Guvohlar Asakadagi YTH tafsilotlarini so‘zlab berishdi

Jamiyat 15:36 / 18.05.2019 57427

16 may kuni soat taxminan 8:00da Andijon viloyat, Asaka tumani «Dasturxonchi» MFY hududidan o‘tgan Andijon-Shahrixon yo‘lida «Kobalt» rusumli avtomashina yo‘l chetidagi gullarni sug‘orayotgan uch ayolni urib ketdi. Dastlab tarqalgan xabarlarda ayollarning barchasi voqea joyida halok bo‘lgani, bu ayollar viloyatdagi yo‘llarni tozalashga va yo‘llar chetidagi gullarni sug‘orishga majburiy ravishda jalb etilgani, haydovchi voqea joyidan qochib ketgani aytilgandi.

17 may kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati hodisa yuzasidan ma'lumot berib, ayollardan biri voqea joyida vafot etgani, biri kasalxonada jon bergani, yana biri kasalxonada qolayotgani ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbiri bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun Asaka tumanida bo‘ldi.

Asaka tumanining «Dasturxonchi» qishlog‘i Andijon-Shahrixon magistral yo‘li bo‘yida joylashgan.

O‘sha kuni ertalabki soat 8:45da Dasturxonchi mahallasida yashovchi uch ayol - Omadxon Parpiyeva, Pazilatxon Tojiboyeva va Barchinoy Kazakova katta yo‘l bo‘yidagi shaklli gulzorga (mahalliy aholi uni – «landshaft gulxona», deb ataydi) suv quyayotganida fojia ro‘y bergan.

Mazkur yo‘l transport hodisasiga shu yerlik bog‘bonlar guvoh bo‘lishgan.

«Men Zokirjon Ahmedov, bog‘bonman. Shu yerda meva yetishtiramiz. Mana bu gulzor ularga biriktirilgan bo‘lsa kerak, har kuni ertalab suv quyishar edi. O‘sha kuni, juda katta tezlikda kelayotgan «Kobalt» oldidagi «Isuzu»ni o‘ng tomondan quvib o‘tmoqchi bo‘lib boshqaruvni eplolmay, yo‘l chetiga chiqib ketdi. Bir g‘ildiragi yo‘l chetidagi lotokka tushib, gulzor yonida suv quyayotgan uch ayolni urib tashladi. Biri mashina zarbidan uzoqqa otilib ketgan. Ikkinchisi har qalay o‘zini olib qochib qattiq zarba yemadi. Uchinchisini katta tezlikdagi mashina 30 metrlargacha sudrab bordi. Haydovchi shokda bo‘lsa kerak, nima bo‘layotganini anglamay qoldi shekilli, yordam berishga chaqirsak ham mashinani tashlab ketib qoldi», deydi guvohlardan biri.

O‘sha paytda shu yerda bo‘lgan yana bir bog‘bon Mirzamahmud ota esa shunday dedi: «Qarasak, uch ayol yerda yotibdi. Biri qimirlamay qo‘ygan, biri nafas olar, yana birining ahvoli og‘ir edi. Yo‘lovchi mashinalarni to‘xtatib, kasalxonaga jo‘natdik. Ularni urib yuborgan yigit ikki soatlardan keyin qaytib kelib, ichki ishlar xodimlari savollariga javob berdi».

Asaka ichki ishlar bo‘limi tomonidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan 60O 190DA davlat raqamli «Kobalt» haydovchisi Andijon tuman, «Zavraq» MFYda yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan A.S bo‘lgan. Ayni paytda uning ustidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Hodisa oqibatida Pazilatxon Tojiboyeva va Omadxon Parpiyeva vafot etgan. Barchinoy Kazakova esa tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan. Ayni paytda uning holati yaxshilangan.

Asaka tuman hokimligiga borib, tuman hokimi va mutasaddilar bilan suhbatlashdik va uch ayolning falokat joyiga qanday borib qolgani sabablarini surishtirdik.

Asaka tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi texnika xavfsizligi muhandisi Ikromjon Abdullayev uch ayol tuman Bandlikka ko‘maklashuvchi markaz yo‘llanmasi asosida ishga kirgani qayd etilgan hujjatlarni taqdim etdi.

Mutasaddi marhum ikki ayol va tan jarohati olgan ayollarning ishga kirgani haqidagi buyruq bilan birgalikda oy uchun ish haqi yozilgan qaydnomani ham ko‘rsatdi.

Ularning tasdiqlashicha, uch ayol ham 16 may kuni doimgidek o‘zlariga biriktirilgan joyda ish olib borayotgan bo‘lgan.

«Falokat oyoq ostida», deymiz, «Ko‘rgiligi shu ekan», degan gapimiz bilan ham g‘am egalarini yupatmoqchi bo‘lamiz. Pazilat opaning bir nafar, jon bergan sherigining esa ikki nafar farzandi bor ekan. Endi ular ona sog‘inchi bilan, ona mehrisiz o‘sishga majbur.

O‘zbekistonda har kuni insonlar o‘limi bilan yakunlanadigan mudhish yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishi davom etmoqda. Lekin yo‘llardagi qonunbuzarliklar, «o‘pkasi yo‘q» haydovchilarning bemazagarchiliklariga e'tiborsizligimiz ham bor.

Balki haydovchilarning qonunbuzarligiga chek qo‘yish uchun jazoni kuchaytirish zarurdir. Balki yo‘l chetidagi gulxonalarda ish olib borilayotganda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish, balki ular ish olib borayotgan joylarga vaqtinchalik ko‘chma yo‘l belgisi qo‘yilishini jiddiy nazorat qilish kerakdir. Balki yo‘l qoidasini buzish inson umriga zavol bo‘lishi haqida targ‘ibotni yangi bosqichga olib chiqish kerakdir. Umid qilamizki, mutasaddilar ro‘y bergan dahshatli fojiadan tegishlicha xulosalar chiqarib, amaliy harakatlarga o‘tishadi.

Elmurod Ermatov, Andijon
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: