G‘azablangan insonning chiqargan hukmi ham adolatsiz bo‘ladi

Jamiyat 17:21 / 20.05.2019 14677

«Kun hadisi» dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni «G‘azabdan saqlanish» deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni O‘zbekiston musulmonlar idorasi kotibiyati mudiri Muhammadayubxon Hamidov sharhlab berdi.

Video: Youtube

Video: mover (Tas-IX)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan:

«Bir kishi  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Menga nasihat qiling”, dedi. Shunda ul zot sollallohu alayhi vasallam: “G‘azablanma!”, - dedilar.Shundan so‘ng buni bir necha marta takrorlab: “G‘azablanma!” dedilar» (Buxoriy, Termiziy, Ahmad rivoyatlari).

G‘azab masalasini hammamiz bilamiz. Inson qachonki g‘azablanar ekan, o‘z boshqaruvini yo‘qotadi. G‘azablangan inson atrofdagilar bilan muomalada o‘z mezonidan chiqadi.

G‘azablangan kishi insonlar orasida hukm chiqarar ekan, bu hukm ham adolatsiz bo‘ladi. 

G‘azablangan kishining muomalasi agar o‘z ayoli bilan bo‘lsa, Xudo ko‘rsatmasin, taloq bilan va agar o‘z farzandlari bilan bo‘lsa, oq qilish bilan ham yakunlanish ehtimoli bo‘ladi. 

Ana shu ehtimoldan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “G‘azablanma!” dedilar va buni bir necha marta qaytardilar. 

Payg‘ambarimizning «G‘azablanma» degan so‘zlarining ma'nosi «g‘azabingni yuzaga chiqarma» deganidir. Umuman g‘azablanmaslik lozim degani emas. Chunki g‘azab inson fitratida bor bo‘lib, undan qutulishning imkoni yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlari rivoyat qilinadi: «G‘azabdan saqlaning Chunki g‘azab odamzot ichida yonib turgan bir cho‘g‘dir. Sizlardan biringiz g‘azablanganingizda ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqqanini ko‘rmadingizmi? Agar qay biringiz o‘zida g‘azab alomatlarini sezsa, yotib olsin yoki o‘tirib olsin» (Termiziy va Ahmad rivoyatlari).

Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda ushbu voqea sal boshqacharoq shaklda aytiladi. Unga ko‘ra, Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga dedi: «Yo Rasululloh, menga bir ilm o‘rgating, u meni jannatga yaqinlashtirsin va jahannamdan uzoqlashtirsin». Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «G‘azablanma, senga jannat bo‘lur», deb javob berdilar.

Payg‘ambarimiz yana marhamat qiladilar: «G‘azablanish shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Olovni suv o‘chiradi. Bas, qaysi biringiz g‘azablansa, tahorat olsin» (Imom Ahmad rivoyati).

Shunday ekan, g‘azab qilmaslikning natijasi jamiyat a'zolarini bir-biriga o‘zaro yaqinlashtiradi.

Ko‘proq yangiliklar: