Sinishi qiyin bo‘layotgan «tizim»: Past Darg‘omdagi oila nega tanlovda xarid qilgan yerida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ya olmayapti?

Jamiyat 19:47 / 20.05.2019 24440

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi ro‘y berayotgan navbatdagi zo‘ravonliklardan biri — fuqaro Orif Qirg‘izov tomonidan auksionda xarid qilingan eski tashlandiq garaj binosi bilan bog‘liq mashmashalardir. U 2018 yil 10 oktyabrda «Capiral Rieltor Group» MChJning Samarqand filiali orqali «Shombuloq kuchi» MMTPdan ushbu obektni xarid qilgan va oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.

Garaj binolari va jami 40 sotix yer maydoni uchun hujjatlar tayyorlangan. Biroq tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev yer maydonini biriktirib berish to‘g‘risida qarorni imzolamasdan kelmoqda.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Biz bir muddat avval, 1 aprel kuni baliqchi fermerlar mojarosi bilan tumanga borganimizda Orif Qirg‘izovning rafiqasi Gulchehra Toshmonova o‘zlari duch kelayotgan muammo uchini chiqargan, hokim hujjatga qo‘l qo‘yishini kutayotganini gapirib bergan edi.

O‘shanda Gulchehra Toshmonova «Chortut» fermer xo‘jaligi raisi Hamza Hojimamatov ushbu garaj borasida ayrim rejalari borligini ochiqlaganini aytib o‘tgan edi.

Orif aka va Gulchehra opa mazkur hududda «Har bir oila tadbirkor» davlat dasturi doirasida chorvachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Bankdan 50 million so‘m kredit olishgan, yana o‘zlarining mablag‘larini sarflashni niyat qilishgan.

Kunlar o‘tib, Qirg‘izovlar oilasi jiddiy muammoga duch kelishmoqda. Yerni biriktirib berish uchun hujjat hamon tuman hokimi tomonidan imzolanmagan. Ular hududda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qurilish ishlari olib borishganda fermer Hamza Hojimamatov militsiya xodimlari bilan kelib to‘sqinlik qilgan.

Gulchehra Toshmonova bu masalada tuman hokimi huzuriga borib,u bilan uchrasha olmayapti. Avval ham yozib xabar berganimizdek, tuman hokimligi xalqdan ihota qilingan, militsionerlar arz bilan kelgan insonlar tuman rahbari huzuriga kirishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Bu tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev tomonidan 2019 yil boshidan buyon o‘rnatilgan yangi tartib.

Eng qizig‘i — tuman hokimining imzosi bilan Gulchehra Toshmonova nomiga ogohlantirish xati jo‘natilgan. Unda qayd etilishicha, 12 oy ichida bu yerda loyiha amalga oshirilmasa, 10 barobar miqdorda oshirilgan yer va mol-mulk soliqlari to‘lanadi.

Ya'ni, tuman hokimi bu yer ularga tegishli ekanini o‘z xatida tan olyapti, «korxonani tezroq ishga tushir, yo‘qsa soliqlar oshadi», deyapti. Lekin hujjatlarga imzo chekmayapti. Buning uchun tadbirkorlarga avval hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirib berish kerak emasmi, janob hokim?!

Tuman hokimi o‘z xatida garaj Qirg‘izovlar oilasiga ajratilganini tan olib, ularni tezroq ishlashga undayotgan chog‘da, hokimning «bor san'atini ishga solishi evaziga» zamindor bo‘lib qolgan fermer Hamza Hojimamatovga bu joyga kelib, uning militsiya xodimlari yordamida obektga xo‘jayinlik qilishga kim vakolat bergan?! Kim?!

Nima ham derdik, Past Darg‘omda bugungi kunda mana shunday ahvol hukm surmoqda. Avvalgi chiqishlarimizda ta'kidlab o‘tganimizdek, tumanning yangi hokimi eski fermer va tadbirkorlardan yerlarni tortib olib, uni qalin o‘rtog‘i — chorvachilikka ixtisoslashgan «Chortut» fermer xo‘jaligi raisi Hamza Hojimamatovga olib berish uchun «bor san'atini ishga solmoqda».

Vatanparvar Shunqor Xudoyberdiyevga ko‘ra, baliqchilar unumdor yerda noqonuniy hovuz barpo etgan bo‘lsin, ko‘p yillik samarali fermer aslida samarasiz bo‘lgani uchun yeridan ajralsin, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlarning bog‘i qirqilib, Hamza Hojimamatovga paxta ekish uchun berilsin — xo‘p!

Lekin mana bu oilaning aybi nima ekan? Oilaviy tadbirkor bo‘lishni niyat qilganimi? Bu holni tuman mutasaddilari qanday tushuntirar ekan? 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor davomida tadbirkorlar muammolariga ham to‘xtalib, shunday degan edi:

«Hozir bizdan tadbirkorlar norozi bo‘layotgan ikkita masala bor: yer berish masalasi va qurilishga ruxsat berish masalasi.

Biz tepadagilarni olib tashlayapmiz, lekin pastda o‘tirganlar odamlarni juda norozi qilyapti. Ular hali yuqorida bo‘layotgan jarayondan bexabar. Ular hali o‘n yil oldingi gap bilan yuribdi: «Menga bermasang, men qo‘l qo‘ymayman», deydi. Mana shunday tizim haliyam bor O‘zbekistonda. Bu tizimni qanday bo‘lmasin sindirish kerak. Sindirish esa oson bo‘lmayapti. Chunki hammasi shunday ishlashga o‘rgangan. Agar shu balodan ham qutulib olsak, tadbirkorlarga ko‘p yengillik bo‘lardi».

Kun.uz Past Darg‘om tumanida ro‘y berayotgan mazkur holatni ham sinchkovlik bilan kuzatishda, voqeaning yangi tafsilotlarini yoritishda davom etadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: