O‘zbekiston delegatsiyasi Si Tszinpin tashabbusi bilan o‘tayotgan konferensiyada qatnashmoqda

O‘zbekiston 13:57 / 15.05.2019 5799

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 14-15 may kunlari Osiyo sivilizatsiyalararo muloqotga doir konferensiyada ishtirok etish uchun Pekin shahriga (XXR) tashrif buyurdi. Kun.uz muxbiri hukumatdagi manbasiga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Konferensiyaning birinchi kunida Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) raisi Si Tszinpin va Siyosiy byuro doimiy qo‘mitasining boshqa qator yuqori martabali a'zolari, Kamboja podshohi, Singapur, Gretsiya, Shri-Lanka prezidentlari hamda Janubiy-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo hamda Yevropa Ittifoqi hukumat va parlamentlarining yuqori darajali rahbarlari  qatnashishdi. 

MDH davlatlaridan anjumanda faqat O‘zbekiston va Armaniston delegatsiyalari ishtirok etdi. Ta'kidlash joizki, Osiyo sivilizatsiyalari o‘zaro bog‘liqligi kontekstida Xitoy O‘zbekistonni “ko‘p asrlik tarix va boy madaniy merosga ega qadimiy tsivilizsiyalarning beshiklari”dan biri sifatida ko‘rmoqda. 

Xitoy tomon Osiyo mamlakatlari madaniy merosini saqlash va Osiyo hamda jahon sivilizatsiyalarining ilg‘or yutuqlarini namoyish qilish maqsadida XXR raisi Si Tszinpin tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Konferensiyani muvaffaqiyatli tashkillashtirish va o‘tkazishga katta e'tibor qaratayotganini ta'kidladi.

Xalq yig‘ilishlari uyida XXR raisi Si Tszinpin nomidan Konferensiyada ishtirok etayotgan delegatsiyalar sharafiga rasmiy qabul tashkil etildi.

Qabul vaqtida XXR raisi Si Tszinpin delegatsiyalarga boshchilik qilayotgan 5 nafar rasmiy qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarini ham shaxsan qarshi oldi. O‘z o‘rnida, O‘zbekiston tomondan  respublika rahbariyati nomidan samimiy qabul va yuksak darajali tadbirda ishtirok etish imkoni uchun minnatdorchilik bildirildi. 

Tadbir maydonida Kamboja podshohi N.Siamoni, Singapur prezidenti X.Yakub, YuNeSKO rahbari O.Azule, Armaniston bosh vaziri N.Pashinyan, XXR Davlat kengashi a'zosi, tashqi ishlar vaziri Van I, Konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita raisi X.Kunmin, Yaponiyaning sobiq bosh vaziri va Liberal-demokratik partiyasi raisi Ya.Fukuda va Mo‘g‘uliston Parlamenti vitse-spikeri Enx-Amglan Luvsanseren bilan uchrashuvlar  o‘tkazildi. 

Konferensiyaning ikkinchi kuni, 15 mayda O‘zbekiston delegatsiyasi yalpi sessiyalar ishi hamda Osiyo madaniyati ko‘rgazmasi va Osiyo sivilizatsiyalari haftaligining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Ko‘proq yangiliklar: