«Ukraina va Yevropa Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha har qanday muzokaralarning bir qismi bo‘lishi kerak». Bunday fikrni Germaniya, Fransiya, Polsha, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati va Yevrokomissiya 12 fevral, chorshanba kuni AQSh va Rossiya prezidentlari – Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida Ukraina bo‘yicha telefon suhbatidan so‘ng e’lon qilgan qo‘shma bayonotida bildirdi.
«Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlik ishonchli transatlantik xavfsizlikning zarur shartidir», deyiladi hujjatda. Yevropa diplomatlari ta’kidlaganidek, ular «Amerika ittifoqchilari bilan» keyingi harakatlar bo‘yicha muzokaralarni intiqlik bilan kutmoqda. Bayonot mualliflarining fikricha, umumiy maqsad «Ukrainani kuchli mavqega olib chiqish» bo‘lishi kerak.
Ukrainaga yordamni oshirishga tayyorgarlik
Bayonotni tashqi ishlar vazirlari imzolagan Yevropa davlatlari ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyor ekanini bildirmoqda va bu davlatga xavfsizlik kafolatlarini berish zarur deb hisoblaydi. «Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizni kuchaytirishga tayyormiz. Biz Rossiyaning agressiv urushi oldida uning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilamiz», — deya ta’kidlaydi ular.
«Biz adolatli, keng qamrovli va mustahkam tinchlikka erishilgunga qadar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadini olib tashlamaymiz», — deyiladi hujjatda. Bu Ukraina va Yevropa davlatlari manfaatlarini kafolatlaydigan tinchlik kelishuvini nazarda tutadi, deya aniqlik kiritadi dpa agentligi.