So‘rov: O‘zbekistonliklar «O‘lmas polk» o‘rniga qatag‘on qurbonlari xotirasi uchun aksiyalar o‘tkazilishini istashadi

Jamiyat 18:20 / 11.05.2019 17342

9 may — Xotira va qadrlash kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida «O‘lmas polk» tadbirlari o‘tkazildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon va Chirchiq shaharlarida «O‘lmas polk» tadbirlari o‘tkazilgani, ularda rus millatiga mansub bo‘lgan o‘zbekistonliklardan tashqari o‘zbeklar ham ishtirok etishgani, ular qo‘llarida marhum qarindoshlarining suratlarini ko‘tarib, ko‘ksilariga Georgiy lentalari olib, ko‘chalar bo‘ylab yurib o‘tganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan «Birodarlik qabristoni»da ham «O‘lmas polk» tadbiri o‘tkazildi, lekin tashkilotchilarning qabristondan Mustaqillik maydonigacha marsh qilib borish rejasi amalga oshmadi - shahar hokimligi «jamoatchilik tartibini buzmaslik va shahar yo‘llarida harakatlanishga xalaqit qilinmasligi» uchun ommaviy tadbir keng miqyosda o‘tkazilishiga ruxsat bermagan.

9 may kuni Toshkent shahrida qizil bayroqlar ilingan avtomobil harakati ham kuzatildi.

Qayd etish kerakki, shu kuni bir guruh o‘zbek ziyolilari «Birodarlik qabristoni»dagi «O‘lmas polk» aksiyasiga muqobil tarzda sovetlar tuzumi qatag‘oni qurbonlari Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Maryam Sultonmurodova, Olimjon Qodiriy, Usmon Nosir va Fayzulla Xo‘jayev kabi istiqlolchilik harakati namoyondalarining suratlarini ko‘tarib aksiya uyushtirishdi.

Eslatib o‘tamiz, 1999 yilning 2 martida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 9 may kunini G‘alaba kuni emas, Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlanash haqidagi farmonini imzolagandi.

«Urush faxriylari, ishtirokchilari va urushda Qurbon bo‘lganlarning oilalaridan tushayotgan ko‘plab iltimosnomalarni, xalqimizning, jamoat tashkilotlarining bildirayotgan xohish-irodasini inobatga olib, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok bo‘lganlarning, mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan O‘zbekistonning barcha o‘g‘lonlari xotirasini abadiylashtirish muhimligini nazarda tutgan holda, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e'tiborini yuksaltirishga yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan barcha kishilarning hurmatini joyiga qo‘yish maqsadida 9 may Xotira va qadrlash kuni deb e'lon qilinsin», deyiladi farmon matnida.

Bundan tashqari, hujjatda Xotira va Qadrlash kunining umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishini ta'minlash barcha davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarining, idora va korxonalarning birinchi galdagi vazifasi, barcha O‘zbekiston fuqarolarining or-nomus, vijdon ishi va an'anaviy burchi deb belgilangan.

«Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, bor kuch-quvvatini ayamagan biror bir faxriy, biror bir kishi unutilmasligi kerak. Ularning har biriga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilishi shart», deyilgan farmon matnida.

Qayd etish kerakki, ko‘plab o‘zbekistonliklar «O‘lmas polk» o‘rniga qatag‘on qurbonlarini xotirlash aksiyalari o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan.

Telegramdagi «Sizning fikringiz» (Vashe mneniye) kanalida o‘tkazilgan so‘rovnomada respondentlardan shunday aksiyalar o‘tkazilishi joriy etilishiga qanday munosabatda bo‘lishlari so‘ralgan.

So‘rovnomada 4229 nafar kishi ishtirok etgan, ularning 52 foizi «O‘lmas polk» o‘rniga qatag‘on qurbonlari xotirasi uchun aksiya o‘tkazilishini ma'qullagan. Shu bilan birgalikda, so‘ralganlarning 15 foizi bunday aksiyaga qarshi ekanini, 22 foizi har ikki aksiya ham o‘tkazilaverishiga qarshi emasligini bildirishgan. 11 foiz kishi esa bu masalaga befarqligini ayon etgan.

Ma'lumot uchun, 1937-1939 yillarda O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi «uchlik»lari tomonidan 41 ming nafardan ortiq kishi qamalgan. Shulardan 37 ming nafardan ortig‘i sudlangan, 6920 kishi otib tashlangan.

O‘sha kunlarda otilgan Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat qatoridagi ziyolilarning xoklari Toshkent shahridagi Yunusobod tumanida joylashgan Oqilota qabristoniga yashirincha, nomsiz dafn qilingan. Mustaqillik yillarida bu qabristonda yodgorlik o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, sovetlar davrida yana minglab o‘zbeklar o‘limiga sabab bo‘lgan boshqa qatag‘onlar ham amalga oshirilgan: 20-yillardagi qatag‘on, «quloqlashtirish» davri, 40-50-yillardagi qatag‘on, 80-yillar oxiridagi qatag‘on - «o‘zbeklar ishi» va «paxta ishi». 

Qatag‘onlar qurbonlarini xotirlash va e'zozlash, xalq ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimizning porloq xotirasini tiklash maqsadida 2002 yil 31 avgust kuni «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi ochilgan. Muzey «Shahidlar xotirasi» maydoni markazida joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: