Samarqandda olti yildan buyon Hajni kutayotgan onaxon: nega u mahalladagi navbatdan qolib ketmoqda?

Jamiyat 20:53 / 18.05.2019 33175

Haj — Islom dinidagi 5 farzdan biridir. Bizda asosan piri-badavlat qariyalarimiz Saudiya Arabistoniga haj safarini amalga oshirishni kutib yashashadi.

Uzoq yillar davomida O‘zbekistondan har yili 5,2 ming hoji muborak haj safarini amalga oshirgan bo‘lsa, endi bunday baxtli insonlar soni 7,2 mingga yetdi.

Bu — O‘zbekistondagi talabni qondira oladimi? Aslo yo‘q. Bu atayin navbat hosil qilish, allakimlar mana shu muqaddas ziyorat orqasidan ham mo‘may daromad qilish uchun o‘ylab topilgan choraga o‘xshab ketadi ko‘proq. Chunki, Saudiya Arabistoni O‘zbekiston uchun yiliga 30 ming kvota ajratadi.

O‘tgan yillarda boshqa ko‘p sohalarda monopoliya va o‘zini oqlamagan «cheklangan kvotalar» ortidan sun'iy navbatlar hosil qilinib, korrupsiya atalmish baloning ildiziga suv quyilganiga ko‘p guvoh bo‘ldik. Ne baxtki, ayrim mas'ullarimiz ibodat ishi bo‘lgan mazkur sohada ham bu jirkanch usuldan foydalanishdan uyalishmayapti. Bunday «sun'iy navbat»lar ortidan haj ziyoratini amalga oshirolmasdan olamdan o‘tib ketayotganlar qancha?..

Yoki pora evaziga hajga borayotganlarni eshitib turamiz. Ayniqsa, nopok jinoyatchilar harom pullari evaziga hajga borayotganiga ham guvoh bo‘lish mumkin. Non o‘rtasiga qoradori joylab, Samarqand aeroportida qo‘lga tushgan urgutlik hojini eslang.

Aslida, Haj va Umra safarlarini tashkil qilish boshqa davlatlardagidek turoperatorlarga o‘tkazilsa olam guliston — xohlagan odam pulini to‘lab, istagan vaqtida Umraga yoki Hajga boraveradi. Sohaga bozor mexanizmlari va raqobat kirib keladi, sifat oshadi — narxlar ham tushadi.

Biroq hukumat farmoyishida bu borada ishlar boshlanishi kerakligi aytilgan bo‘lsa-da, takliflar ishlab chiqish paysalga solinmoqda, tashkilotchilik uchun mas'uliyat esa hamon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tasarrufida qolmoqda. Kimning ham «tilla tuxum tug‘adigan tovuq»ni bo‘g‘izlagisi keladi, axir?!

«Haj ziyoratiga borish uchun talabgorlar juda ko‘pligi, navbatlar uzunligini tan olishimiz kerak. Lekin Haj, Umra kabi muqaddas ziyoratlarga pora aralashtirishning o‘zi absurd, kimdir shunday yo‘l bilan borishga harakat qilishi katta gunoh»,degan edi Kun.uz bilan suhbatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan.

Ayni paytda Haj safariga boruvchi fuqarolarni saralab olish va ro‘yxatga tirkash borasida joylardagi mahalla fuqarolar yig‘iniga katta vakolat berilgan. Bu qandaydir ma'noda to‘g‘ri, lekin raislarning hammasi bu ishga vijdonan yondashishmoqdami?

Keling, avval bu boradagi ishlar qay yo‘sinda amalga oshirilishi kerakligi haqidagi tartib bilan tanishaylik.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi №364-sonli «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tartibga solinadi. Mazkur qarorning ilovasiga ko‘ra, «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori 2017 yil 28 dekabrdagi №1031-sonli qarori bilan yuqoridagi nizomga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Nizomning 14-1 bandiga ko‘ra, «Haj» tadbiriga borishga nomzodlarni mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida saralab olish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tuman/shahar hokimi tomonidan 7 kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh tarkibiga, tuman bosh imomi, mahallaga biriktirilgan imom, mahalla raisi, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika inspektori, Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi vakillari kiritiladi.

«Haj» tadbiriga borishga nomzodlar navbatga qo‘yilishidan avval ushbu Nizomning 28-2-bandida nazarda tutilgan talablar asosida ishchi guruh tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi va saralanadi.

Buning uchun fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan nomzodlarning alohida ro‘yxati shakllantiriladi. Nomzodlarga ular suhbatdan o‘tkazish va saralash uchun ro‘yxatga qo‘shilgani hamda suhbatdan o‘tkazish sanasi va joyi to‘g‘risida fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan xabar beriladi.

Ishchi guruh har oyning 5 sanasidan kech bo‘lmagan muddatda shakllangan ro‘yxat asosida «Haj» tadbiriga boradigan ziyoratchi sifatida navbatga qo‘yish uchun nomzodlarni suhbatdan o‘tkazadi va saralaydi.

28-2 bandga ko‘ra «Haj» tadbiriga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

·       moddiy va jismoniy jihatdan «Haj» tadbiriga qodir bo‘lishi;

·       «Haj» amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etishi uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi;

·       ma'naviyati, ma'rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e'tiborga ega bo‘lishi;

·       oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi;

·       yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi;

Hikoyamiz qahramoni — 1954 yilda tavallud topgan, bir umr o‘qituvchilik qilgan pensioner onaxon M.X. 2013 yil 3 may kuni hajga borish uchun ariza topshiradi va Samarqand shahridagi «So‘g‘diyona» MFY jurnalida bu qayd etiladi.

Uch yil uning navbati kelmaydi. 2016 yilda ushbu mahalla fuqarolari yig‘iniga Ilhom Begimov rais bo‘ladi va u 2015 yilda ro‘yxatga kiritilgan fuqaro — 2017 yilda, 2016 yilda ro‘yxatga kiritilgan fuqaro — 2018 yilda haj safariga borishini ta'minlaydi.

M.X. bizga murojaat qilgach, ushbu holatni surishtirish uchun «So‘g‘diyona» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldik.

Qayd etib o‘tish lozimki, mahalla fuqarolari yig‘inini topib olish juda oson kechdi. Peshlavha juda aniq qilib o‘rnatilgan, hammayoq «orasta», ishlar juda tartibli yo‘lga qo‘yilgan.

Ilhom Begimovga maqsadni bildirganimda, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishimni so‘radi va negadir «Sizlar «Ozodlik» radiosiga o‘xshash tashkilot emasmi, O‘zbekistonda ishlashga haqlaring bormi?» deya qo‘shib qo‘ydi. Rasmiy guvohnomaga ega onlayn nashr muxbiri ekanimni tushuntirishga to‘g‘ri keldi.

Savol-javobga o‘tdik. I.Begimov 2016 yil maydan boshlab mahallaga raislik qilmoqda. Harbiy xizmatchi bo‘lgan, ayni paytda nafaqada. 2010 yildan buyon shu mahallada istiqomat qiladi.

— Fuqaro M.X. 2013 yil ro‘yxatga kiritilgani bilan 2016 yilgacha mahalladan hech kim hajga keta olmagan. Chunki bu bitta mahalla bilan bog‘liq emas: shahar va viloyatdagi diniy idoralar qoshidagi komissiya hal qiladi. Mengacha nima ishlar bo‘lgani menga qorong‘u. Mening davrimga kelib, u kishining oilasida notinchlik yuzaga keldi. O‘g‘illaridan biri xotini bilan ajrashmoqchi bo‘ldi. Mahalla-ko‘y aralashib yarashtirib qo‘ydi, lekin uzoqqa cho‘zilmadi. Shuning uchun mahalladan M.X. opaga tavsiya berilmadi, — dedi I.Begimov.

— Unda nega mahallada o‘rnak bo‘lishi mumkin, shu yerda doimiy istiqomat qiladigan kishilar emas, bu yerda propiskada turgan, aslida boshqa joyda istiqomat qiladigan kishilar jo‘natildi? Axir ularning oilasida nimalar bo‘layotganidan bu mahalla ahli xabarsiz-ku?

I.Begimov bu savolga javob berishdan qochdi va shu yerda Prezident Sh.Mirziyoyevning 2017 yil Toshkent viloyati faollari yig‘ilishida so‘zlagan nutqidan misol keltirdi.

— Prezident bundan buyog‘iga hajga hech qanday ro‘yxat bo‘lmaydi, kim faol bo‘lsa, adashganlarni yo‘ldan qaytarsa, mahallada jamoatchilik o‘rtasida o‘rni bo‘lsa o‘shalar boradi, degan.

Prezident o‘shanda nima degan edi?

«Hajga boradigan odamlarning ro‘yxati endi bo‘lmaydi. Mana, men yana 2 mingta qo‘shib berdim. Kerak bo‘lsa mingtasini bu yil yuboraman. Kimni yuboraman? O‘zining mahallasidagi masjidga kirib, Qur'ondan ikki surani bemalol o‘qib berib, shu mahalladagi adashganni to‘g‘ri yo‘lga boshqarishni o‘z zimmamga olaman, mening ibodatim, shukronaligim shu bo‘ladi, degan odam birinchi bo‘lib ketadi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

So‘ngra I.Begimov M.X.ning oilasi notinch farzandining ayoli tomonidan mahallaga yozgan arizasini taqdim etdi. U xatda kelini 2018 yildan boshlab turmushi buzilayotganida qaynonasini ayblagan. Yaqinda farzandli bo‘lgani va eri xabar olmasdan, boshqa ayolga shar'iy nikohda uylanib olganini bayon etgan.

Nihoyat, I.Begimovga ko‘ra, bunday oiladagi qo‘ydi-chiqdilarni tinchitmasdan, onaxonga hajga yo‘llanma berish — belgilangan tartibga zid. Bu haqda mahalla fuqarolari yig‘inida yig‘ilish o‘tkazilgan va M.X.ga ham uning bayoni taqdim etilgan ekan.

Lekin oilada mojarolar 2018 yildan boshlangan. Ungacha-chi? Hikoyamiz qahramoni 2013 yildan buyon hajga borishini kutadi-ku axir?

Qolaversa, mahalla oqsoqoli fuqaroning kelini yozgan arizani asos qilib olib, farz amalni bajarishga ilhaq bo‘lgan fuqaroni bu umidlaridan mosuvo qilmoqda. Vaholanki, amaldagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun talabiga muvofiq ushbu ariza belgilangan tartibda o‘rganilishi, undagi vajlarning haqiqatga qanchalik mos kelishi aniqlanishi va yakunda fuqaroga yozma ravishda javob xati berilishi lozim emasmi... Mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan bu ishlar bajarilmagan.

2018 yilda oilaviy mojarolar boshlangan bo‘lsa, 2019 yil 22 aprelga kelib — M.X. hajdan qolib ketgach, surishtiruv va tekshir-tekshirlar boshlangach, kelinning aynan qaynonasi ustidan ariza yozgani ham shubhali.

Birinchidan, ushbu xatga asosan mahallaqo‘m oilani yarashtirib qo‘ya olmasligi aniq — yarashtiraman degan odam arizasiz ham yarashtiradi, binobarin, ariza haj bilan bog‘liq o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash uchungina yozdirilgandek. Ikkinchidan, faqat boshqa bu oilada birga yashash niyatida bo‘lmagan ayolgina bu ishni qiladi.

M.X.ning o‘g‘illari ichmaydigan, chekmaydigan, namozxon yigitlar ekanligi, aslida bu narsa riyo sanalsa-da, ular shahardagi masjidlarda qilgan xayriyalari haqida hujjat to‘plab yurishgani, M.X.ning o‘zi ham o‘g‘illari boshchiligida tug‘ilib-o‘sgan joyi — Yakkabog‘ tumanida bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shgani e'tibordan chetda qolmoqda.

Mahalla fuqarolari yig‘ini raisi I.Begimov oiladagi aynan ajrashish faktiga yopishib oldi. Avvalo, oila — ko‘ngil ishi. Bu oila buzilayotganiga M.X.ning qay darajada aloqasi borligi mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan o‘rganilishi lozim emasmidi?..

Xullas, «So‘g‘diyona»da g‘alati ishlar bo‘lyapti. Sizga voqeani bor-bo‘yicha, hech narsani qoldirmasdan va yashirmasdan bayon etdik. Kim haq-u kim nohaqligi borasida xulosa chiqarish o‘zingizdan.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri

P.S. Onaxon M.X.ga esa shunday maslahat beramiz: Hajga jo‘natish kvotaligicha qolaversa va I.Begimov bu yerda mahallaqo‘m bo‘lib tursa sizni hech qachon hajga jo‘natmaydi. Bu — aniq! Shuning uchun nomiga boshqa mahallaga propiskaga o‘ting-da, o‘sha yerdan hajga ketish uchun ariza topshiring. Chunki, mahallangizdan bir emas, ikki kishi shu «usul»ni qo‘llab, hoji bo‘lib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: