardan biri bu ichimlik suvidir. Bu muammoni bartaraf etish yuzasidan xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. «Cho‘michli» mahallasidagi muammolarga kelsak, tumandagi tegishli tashkilotlar bu borada tez orada zarur ishlarni amalga oshiradi va muammolar bartaraf etiladi», – deydi tuman hokimi.

O‘rganishlarimiz jarayonida «Cho‘michli» mahallasidagi muammolar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi lozimligi ayon bo‘ldi.

Kun.uz bu borada tuman mutasaddilari o‘zlari va'da qilganidek, mahalla aholisi bildirayotgan e'tirozlar yuzasidan amaliy ishlar olib borishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: