Past Darg‘omning «Jaul Qosim»ida saylov ikkinchi marta qoldirildi: Ovoz berishdan bosh tortayotgan saylovchilar nimadan norozi?

Jamiyat 14:50 / 20.05.2019 18801

Maqolani eng asosiy gapdan boshlaymiz. 18 may kuni Past Darg‘om tumani, «Jaul Qosim» mahallasida to‘satdan saylov o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ishchi guruhni ham, saylovchilarni ham lol qoldirgan narsa shuki, tongda mahallaga kelgan saylov byulletenlarida ishchi guruh tomonidan qo‘yilgan, tasdiqlangan nomzod olib tashlanib, mutlaqo kutilmagan, hatto ishchi guruh a'zolari ham bilmaydigan yangi nomzod kiritilgani.

Saylov boshlanishi arafasida ijodiy jamoamiz bilan mazkur mahallada bo‘ldik. Byulletenlar kelgan, ishchi guruh, joy, komissiya a'zolari... xullas hammasi tayyor. Ammo saylovchilar norozilik bildirib birin-ketin zalni tark etayotganiga guvoh bo‘ldik.

Saylovchilar buning sababini shu kungacha mahallaga raislik qilib kelgan Said Omonovning nomzodi sirli ravishda byulletendan olib tashlangani bilan bog‘lamoqda. Ayrim saylovchilar esa saylovga taklifnoma olmaganidan norozi.

Bundan bir necha hafta oldin ham mahallaning amaldagi raisi Said Omonovning nomzodi saylovdan olib tashlangani haqda tahririyatga murojaat kelgandi. Ijodiy jamoa ushbu masala yuzasidan tuman mutasaddilari bilan bog‘langanimizdan keyin, uning nomzodi qaytadan qo‘yilgan. Ammo kecha to‘satdan saylov tashkil etilib, keltirilgan byulletenlardan uning nomzodi yana tushirib qoldirilgan.

«Jaul Qosim» mahallasining ko‘p yillik raisi Said Omonov

Biz 6 may kuni mazkur masala (saylov byulletenidan nomzod olib tashlangani) yuzasidan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Past Darg‘om tuman kengashi raisi o‘rinbosari Normo‘min Hayitov huzurida bo‘lganimizda, u ish boshlaganiga endi 20 kun bo‘lgani, u kelguncha suhbatlar bo‘lib o‘tgani, kengash raisi tuman hokimi hisoblanishi, hammasini tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev hal qilishini aytgan edi.

Past Darg‘om tumani saylovga ko‘maklashuvchi komissiya raisi, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Mashhura Bekovaning aytishicha, Said Omonov ushbu masala bo‘yicha komissiyaga kelib uchrashmagan. U «Omonov agar dardini dasturxon qilib, matbuotga chiqmasdan, kelib uchrashganida paydo bo‘lgan muammoni hal qilishi»ni aytgan edi. Shu bilan masala tinchib ketgandek edi, go‘yo.

Past Darg‘om tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyev va tuman MTB boshlig‘i Mashhura Bekova

O‘shanda vazirlikdan allakim kelganiyu, Omonov o‘zining o‘tgan raislik davri qoniqarsiz baholanib ketilgani, unga saylovda qatnashish uchun tavsiya berilmagani haqida xulosa borligi ro‘kach qilinayotganini aytdi. M.Bekova ham, N.Hayitov ham bunday xulosani ko‘rsata olishmagandi.

Aholi bilan suhbatlasharkanmiz, ushbu oqsoqol faoliyati davrida ijtimoiy-ma'naviy muhit ijobiy bo‘lgani, ajrimlar, jinoyatchilik va boshqa nizolar yil sayin keskin kamayib borganini ma'lum qilishdi.

Aytaylik, 2017 yilda mahallada oilaviy ajrimlar soni 2ta bo‘lgan, 2018 va 2019 yilning dastlabki choragida birorta ham ajrim kuzatilmagan. 2017 yil ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta'minlangan oilalar soni 24ta bo‘lgan, 2018 yilda ularning soni 8tani tashkil etgan. Jinoyatchilik 2017 yilda 4ta bo‘lgan, 2018 yilda faqat bir marta sodir etilgan. Darvoqe, tuman hokimi xuddi shu raqamlarni e'tirof etib, Said Omonov o‘z vazifasini uddalay olishiga kafolat ham bergan.

Qolaversa, mahalla ichidan o‘tuvchi asosiy yo‘l Said Omonov rais bo‘lganda uning sa'y-harakatlari evaziga tekis qilib asfaltlangan, yaqindagina yangi mahalla fuqarolari yig‘ini binosi foydalanishga topshirilgan, mahalla qabristoni hashar yo‘li bilan obodonlashtirilgan.

Mana shunday natijalarga erishgan, 1997 yildan buyon shu vazifada ishlab mahalla ahlining hurmatini qozonib kelgan odamning qayta saylanishini kim xohlamayapti? Mahalla ahli ana shu savolga javob istaydi.

«Yuqori»dan kelgan buyruq»

Mahalladagi saylov bo‘yicha ishchi guruh rahbari Xoliyor Eshonqulov bilan muloqotimizda ham bu savolga javob ololmadik. To‘g‘risini aytganda, Safarovning o‘zi ham buning sababini bilishni istaydi.

— To‘g‘risini aytsam, bugun ertalab saylov byulletenlarini mahallaga olib kelishganida nomzodlar o‘zgartirilganini ko‘rdim. Said Omonovning nomzodi olib tashlanib, o‘rniga butunlay boshqa odamning nomzodi qo‘yib qo‘yilgan. Byulletenlarni olib kelgan tuman hokimligi vakilidan so‘raganimda, «buning sababini bilmasligini, «yuqori»dan aytilgan bo‘lishi mumkinligi»ni aytdi. Tuman saylov bo‘yicha ishchi guruhi rahbaridan so‘rasam ham shu gap. Hatto, viloyat vakillari bilan ham gaplashdim. Ular ham nima bo‘layotganidan bexabar. Anig‘i shuki, ishchi guruh sifatida biz tomonimizdan taqdim etilgan nomzodlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritilgan. Ammo kim tomonidan va nima sababdan ekanini hech kim bilmaydi.

Said Omonovning aytishicha, har bir nomzod saylovdan oldin tegishli tartibda suhbatdan o‘tkazilarkan. «Hatto bizni suhbatdan o‘tkazgan kishilar kim ekanini ham bilmaymiz, o‘zlarini tanishtirishmadi ham», deydi nomzodi saylovdan olib tashlangan mahalla raisi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Modomiki, saylovda qatnashuvchi nomzodlar suhbat, hokimining xohishi yoki boshqa yo‘llar bilan «yuqoridan» belgilanar ekan, saylov nima uchun va kimga ko‘rsatish uchun kerak?! Xo‘jam kelib ko‘rishi uchunmi? Hatto nomzodlarni hal etishda rol o‘ynamaydigan ishchi guruh-chi, u nega kerak? Xuddi ish ketayotganidek manzara hosil qilish uchunmi?

Saylov nima bilan tuga(y)di?

Qator noroziliklar va e'tirozlardan so‘ng, zalda 103 nafar saylovchi qoldi. Jami tarqatilgan taklifnomalar esa 221ta bo‘lib, saylovni o‘tkazish uchun kamida 147 kishi kelishi kerak. Shunday qilib, saylov o‘tkazilmadi. Ishchi guruh vakillarining aytishicha, oldin ham bir marta saylov qoldirilgandi. Xo‘sh, endi (uchinchi marta) mahalla saylovi qay tartibda o‘tadi? Ishchi guruh ko‘rsatgan, aholi istagan nomzodlar qo‘yiladimi yoki «yuqoridan» «tayinlanadimi» nomzod?

Bizni Said Omonov shu mahallaga albatta rais bo‘lishini istaganimiz emas, nega u saylovda qatnashish imkoniyatidan noqonuniy tarzda mahrum etilayotgani, ishchi guruhga mutlaqo notanish odam qanday qilib va nimaga asosan saylov byulleteniga kiritilgani qiziqtirmoqda. Bir qaraganda, oddiygina mahalla raisi saylovi, tartib qoidalar aniq-tiniq yozib qo‘yilgandek, hech qanday e'tiroz va masalalar yuz berishi kerak emasdek. Yo‘q, axir bu Past Darg‘om, bu tumanda umume'tirof etilgan tartib-qoidalar boshqa sohalarda ham amal qilavermasligiga guvoh bo‘laverib ko‘zimiz pishib ketdi. Shu sababli Kun.uz mazkur mahalladagi voqealar rivojini kuzatib boradi.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: