«Katta og‘a» har qadamni kuzatmoqda». Kuzatuv kameralari tarixiga nazar

Jamiyat 18:30 / 19.05.2019 35988

Dunyoda «Katta og‘a nazorati» degan tushuncha bor. Unga ko‘ra, zamonaviy kuzatuv tizimlari insonni u qayerdaligidan qat'i nazar, muntazam nazorat qilib turadi. Bu albatta mubolag‘a, lekin bugun nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga erishgan g‘arb davlatlarida, balki rivojlanayotgan mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham kuzatuv kameralari kun sayin, soat sayin ko‘paymoqda.

Kuzatuv kameralari tarixiga nazar tashlasak, bu yangi tarixning yangi texnologiyasi ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Nisbatan qisqa davrda ancha murakkab texnologik bosqichlarni ortda qoldirgan kuzatuv kameralari dastlab holatni qayd etmay shunchaki ko‘rib turish uchun, keyinchalik videokassetalardagi lentalarga qisqa muddat yozib borish maqsadida ishlatildi, asta-sekin raqamli tizimga o‘tish ortidan cheksiz va sifatli yozish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Dastlab 1942 yilda Germaniyada «Siemens» firmasi tomonidan «Fau-2» harbiy raketalarini kuzatish uchun yaratilgan kameralar yillar o‘tib tinch maqsadlarda, asosan ko‘cha harakatini tartibga solishda ishlatila boshladi. 1956 yilda Gamburgda politsiya tomonidan «Zauberspiegel» («Sirli ko‘zgu») deb nomlangan ko‘chalarda videokuzatuv tizimi ishga tushirildi. 1960 yilda Frankfurtda qoidabuzarlikni qayd etuvchi kameralar o‘rnatildi. Keyinchalik bu tizim boshqa davlatlarda ham qo‘llana boshladi. 1960 yilda London politsiyasi Trafalgar maydoniga ikkita kamera o‘rnatadi va bu bilan bugungi kunda Yevropada eng ko‘p kameralashgan Buyuk Britaniyaning bu boradagi tarixi boshlandi.

1968 yilda Nyu-Yorkda 8ta kamerani ishga tushirish uchun 2 yil va 1,4 mln dollar sarflandi.

Avvaliga faqat qo‘lda va kerakli paytda ishlagan yozib borish tizimida 1970 yildan boshlab uzluksiz yozish ham yo‘lga qo‘yildi.

Qizig‘i, 1949 yilda, hali kuzatuv kameralari rejada ham bo‘lmagan paytda fantast yozuvchi Jorj Oruell o‘zining «1984» asarida kelajakda kameralar hammayoqni kuzatishini mufassal yozib o‘tgan.

FILIPPO MONTEFORTE/AFP/GETTY IMAGES

Bu tizimning kengaya borishi aholi o‘rtasida katta qiziqish bilan birga sarosima ham uyg‘otdi. O‘sha paytlarda ham bu tizimning inson huquqlariga daxl qilishi bo‘yicha chiqishlar qilindi. Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, kuzatuv kameralari bo‘yicha eng ko‘p bahs-munozaralar aynan inson huquqlari bo‘yicha kechadi. 1997 yilda Buyuk Britaniyaning Brayton shahrida 200 nafardan ortiq kishi kameralar faoliyatiga qarshi namoyish o‘tkazishdi. O‘shanda odamlar ayrim videokameralarga zarar yetkazishdi, uch kishi hibsga olindi. Keyinchalik ham bu borada namoyishlar ko‘p kuzatildi.

1998-2000 yillarga kelib inson qiyofasini 80 foiz aniqlikda tanib oladigan kameralar yaratila boshladi. Bu ayniqsa, aholi gavjum hududlarda ish berdi va qonunbuzarlarni tutishda samaradorlikni oshirdi.

O‘zbekistondagi amaldagi qonun-qoidalarga ko‘ra, jumladan:

– Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston prezidentining farmonida: umumta'lim muassasalarining xavfsizligini ta'minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari, yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini, kirish yo‘llarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi qurilmalarni o‘rnatish chora-tadbirlarini ko‘rish;

– Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining qarorida: Tarkibiy bo‘linmada to‘lov terminallari, hisoblash texnikasi, tegishli dasturiy ta'minotga ega bo‘lgan Banklararo yagona elektron tizimga ulangan kompyuter texnikasi, telefon aloqasi, yonmaydigan temir seyf, yong‘in xavfsizligi signalizatsiyasi va videokuzatuv kameralari bo‘lishi lozim.

– 2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston prezidentining qarorida: zamonaviy savdo majmualarini loyihalashtirish va loyihaning umumiy qiymatini shakllantirish jarayonida maqbul loyiha yechimlarini qo‘llash yuzasidan qo‘yiladigan talablarga, ularda barcha infratuzilma obektlari (shu jumladan, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari, hududni obodonlashtirish va boshqalar) joylashtirilishiga, xavfsizlik talablariga (kuzatuv kameralari o‘rnatilishiga) to‘liq rioya etilishi ustidan tizimli nazorat amalga oshirilishini ta'minlasin, deyilgan.

Shu kabi qator farmon va qarorlarda kuzatuv kameralari haqida gap boradi. Ularning asosiy maqsadi turli xil qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani qayd etiladi. Bundan tashqari, bu tizim ayniqsa ko‘chalarga, avtomobil va piyodalar harakatini nazorat qilish uchun juda keng qo‘llanilmoqda.

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrining Arnasoy ko‘chasi (sobiq Pionerskaya) boshdan oxirigacha kuzatuv kameralari va xavfsizlik tizimlari sotiluvchi do‘konlardan iborat ekanligi bejizga emas.

Ammo kuzatuv kameralari eng ko‘p qo‘llaniladigan va muhokamalarga sabab bo‘ladigan jarayon bu ko‘cha harakatini kuzatishdir. O‘zbekistonda, Toshkentning 115ta chorrahasida bunday kameralar ish boshlagan 2017 yilning 15 mart kunidan 16 mart kuni soat 12:00ga qadar barcha kuzatuv kameralari tomonidan jami 10 000dan ziyod qoidabuzarliklar qayd etilgan. Dastlab tezlik va svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida o‘tishni qayd etgan kameralar hozirda 7 xil qoidabuzarlikni muhrlab bormoqda. Keyinchalik boshqa viloyatlar markazlaridagi chorrahalar va gavjum ko‘chalarga ham kuzatuv kameralari o‘rnatila boshlandi.

Masalan, 2018 yilning 1 iyunida Andijon shahrining transport vositalari serqatnov bo‘lgan chorrahalariga jami 98ta videokuzatuv kamerasi ish boshladi va soat 9:00dan boshlab qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda qayd etish tizimi ishga tushdi. Shu kuni soat 15:00ga qadar o‘tgan 6 soat mobaynida jami qoidabuzarliklar 2 678tani tashkil qilgan.

Bundan tashqari, har bir muyulish, har bir uy qarshisiga kuzatuv kameralari o‘rnatilyaptiki, bu ham jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olishda naf berishi tabiiy.

Shu o‘rinda har qanday kameradagi tasvirlarni tarqatishda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilish shartligini eslatib o‘tish joiz. Ya'ni, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchining o‘zi yoki avtomobili, o‘g‘irlik qilayotgan yoki qotillikka qo‘l urgan shaxs kamera tasviriga tushib qolgan taqdirda ham, uni ommaga oshkor qilish mumkin emas. Dalil sifatida kerakli tashkilotlarga topshirish, o‘rganish mumkin, albatta.

Kimnidir aybdor sifatida e'lon qilish faqat sud hukmi e'lon qilinib, qonuniy kuchga kirgandan keyingina mumkin bo‘ladi.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: