O‘zbekistonda «Surxongeologiya» davlat korxonasi tashkil etiladi 

O‘zbekiston 10:19 / 18.05.2019 4671

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tasarrufida “Surxongeologiya” davlat korxonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tasarrufida “Surxongeologiya” davlat korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

“Surxongeologiya” DKning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

Surxondaryo viloyatida foydali qazilma turlarini kengaytirish va ularning sanoatbop konlarini qidirib topish, iqtisodiyot tarmoqlarining mineral xomashyoga bo‘lgan talablarini tizimli asosda ta'minlash;

mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning uzoq, o‘rta muddatli va yillik davlat dasturlarini bajarilishida faol ishtirok etish;

mavjud foydali qazilma konlarini sanoatda o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan geologik, texnik-iqtisosdiy, texnologik va boshqa zarur izlanishlarni olib borish;

geologiya-qidiruv ishlarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan zamonaviy uslublar va ilg‘or texnika vositalarini qo‘llagan holda olib borilishini ta'minlash;

kadrlar malakasini oshirish, ularni zamonaviy bilim va tajriba olishlariga keng imkoniyatlar va zarur sharoitlar yaratish, samarali mehnatni rag‘batlantirishning puxta o‘ylangani mexanizmlarini joriy qilish.

Belgilab qo‘yilishicha, “Surxongeologiya” DKni moliyalashtirish mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning yillik davlat dasturlari doirasida ajratiladigan budjet mablag‘lari, xo‘jalik shartnomalari, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining “Surxongeologiya” DKni Surxondaryo viloyati, Boysun tumani hududida joylashtirish bo‘yicha taklifi ma'qullanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: