Chilonzorda oila kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi

Jamiyat 22:19 / 16.05.2019 2019

Kecha, 15 may kuni Toshkent shahri, Chilonzor tuman «Navro‘z» nikoh uyi binosida 15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan, «Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi» mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi.

«Kelin-kuyovlar innovatsion maktabi»ning navbatdagi mashg‘ulotlari doirasida tashkil qilingan mazkur tadbirga oila qurganiga ko‘p yillar bo‘lgan va shu yillar ichida ahil-inoqlikda hayot kechirib kelayotgan namunali oila vakillari, yosh oilalar, shuningdek, turmush qurish arafasidagi yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda tajribali oila vakillari hayotiy xulosalaridan kelib chiqib, yoshlarga o‘z maslahatlarini berishdi. Shuningdek, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan ularga murojaat qilishdi.

«Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi» darslari oila qurish arafasida turgan kelin-kuyovlar uchun haftada uch marta o‘tkazilmoqda. 

Darslarda oilaviy munosabatlarning ma'naviy-axloqiy asoslari, oila iqtisodiyoti, ro‘zg‘or va budjetini yuritish, oiladagi ijtimoiy muhit, nikoh munosabatlari, sog‘lom turmush tarzi, gender masalalari, oilaviy munosabatlarni uyg‘unlashtirish va nizolarning oldini olish, muloqot madaniyati, huquqiy munosabatlar, oilani idora etish kabi masalalar yuzasidan mahorat darslari o‘tib borilmoqda. 

Darslarni tugatgan yoshlarga esa «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining sertifikatlari topshiriladi», deydi tuman FHDYo bo‘limi mudirasi Sabohat Eshmanova Kun.uz bilan suhbatda.

Tuman FHDYo bo‘limi, Toshkent shahar «Navro‘z» nikoh uyi  hamkorligida shu kunning o‘zida Respublika 1-sonli tibbiyot kollejida ham ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Unda kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘rtasida «Oilam - baxtim» shiori ostida rasmlar va sahna asarlari tanlovlari tashkil qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: