Tadqiqot: Rossiyaning harbiy xarajatlari butun Yevropanikidan yuqori

Jahon 10:42 2989

Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiyaning harbiy xarajatlari hozirda barcha Yevropa Ittifoqi davlatlari va Buyuk Britaniyaning mudofaa xarajatlaridan oshib ketgan. Bu 12 fevral, chorshanba kuni Financial Times nashri tomonidan e’lon qilingan Britaniya xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) tomonidan o‘tkazilgan «Harbiy muvozanat» (Military Balance), tadqiqotining xulosalari.

Hujjatda, xususan, agar AQSh Ukraina va Yevropa mudofaasini qo‘llab-quvvatlashni kamaytirsa, Yevropa duch keladigan xavfsizlik muammolari tahlil qilinadi.

Rossiya, YeI mamlakatlari va Britaniyaning mudofaa xarajatlari

Tadqiqotda aytilishicha, 2024 yilda Rossiyaning umumiy mudofaa xarajatlari 42 foizga oshib, 13,1 trillion rublni tashkil etdi, bu xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha 462 milliard dollarga teng. IISS prognoziga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya harbiy xarajatlari 13,7 foizga o‘sib, 15,6 trillion rubl (550 milliard dollar)ni tashkil etadi. Bu Rossiya yalpi ichki mahsulotining 7,5 foiziga yoki barcha federal xarajatlarning deyarli 40 foiziga to‘g‘ri keladi, deb yozadi FT.

Taqqoslash uchun, Yevropaning mudofaa budjetlari, jumladan, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar xarajatlari o‘tgan yili deyarli 12 foizga oshib, 457 milliard dollarni tashkil qildi. Xususan, Germaniyaning mudofaa budjeti 23 foizga oshib, 86 milliard dollar (83 milliard yevro)ga yetdi. Shunday qilib, u 30 yil ichida birinchi marta Britaniyanikidan yuqori bo‘ldi, ya’ni 81 milliard dollar (78 milliard yevro), deya ta’kidlaydi nashr. Ta’kidlanishicha, bu statistik ma’lumotlar Bundesverni modernizatsiya qilish uchun maxsus fonddan bir martalik investitsiyalar bilan izohlanadi.

An’anaviy ravishda mutlaq ko‘rsatkichlar bo‘yicha Yevropada ikkinchi o‘rinda turuvchi Fransiyaning mudofaa budjeti 2024 yilda 4,5 foizga oshib, 64 milliard dollar (62 milliard yevro)ga yetdi. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 2 foiziga to‘g‘ri keladi.

Yevropada mudofaa xarajatlari eng ko‘p bo‘lgan davlatlar qatorida Rossiya bilan chegaradosh Estoniya bor, u o‘tgan yili yalpi ichki mahsulotining deyarli 4 foizini mudofaaga sarflagan. Ikkinchi o‘rinni 3,25 foiz bilan Polsha egalladi. Biroq, mutlaq hisobda bu mamlakatlarning mudofaa xarajatlari Yevropaning uchta yirik iqtisodiyotidan ancha kam: mos ravishda 1,7 milliard dollar va 28 milliard dollar.

Ko‘proq yangiliklar: