Andijondagi masjid auksionda sotiladimi yoki yo‘q?

Jamiyat 17:30 / 20.05.2019 54893

So‘nggi bir oy davomida Andijon shahri «Taxtako‘prik» mahallasidagi madrasa binosi haqidagi xabarlar internetda shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan xabarlarda Do‘stlik ko‘chasida joylashgan madrasa kompleksi yotoqxonaga aylantirilgan bo‘lsa-da, u yerda yashayotgan kishilarga sharoit yo‘qligi, mahalla aholisi mazkur binoni masjid qilib qaytarishlarini so‘rayotgani haqida aytiladi. 

Kuni kecha esa bino auksion orqali savdoga qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi.

Mana endi barchada, «Xo‘sh, bino nega auksion orqali sotilyapti?», degan savol paydo bo‘lgani aniq. 

Kun.uz uzoq yillardan beri «qo‘lma-qo‘l» bo‘lib kelayotgan bino bilan bog‘liq mojaroli holatlarga oydinlik kiritishga harakat qildi. Masala bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilingach, binolar kompleksidagi muammoli holat orqasidan «bir dasta hujjatlar yig‘indisi» to‘plandi. Maqolada to‘plangan hujjatlar haqida batafsil to‘xtalmay, ularni qisqacha mazmunda havola qilib o‘tamiz.

Aslida masjid yoki madrasa uchun niyat qilib qurilgan binoni o‘zlashtirish yoki sotuvga qo‘yish yaxshi oilada tarbiya topgan inson uchun juda qiyin masala.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shayx hazratlari shu muammo borasida savol so‘rashganda, masjid sotilmaydi, ammo shariatdan bexabarlar sotib olib, vaqf yerni o‘zlashtirishi oldini olish uchun ixlosli musulmonlardan kimdir uni sotib olsin va masjid uchun saqlab tursin, vaqti kelib, imkon bo‘lishi bilan yana masjid tasarrufiga beradi, degan edilar.

Madrasaning ayni paytdagi egasi kim?

«Taxtako‘prik» mahallasidagi mazkur inshoot madrasa yoki masjid sifatida ro‘yxatdan o‘tmagach, Andijon shahar hokimining 2009 yil 10 aprel kungi 169-K-sonli qaroriga asosan, «Muqaddas ziyorat safari» MChJ tasarrufiga o‘tkazib berilgan. Lekin, «Muqaddas ziyorat safari» MChJ o‘z faoliyatini to‘xtatganidan keyin shahar hokimining 2011 yil 20 sentabr kungi 658-K-sonli qaroriga binoan, maqsadli foydalanilmayotgan mazkur bino-inshootlar mahalliy kengash ixtiyoriga qaytarib olingan. Shuni aytish joizki, bino-inshootlar 3016,86 kv.m. yer maydonida joylashgan bo‘lib, umumiy qurilish maydoni 1931,86 kv.m.ni, umumiy foydalanish maydoni esa 1716,24 kv.m.ni tashkil etadi.

Oradan qariyb to‘rt yil o‘tgach, ya'ni 2015 yil 25 aprel kuni shahar hokimining 222-K-sonli qaroriga asosan, bino-inshootlar shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi DUK balansiga o‘tkazilib, davlat mulki sifatida 2018 yil 2 fevral kuni 2747 tartib raqami bilan ro‘yxatga olindi. 

Ushbu joyning bir qismiga kam ta'minlangan va turar joyga muhtoj bo‘lgan 27ta oila joylashtirilgan, birinchi qavatdagi 265,44 kv.metrli xonadan (xonaqoh) esa viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi kiyim-kechak omborxonasi sifatida foydalanib kelgan. 

2018 yil 11 fevral kuni Andijon shahar hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tadbirkorlik masalalari bo‘yicha murojaatlarni hal etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tayyorlangan. Shu rejada Andijon shahridagi «Eldaz Design» MChJ tomonidan tashkil etilayotgan bezak materiallar (suzish kompleksi uchun mozaika) ishlab chiqarish loyihasiga kredit ajratish masalasida amaliy yordam ko‘rsatish belgilanadi. Bunga Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, AT «Aloqabank» viloyat filiali hamda shahar hokimligi mas'ul ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Andijon ekspert baholash konsalting» MChJ direktori X.Nuriddinov imzo chekkan hujjatda aytilishicha, 2018 yil 5 mart kuni tuzilgan №08/03-sonli «Mol-mulklarni baholash xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida»gi shartnomaga asosan baholash ishlari amalga oshiriladi. Hisob-kitob natijalariga ko‘ra, bino-inshootlarning baholash sanasiga aniqlangan qiymati 1 651 775 108,0 (bir milliard olti yuz ellik bir million yetti yuz yetmish besh ming bir yuz sakkiz) so‘mni tashkil etgan.

«Eldaz Design» MChJ rahbari X.Ulug‘babayev 2018 yil 16 mart kuni AT «Aloqabank» Andijon filiali boshlig‘i O‘.Jololovga kredit olish maqsadida ariza bilan murojaat qilgan. Arizada u bank filiali boshlig‘idan xomashyo sotib olishga aylanma mablag‘ uchun 1 150 000 000 (bir milliard bir yuz ellik million) so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratishini so‘ragan. Kredit ta'minoti xususida quyidagilarni bayon qilgan: «Kredit ta'minoti sifatida «Eldaz Design» MChJga tegishli shisha koshin ishlab chiqarish uskunalari garovi va Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi DUKga tegishli Haj va Umra safariga boruvchilarga xizmat ko‘rsatish markazi bino va inshootlari garovini taqdim etamiz. Kredit tani va foizlarining o‘z vaqtida to‘lanishini kafolatlaymiz».

2018 yil 16 mart kuni garov obektini auksion savdolariga chiqarishda boshlang‘ich bahosining kelishuv dalolatnomasi tuzilgan. AT «Aloqabank» shahar filialidan O‘.Jololov, A.O‘runboyev, A.Sotvoldiyev, shuningdek, «Eldaz Design» MChJ rahbari X.Ulug‘babayev, Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi DUK rahbari vazifasini bajaruvchi D.Xaliqov imzo chekkan mazkur dalolatnomada «Eldaz Design» MChJ tomonidan AT «Aloqabank» Andijon filialidan olinayotgan kredit mablag‘iga garov sifatida qo‘yilayotgan mulklar narxi kelishilgani aytib o‘tilgan.

Jumladan, unda shunday deyiladi: «Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi DUKga tegishli, Andijon shahar «Do‘stlik» ko‘chasi 7-uyda joylashgan foydalanish maydoni 1 716,24 kv.m., qurilish maydoni 1 931,86 kv.m. bo‘lgan Haj va Umra safariga boruvchilarga xizmat ko‘rsatish markazi bino va inshootlari ko‘rikdan o‘tkazildi. Andijon viloyati «Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi shahar filiali tomonidan 2018 yil 6 mart kuni berilgan 04/364-sonli ma'lumotnomaga asosan bino va inshootlarning inventar qiymati 172 427 717 so‘m bo‘lib, «Andijon ekspert baholash konsalting» MChJ tomonidan 2018 yil 6 mart kungi №08/03-sonli baholash hisobotiga asosan ko‘chmas mulk 1 651 775 108 (bir milliard olti yuz ellik bir million yetti yuz yetmish besh ming bir yuz sakkiz) so‘mga baholangan.

Bank xodimlari va mulk egasi tomonidan bozor holatidan kelib chiqib, ushbu mulk 767 500 000 so‘mga baholandi...

Bank ajratilgan kreditni garov hisobidan qoplash holatida garovga qo‘yilgan mulklarni ushbu dalolatnomada kelishilgan narxda sotib olish va balansga qabul qilish majburiyatini olmaydi».

AT «Aloqabank» Andijon filiali kredit komissiyasining 2018 yil 16 mart kuni o‘tkazgan yig‘ilishida «Eldaz Design» MChJga xomashyo sotib olishga aylanma mablag‘ to‘ldirish uchun 18 oy muddatga, 3 oy imtiyozli davr belgilab, yillik 20 foizlik ustama to‘lash sharti bilan 1 150 000 000 (bir milliard bir yuz ellik million) miqdorida kredit mablag‘i ajratish masalasi ko‘rib chiqilgan. Kun tartibiga qo‘yilgan masala atroflicha muhokama qilinib, komissiya «Eldaz Design» MChJga kredit ajratish haqida qaror qabul qilgan. Kredit ta'minoti sifatida «Eldaz Design» MChJga tegishli shisha koshin ishlab chiqarish uskunalari va Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi DUKga tegishli «Taxtako‘prik»dagi bino va inshotlar garovi qabul qilingan.

Shu tariqa, AT «Aloqabank» filiali va «Eldaz Design» MChJ o‘rtasida 215-sonli kredit shartnomasi imzolandi. Bu shartnoma notarial idorada 3-74-reyestr raqami bilan qayd etilgan.

Shartnomaga asosan, «Eldaz Design» MChJga 18 oy muddatga 1 150 000 000 (bir milliard bir yuz ellik million) so‘m miqdorida kredit ajratilgan. 

2018 yil 14 iyun kuni AT «Aloqabank» Andijon filiali va «Eldaz Design» MChJ rahbarlari o‘rtasida qo‘shimcha kelishuv bitimi tuzilib, unga ko‘ra, kredit shartnomasining 2-bandiga (kreditni qaytarish jadvaliga) o‘zgartirish kiritdi va kredit tanini 2018 yil 20 oktabr kunidan so‘ndirish boshlanishi belgiladi.

Ko‘rib turganingizdek, hammaning ko‘z o‘ngida qurilgan bino shahar hokimligidan DUKga o‘tib, mutasaddilarni ishlab chiqarishi orqali kreditni to‘lay olishiga ishontirgan tadbirkorga garov sifatida qo‘yib berildi.

Tadbirkor kreditni to‘lay olmadi...

Biroq «Eldaz Design» MChJ to‘lov muddatlarini buzib, kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan. Natijada, 2018 yil dekabr oyi holatiga qarzdorning kredit shartnomasiga ko‘ra kredit tanidan 1 116 761 151,55 so‘m, muddati o‘tgan foizlardan 53 295 349,67 so‘m, hisoblangan penyasidan 2 324 473,23 so‘m miqdorida qarzdorligi yuzaga kelgan. AT «Aloqabank» Andijon filiali ma'muriyati kredit shartnomasi shartlari qo‘pol ravishda buzilgani uchun 2018 yil oktabr va noyabr oylarida qarzdorga talabnoma yuborgan va majburiyatlar garovdagi mulkka qaratilishi haqida ogohlantirgan. Lekin qarzdor tomonidan bu talabnoma oqibatsiz qoldirilgan. Shu bois AT «Aloqabank» Andijon filiali viloyat iqtisodiy sudiga da'vo arizasi bilan murojaat qilgan.  

Sud bu da'vo arizasini 2019 yil yanvar oyida ko‘rib chiqqan va shu kungi holatga qarzdorning muddati kelmagan kredit tanidan 766 666 668 so‘m, muddati o‘tgan kredit qarzidan 95 833 333 so‘m, hisoblangan penyasidan 14 041 650,31 so‘m qarzi mavjudligini qayd etgan.

Andijon tumanlararo iqtisodiy sudi sudya R.G.Asqarov raisligida mazkur masalani ko‘rib chiqqach, 2018 yil 24 yanvar kuni «Eldaz Design» MChJ hamda qo‘shimcha javobgar - Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi DUK hisobidan AT «Aloqabank» foydasiga muddati kelmagan 766 666 668 so‘m kredit tani, to‘lov muddati o‘tgan 95 833 333 so‘m kredit qarzi, hisoblangan 14 041 650,31 so‘m foiz, 287 499,99 so‘m penya hamda 16 218 so‘m pochta xarajati undirish haqida hal qiluv qarorini chiqardi. Shuningdek, undiruv «Eldaz Design» MChJ tomonidan garovga qo‘yilgan ishlab chiqarish uskunalari va bino-inshootlarga qaratilishi ko‘rsatib o‘tildi. Garovga qo‘yilgan ishlab chiqarish uskunalarining boshlang‘ich sotuv bahosi garov shartnomasiga asosan 670 000 000 so‘m deb belgilandi. Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi DUKga tegishli bino-inshootlarning boshlang‘ich sotuv bahosi esa garov shartnomasiga binoan 767 500 000 so‘m etib belgilab qo‘yildi. Sudning hal qiluv qarori 2019 yil 25 fevraldan qonuniy kuchga kirdi. 

Shuni ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi «Garov to‘g‘risida»gi Qonunining 26-moddasiga binoan, garovga oluvchining (kreditorning) talablarini qondirish uchun undiruvni qarzdor garov bilan ta'minlangan majburiyatni o‘zi javobgar bo‘lgan vaziyatlarda bajarmagan taqdirda yoki lozim darajada bajarmaganda garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish mumkin. Mazkur Qonunning 27-moddasiga ko‘ra, garovga oluvchining (kreditorning) talablari garovga qo‘yilgan ko‘chmas mol-mulk qiymatidan sudning qaroriga muvofiq qondiriladi.

Shuningdek, «Garov to‘g‘risida»gi Qonunning 28-moddasida mazkur Qonunning 26-modasiga muvofiq, undiruv qaratilgan garovdagi mol-mulkni realizatsiya qilish (sotish) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kim oshdi savdosida sotish orqali amalga oshiriladi.

Bu jarayonda bank mavjud qonun va qoidalar asosida ish ko‘rgani ko‘rinib turibdi.

Bino sotiladimi?

Bundan ikki hafta oldin Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov sobiq masjid binosida yashab kelgan oilalar a'zolarini qabul qildi. 19 oilaga 2 sotixli yangi uy-joylar ajratiladigan bo‘ldi, yana 8 oilani esa Andijon shahridagi bo‘sh turgan kvartiralarga ko‘chirib o‘tkazishdi. 

Shuningdek, viloyat hokimi kuni-kecha «Aloqabank»ning Andijon filiali rahbari G‘.Yusupov, Andijon shahar hokimi D.Rahmatullayev, «Eldaz Design» MChJ rahbari X.Ulug‘babayevni yig‘ib, auksionga qo‘yilgan madrasa binosi masalasi bo‘yicha kichik yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda viloyat hokimi aholi vakillari tomonidan «Taxtako‘prik» mahallasidagi inshootlarni auksion savdodan olish va undan maqsadli foydalanish bo‘yicha murojaatlar ko‘plab tushganini aytib, o‘z vaqtida ayrim mutasaddilarning o‘z vazifasiga loqaydlik bilan qaragani oqibatida madrasa inshooti auksion savdoga chiqib ketgani, mazkur holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tekshirish boshlashi haqida ma'lumot berdi.  Yig‘ilganlar bilan  muammoli holatni yechimini topishga urindi.

«Aloqabank» rahbari, «Eldaz Design» MChJ tomonidan muddati o‘tgan qarzdorlikni to‘lab, qolgan muddati o‘tgan qarzdorlikni jadval asosida to‘lash haqidagi yozma xatidan so‘ng muammo ko‘rib chiqilishini bildirdi. «Eldaz Design» rahbari va'dasiga ko‘ra qarzdorlik 20 may kuni to‘la qoplanishi lozim.

Shu haftada Andijondagi «madrasa voqeasi» qanday yakun topishi ma'lum bo‘ladi.  

Hurmatli mutasaddilarimiz kim tomonidan qurilib, bunyod etilgani emas, balki shahar markazidagi mahalla o‘rtasida qad ko‘tarib xalq mulkiga aylanib bo‘lgan bino taqdiriga befarq bo‘lmay, har bir qarorni ming o‘lchab chiqarishlari kerakligi bo‘yicha xulosa chiqarsalar bo‘lar edi.

Imom Marg‘inoniy rohimahulloh «Hidoya» asarida shunday yozadilar: «Kim o‘z yerini masjidga aylantirsa, keyin u ushbu tasarrufidan qaytolmaydi, uni sota olmaydi, meros qilib qoldirolmaydi. Chunki masjidga aylantirilgan yer bandalarning mulkiyatidan chiqadi va xolis Alloh taoloning mulkiga aylanadi.

O‘zi aslida barcha mulk Alloh taolonikidir. Bandalikka oid mulk haqqi soqit bo‘lsa, u mulk o‘z asliyatiga qaytadi. Endi banda o‘sha mulkning tasarrufidan kesiladi. Xuddi qul ozod qilish masalasi kabi.

Agar masjidning atrofi xarobaga aylanib, masjidga ehtiyoj qolmasa ham, Abu Yusuf rohimahullohning nazdida o‘sha yer masjidligicha qolaveradi. Chunki u yerda bandalik mulki soqit bo‘lgan. Endi bu mulkni banda mulkiga aylantirib bo‘lmaydi»... «Hidoya ma'al Fathil Qodiyr» 5/446.

Viloyat hokimi ayni paytda mazkur bino muammosi bo‘yicha «Aloqabank» AT mutasaddilari bilan muzokaralarni boshlagan. Nasib qilsa, tez kunlarda bino masjid sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Voqealar rivoji qanday kechishini kuzatib boramiz.

Elmurod Ermatov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: