Qashqadaryoda kaltaklangan o‘quvchi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Jamiyat 07:55 / 18.05.2019 27717

2019 yil 14 may kuni qator nashrlarda “O‘quvchi kaltaklanib reanimatsiyaga tushdi. Maktab direktori zo‘ravonlikni bosti-bosti qilmoqchi” mavzusida maqola e'lon qilingan.

Ushbu maqolaning tafsilotlari Qashqadaryo viloyat xalq ta'limi boshqarmasi hamda G‘uzor tuman xalq ta'limi bo‘limining tegishli mutaxassislari ishtirokida o‘rganilgan. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Qayd etilishicha, maqolada: “Qashqadarë viloyat G‘uzor tuman 1-umumta'lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi A.T. dars paytida boshqa o‘quvchi tarafidan kaltaklanib kasalxonaga ëtqizildi. Kaltaklangan o‘quvchining onasiga ko‘ra¸ maktab direktori voqea yuzasidan ëzilgan shikoyat arizasini qaytib olishga majbur qilgan”, deyiladi.
          
O‘rganish jarayonida o‘quvchilar bilan suhbatlashilganida, 2019 yil 1 may kuni 1-soat dars tugaganidan keyin tanaffus vaqtida A.T. o‘qiydigan sinf xonasiga 10-D sinf o‘quvchisi S.M. kelib, tashqarida gaplashaylik deb olib chiqadi. Bir ozdan keyin ularning orqasidan o‘quvchilar chiqqanida A.T.ning burnini ushlagan holatda yerda o‘tirganini ko‘rishadi va darhol o‘qituvchilarga xabar berishadi. Maktab o‘qituvchilari yetib kelib o‘quvchilarni ajratishadi hamda o‘quvchilarning ota-onasiga xabar berishadi. Maktab hamshirasi G.R. birinchi yordam ko‘rsatadi. A.T. shifoxonaga ketgunicha hushida bo‘lgan va hushini yo‘qotmagan.  
           
7 may kuni G‘uzor tuman IIB xodimlari bilan suhbat jarayonida A.T. onasi L.T.: “O‘g‘limning sinf rahbari telefon qilib maktabga chaqirdi. Men kelgan vaqtim o‘g‘limning burni qonab, yuzlari shishib skameykada o‘tirgan ekan. Darhol dadasi bilan tuman shifoxonasiga olib borib, tekshirtirib yotqizdim. Hozirgi kunda o‘g‘lim Qarshi shahar ko‘p tarmoqli tez tibbiy bo‘limining travmatologiya bo‘limida davolanmoqda. Hech kimdan e'tirozim yo‘q”, degan mazmunda tushuntirish xati bergan.  
         
Maktab direktori L.U. bilan suhbatlashilganida, u A.T.ning ota-onasi bilan  uchrashmaganligi, lekin xar kuni uning ahvolini so‘rab turganligini bildirgan.  

Bildirilishicha, voqea dars payti emas, tanaffus vaqti bo‘lgan. 15 may kuni  A.T.ning yashash xonadoniga viloyat xalq ta'limi boshqarmasi xodimi Z.Xamrayev, G‘uzor tuman xalq ta'limi bo‘limi xodimi I.Mavlonovlar borganida o‘quvchi kasalxonada emas, uyida ekanligi aniqlangan. 

Shuningdek, G‘uzor tuman 1-umumta'lim maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan suhbatlashilganida, aslida xech qanday jurnalist ulardan voqea tafsilotlarini so‘ramaganini bildirishgan.

Qayd etilishicha, o‘quvchi A.T. hushidan ketmagan, u tez yordam mashinasida emas, otasining mashinasida shifoxonaga olib ketilgan. Maktab direktori biror bir jurnalist undan voqeaga izoh berishni so‘rab, murojaat qilmaganligini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: