Keraksiz gap-so‘zlardan yuz o‘girganlar najot topadi

Jamiyat 18:11 / 17.05.2019 8395

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Bekorchi gap-so‘zlardan voz kechish”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi mudiri Homidjon Ishmatbekov sharhlab berdi.

Video: Youtube

Video: mover (Tas-IX)

Abu Hurayra (r.a) rivoyat qildilar:

“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam dedilar: “Kishining Islomining go‘zalligi o‘ziga taalluqli bo‘lmagan ishlarni tark qilishidadur”. 

Ya'ni, musulmon odam o‘ziga taalluqli bo‘lmagan narsalar bilan mashg‘ul bo‘lmasligi kerak. Musulmonchilikning go‘zal bo‘lishligi o‘ziga kerak bo‘lmagan, o‘ziga taalluqli bo‘lmagan, na dini uchun, na dunyosi uchun foydasiz narsalarni tark qilishida hisoblanadi.

Alloh taolo Qur'oni karimda dunyoda ham, oxiratda ham najot topuvchi mo‘minlarning sifatlarini birma bir bayon qilib berganida, jumladan, mana shu sifatni ham aytadiki, “shunday mo‘minlar najot topdilarki, qaysiki, bekorchi, keraksiz gap-so‘zlardan yuz o‘girganlar”. Haqiqatan ham mo‘min-musulmon odam bu dunyosini g‘animat bilishi kerak. umrimiz tez o‘tib ketadigan fursat. Alloh taolo bu dunyoda o‘zimiz uchun, dunyo va oxiratimiz uchun kerak bo‘lgan foydali ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishga chaqirgan. 

Ana shu fursatni g‘animat bilmasdan, undan foydalanmasdan, o‘zimiz uchun kerak bo‘lmagan, bizga aloqasi bo‘lmagan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib, umrni zoye qilishimiz musulmonchilikni yaxshi yo‘lda emasligidan dalolat bo‘ladi. Ayniqsa, hozirgi davrda biz ko‘p narsalarga qiziqamiz. Ammo shu narsalar haqida o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, aksarisi bizga taalluqli emas. Na undan bizga savob bor, na dunyoviy manfaat bor. Odamlarning aybini, nuqsonini, ularning xatti-harakatini kuzatib, ularga baho berishdan ko‘ra, inson o‘zining xatti-harakatini to‘g‘irlasa, ayb-u nuqsonlarini o‘nglasa, xatolar qilishdan o‘zini saqlasa, bu uning uchun juda katta foydadir.

Ko‘proq yangiliklar: