Jizzaxlik tadbirkorning murojaati nega qanoatlantirilmadi yoxud «O‘rda» bog‘i «o‘gay» bog‘mi?

Jamiyat 15:10 / 19.05.2019 13966

Kun.uz saytida o‘tgan yilning oktabr oyida Jizzax shahridagi «O‘rda» ekologik madaniyat va istirohat bog‘ining ayanchli ahvoli va uni obodonlashtirish uchun harakat qilayotgan tadbirkorning ovoragarchiliklari haqida tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. O‘shanda mutasaddi rahbarlar «O‘rda» bog‘i Jizzax viloyati hokimligi qarori asosida uzoq muddatga «Lyuks Shedevr Garden» MChJga (u bugungi kunda qo‘shma korxonaga aylantirilgan) ijaraga berilganini, tez orada bog‘ obod maskanga aylanishi haqida va'dalar berishgan edi.

Ammo va'dalar va'daligicha qolib ketgani ma'lum bo‘ldi. Biz «O‘rda» Ekologik bog‘ida bo‘lganimizda u yerda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganiga guvoh bo‘ldik.

Maqola saytda e'lon qilinganiga yetti oy bo‘ldi. Bog‘ o‘sha-o‘sha qarovsiz va xarob ahvolda...

Savollarimizga javob olish maqsadida «Lyuks Shedevr Garden» qo‘shma korxonasi rahbari Elyor Zokirovga bilan uchrashdik.

«Maqola e'lon qilingandan so‘ng, rosti, juda quvondim, «endi ishlar oldinga siljisa kerak», deb umid qilgandim. Ammo hech qanday natija bo‘lmadi. Shu bog‘ni obod qilaman, degan maqsadda harakatni boshlaganimga ikki yil to‘ldi. Mana, orttirganim bir qop hujjat (yuz varaq turli mazmundagi ma'lumotnoma va hujjatlarni ko‘rsatdi), xarajatlar haqida aytmasam ham bo‘laveradi».

«Loyihani amalga oshirish bo‘yicha Chexiyaning «AO I.K.S Group A.S» kompaniyasi bilan muzokaralar olib borganmiz. Ular bilan 100 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish maqsadida shartnoma tuzganmiz.

Va'dalardan charchadim, lekin ortga chekinishni ham istamayman. 2017 yildan beri shu loyiha amalga oshishi uchun harakatdaman. Loyihalarim tayyor, investorlar bir necha marta kelishdi. Ularga ma'qul bo‘ldi. Shu ezgu ishdan voz kechmaslik uchun faoliyatimni yanada kengaytirdim. Chexiyalik hamkorlarimiz bilan qo‘shma korxona tashkil qildik.

Sizga aytsam kularsiz, hatto yashash joyimdan ham ma'lumotnoma bilan birgalikda ularning taklif va tavsiyalarigacha olib kelib imzolatib qo‘yganman. Toshkentga boraman, Jizzaxga kelaman, «endi falon vazirlikka boring deyishadi», yana ovoragarchilik, xullas vazirliklar eshigida sarg‘ayishdan charchadim... Bir hujjatni to‘g‘rilash uchun yana qancha qog‘oz va imzo kerak, shuni tushunmayman.

Bog‘ning ahvoli esa o‘zingizga ma'lum, ikki yildan beri shu ish bilan ovoraman. Axir shu paytgacha ish boshlashim kerak emasmidi?

Menga 2018 yil 25 may kuni Jizzax viloyati hokimligining qarorini berishgandi. Ushbu qarorning 1- va 5-bandlarini o‘zgartirish uchun bir yildan beri sarsonman. Ushbu qarorning 1-bandida 317,0 ming kv.m yer maydoniga ega «O‘rda» bog‘ini uzaytirish sharti bilan 30 yil muddatga ijaraga berish ko‘rsatilgan, men esa 49 yil yilga uzaytirilshini so‘radim.

Shuningdek, qarorning 5-bandida biz tomonimizdan bir yil muddatda qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari 50 foizga bajarilmasa bino va inshootlar qaytarib olinishi belgilangan. Bu shartlarga hech bir investor ko‘nmaydi. Axir u yerda ozmuncha ish bormi?! Bir emas bir necha investor bu bandlar o‘zgartirilishini so‘rashdi, rad etilgach qaytib ketishdi.

Men hamma kerakli tashkilot va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qildim. Ayni kunda Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Jizzax viloyati qarorini bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan. Ma'lum bo‘lishicha, menga taqdim etilgan «O‘rda» ekologik bog‘ini qaytadan rekonstruksiya qilish uchun chiqarilgan qarorning o‘zi noto‘g‘ri qaror. Men esa hali-hamon sarsonman. Eng qizig‘i, murojaatlarimga bir yildan beri na viloyat va na shahar hokimligi javob beradi», — deydi Elyor Zokirov.

Ushbu vaziyatga izoh olish maqsadida Jizzax viloyati hokimligi mutasaddilariga uchrashmoqchi bo‘ldik. Hokimlikda mutasaddi rahbarlarni kutish asnosida vaziyatdan xabardor mutaxassis o‘z fikrlarini bildirdi.

«Elyor Zokirov qarorda ko‘rsatilgan bandlarni bajara olmadi. Qarorda ko‘rsatilgan muddat ham o‘z nihoyasiga yetdi. Tadbirkorga hech kim to‘sqinlik qilgani yo‘q. To‘g‘ri, Elyor Zokirov chexiyalik investorlarni bir necha marta chaqirtirdi. Biz ular bilan suhbatlashdik. Ularning talabiga ko‘ra, ayni damda tadbirkorning hisob raqamida 3 mln. AQSh dollari bo‘lishi kerak ekan. Ya'ni, tadbirkor olmoqchi bo‘lgan kreditga viloyat hokimligi kafil bo‘lishi kerak ekan. Afsuski, viloyat hokimligi bunday mas'uliyatni o‘z zimmasiga ololmaydi va kafil bo‘la olmaydi», — dedi u.

Bizni qiziqtirgan savollarga Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov javob berishini aytishgandi.

Akrom Rahmonqulov esa muammo haqida u qadar to‘liq ma'lumotga emasligini, bu haqda batafsil viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy- ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Botir To‘xtamishev ma'lumot berishini bildirdi.

«Rostini aytsam, men bu masalaga nima deb izoh berishni ham bilmayman. To‘g‘ri, «O‘rda» ekologik istirohat va madaniyat boshqarmasining balansida. Men Elyor Zokirov bilan bir necha bor suhbatlashganman, u g‘ayratli yigit. Bilishimcha, viloyat hokimining qarori ham bekor qilingan, tadbirkor ham o‘ziga yuklatilgan vazifalarni ham to‘liq bajarmadi», — deydi u.

Elyor Zokirov bir necha bor Jizzax shahar hokimligiga yordam so‘rab murojaat qilganini, ammo uning murojaatlari javobsiz qolganini ta'kidladi.

«Jizzaxga albatta istirohat va madaniyat bog‘lari kerak. Bu borada ijobiy o‘zgarishlar ham bor. Bu hali yetarli emas, deb o‘ylayman. Loyihalanayotgan bog‘ zamonaviy, turli xil attraksionlari bor va u albatta shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Ayni damda siz tilga olgan loyiha juda katta mablag‘ talab qiladi. Bu bo‘yicha takliflar bo‘lgan. Tadbirkorni investorlari bilan birga o‘zim ham qabul qilganman. Men o‘shanda ham aytganman, bugun ham aytaman: vakolatim doirasida qanday yordam kerak bo‘lsa, uni bajarishga tayyorman.

Xabaringiz bo‘lsa, ushbu qaror chiqqaniga ham bir yildan oshdi. Bog‘da biror o‘zgarish bo‘lmadi, ish bajarilmadi. Tadbirkorga hech qanday to‘siq bo‘lmagan. Agar shunday bo‘lsa, marhamat, isbotlab bersin. Savolni menga emas tadbirkorga bering, nega ish bajarilmadi?

Biz tadbirkorning hamma xatlariga javob berganmiz. Shaxsan o‘zimga necha marta uchrashgan bo‘lsa, batafsil tushuntirganman. Bilishimcha, qaror ayni kunda bekor qilingan. Men tadbirkorga hech qachon hujjat yig‘dirmaganman. Murojaatchi qarorning 1- va 5-bandlari o‘zgartirilishini so‘ragan. Har safar tadbirkorga talab va takliflarini yozma ravishda asoslab berishini va shunga qarab viloyat hokimligiga taklif berishimizni aytganmiz. Savolingizga lo‘nda va aniq javob shuki, qaror chiqarilgan, tadbirkor tomonidan hech qanday ish bajarilmagan. Agar bajarilgan bo‘lsa, marhamat ko‘rsatsin. Investitsiyani kiritish uchun tadbirkorning qo‘lida yaqingacha kelishuv shartnomasi ham yo‘q edi. Sarmoya kiritish uchun investor bilan kelishuv shartnomasi bo‘lishi kerak. Kelishuv shartnomasini bersin, ko‘rsatsin... Yo‘q investitsiyaning nimasiga yordam beraman. Kelishuv shartnomasi yo‘q. Jizzax viloyat hokimligi va bizni ayblash uchun tadbirkorda asos bor, deb o‘ylaysizmi?», — deydi Jizzax shahri hokimi Akbar Shukurov.

Ikki tomon kelishib olguncha yoki barcha shartlarga ko‘nuvchi investor paydo bo‘lgunicha yana qancha vaqt o‘tadi noma'lum. Lekin shunisi aniqki, agar ish shu yo‘sinda davom etsa, «O‘rda» bog‘i «o‘gay» bog‘ bo‘lib turaveradi. Kundan-kun nurab, o‘z tarovatini yo‘qotayotgan bog‘ning keyingi taqdiri esa hech kimni qiziqtirmayapti.

Ushbu maqoladan keyin bog‘da «qo‘l uchida» tozalik ishlari boshlanishini kutish mumkin. Ammo «yirtiqni yamagan bilan» u baribir eski holiga qaytadi. Ish esa faqat xo‘jako‘rsinga daraxt oqlash-u, begona o‘tlarni yulish bilan bitmaydi...

Tashabbus bilan chiqqan tadbirkor o‘z talablarini aytish, mahalliy hokimlik vakillari esa turli bahonalarni ro‘kach qilish bilan ikki yil vaqt o‘tkazdi. Qog‘ozbozlik va sansalorlikning oxiri yo‘qdek. Bog‘ esa tobora fayzsiz maskanga aylanyapti. Bu haqda kimdir qayg‘uradimi?..

Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: