Uzunda buzilayotgan bir xonadon haqida qisqa hikoya: faqatgina tuman hokimligi bu ishni to‘xtatishi mumkin

Jamiyat 17:00 / 12.05.2019 27264

Hech kimning, hattoki qushning ini buzilmasin, deyishadi yoshi ulug‘larimiz. Biroq tuman va mahalladagi mutasaddilarning beparvoligi deymizmi yoki boshqa sababdanmi — bir oilaning ko‘p yillardan buyon istiqomat qilib kelayotgan uyi buzilish arafasida turibdi. Biz ushbu maqolada juda murakkab ahvolga tushib qolgan Surxondaryo viloyati Uzun tumani «Xursand» mahalla fuqarolari yig‘ini, Dazira qishlog‘ida istiqomat qilib kelayotgan onaxon Hanifa Safarova va uning oilasi haqida hikoya qilamiz.

Ma'lum bo‘lishicha, sobiq ittifoq davrida qo‘shni Tojikistonda istiqomat qilib kelgan bu o‘zbeklar oilasi besh farzandi bilan 1992 yilgi fuqarolik urushi chog‘ida Surxondaryoga ko‘chib o‘tishadi va o‘sha yillari Dazira qishlog‘idagi tashlandiq yerda uy tiklab istiqomat qila boshlashadi. Hanifa ayaning bir o‘g‘li 2005 yilda, turmush o‘rtog‘i Bo‘ron Xoliqov esa 2008 yilda vafot etgan va shu zaminda mangu qo‘nim topishgan. Hanifa Safarovaning o‘ziga va qolgan farzandlariga hanuzgacha fuqarolik berilmagan, boz ustiga, bir farzandining hujjatlaridagi chalkashliklar bois, u Tojikistonga deportatsiya qilib yuborilgan. Uzundan uylangan farzandi dam-badam kelib ketib yuribdi ekan. Yaxshiyamki, baxtiga chegaralar ochildi…

Xullas, ular Dazira qishlog‘ida tiklagan uyning va uyga biriktirilgan tomorqaning hech qanday hujjati yo‘qligi aniq, shunchaki qishloq kengashidagi jurnalda qayd etilgan.

Xo‘sh, unda nimalar bo‘lyapti o‘zi? Nega Hanifa ayaning uyi buzilmoqda?

Gap shundaki, Hanifa Safarovaning turar joyidan keyin uning qaynog‘asi Mamarajab Xoliqovga tegishli uy joylashgan. Narigi ko‘cha bo‘yida esa fuqaro Baxtiyor Xolmurodovning uyi va tomorqasi joylashgan. Ilgari M.Xoliqovning (u ham Tojikistondan ko‘chib kelgan fuqaroligi yo‘q shaxs) oilasi o‘z uyiga B.Xolmurodovning uyining orqasidan o‘tgan ko‘chadan kirib-chiqib yurgan. Keyinchalik, B.Xolmurodov ko‘cha boshiga oshxona qurib, (aytishlaricha, allaqachon buni hujjatlashtirib ham olgan) uning uyiga eltuvchi ko‘chani berkitib qo‘yadi.

Shundan so‘ng ancha vaqt mobaynida M.Xoliqovning oila a'zolari maktab hududi orqali uylariga kirib-chiqib yurishgan. Keyinchalik, maktab hududi aylantirib devor qurilgach, uning uyi tashqi ko‘chadan batamom uzilib qoladi.

Xullas, qisqacha qilib aytganda M.Xoliqov oilasining B.Xolmurodov bilan bu boradagi tortishuvlari ish bermagach, «xeshnikini tesh» qabilida ish ko‘rib, M.Xoliqov va rafiqasi o‘z qarindoshining uyini buzdirib, o‘z uyiga ko‘cha o‘tkazish uchun tuman hokimligiga murojaat qilishadi. Tuman hokimligi sudga da'vo arizasi kiritadi, sud da'voni qanoatlantiradi. M.Xoliqovning uyiga ko‘cha o‘tishi uchun uy va oshxona buzilishi, tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi kerak. MIB esa har kuni kelib eshik turumini buzmoqda.

Faqat sud ham, uzun tuman mutasaddilari ham bitta muhim jihatni e'tiborga olishmaganki, H.Safarova istiqomat qilayotgan uy tomorqasining o‘rtasida ishlab turgan va aholini ichimlik suvi bilan ta'minlayotgan suv minorasi bor. Uning normativ hujjatlar bo‘yicha muhofaza maydoni 9 sotixni tashkil etib, yo‘l o‘tkazish asnosida muhofaza maydoniga ham putur yetadi. Sudda tuman «Suvoqova» idorasining bu boradagi e'tirozlariga ham ko‘z yumilgan.

Azaldan mavjud bo‘lgan ko‘cha noqonuniy berkitilishi ortidan bir xonadon tag-tubi bilan buzilishiga, pensioner onaxon qarigan chog‘ida Uzun, Sariosiyo, Denov va Termiz orasida sarson-u sargardon bo‘lishiga sabab bo‘layotgani toqat qilib bo‘lmaydigan hodisa, aslida. Onaxonning hali uylanmagan, 27 yoshli kenja o‘g‘li Iso Xoliqov ham Toshkentda ishlab yurgan ishini tashlab, uyiga qaytib, onasining yoniga qo‘shilishga majbur bo‘lib qolgan.

Umuman, M.Xoliqovning uyiga azaliy ko‘cha nega berkitib qo‘yilgan, kim bunga ruxsat bergan?

2012 yilda tushirilgan kosmik fotosuratda ham ko‘cha ochiq turganini ko‘rish mumkin.

Tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining fuqaro Baxtiyor Xolmurodov tomonidan ko‘cha boshida barpo etilgan oshxona noqonuniy ekanligi to‘g‘risidagi xat ham bor.

Biz murojaatni o‘rganishga borgan kunimiz Hanifa Safarova faqat tuman hokimligidan kunlar isiguncha ijroni to‘xtatib turishni so‘rab, yugurib yurgan ekan. Aslida bu sudlashadigan muammo ham emas, murosai madora bilan hal qilsa bo‘ladigan ish edi. Mahalla fuqarolar yig‘ini ma'lumotnoma (spravka) sotadigan tashkilot emas, aynan mana shanday masalalarni hal qilish uchun tuzilmaganmidi? Shunday nizo borligi sabab H.Safarovaning uyi amnistiya bo‘yicha hujjatlashtirib berishdan ham qolib ketdi.

Bu yerda yuzaki emas, adolatli qaror qabul qilish kerak. Bu arzimas ish emas, aslo. Kerak bo‘lsa tuman hokimi, sektor rahbarlari borib, sinchiklab o‘rganadigan masala. Chunki sudda da'vogar aynan tuman hokimligi bo‘lgan. Ayni paytda, bizningcha eng to‘g‘ri yechim — B.Xolmurodovning uyi ortidan o‘tgan yo‘lning ochilishi bo‘lar edi. Agar, M.Xoliqov o‘z jigarlarining uyini buzish emas, o‘zini yo‘lsiz qoldirgan insonni sudga bersa insofdan bo‘lar edi. Lekin u o‘z akasining uyini buzdirishni maqsad qilgan ko‘rinadi…

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: