Past Darg‘om tumani mutasaddilari nihoyat va'dani bajarishdi - Nogironligi bo‘lgan onaning muammosi hal bo‘ldi

Jamiyat 15:11 / 11.05.2019 6012

Kun.uz saytida joriy yilning 23 aprel kuni «Prezident farmoni ijrosida ko‘zbo‘yamachilik qilgan Past Darg‘om tumani mutasaddilari yana bir marta va'da berdi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Unda Past Darg‘om tumani hokimiyati mutasaddilarining ko‘zbo‘yamachiliklari va yolg‘onlaridan jabr chekkan nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaning muammosi ijobiy yechim topmayotgani yoritilgan edi.

Kun.uz bu borada avval ham jurnalistik surishtiruvlar olib borib, ikki farzandning onasi, I guruh nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaga Past Darg‘om tumani hokimligi tomonidan 2017 yil 24 dekabrda ikki xonali uy berilgani, lekin bu uy aslida boshqa fuqaroga tegishli bo‘lgani, uy tegishli tartibda rasmiylashtirib berilmayotgani haqida tanqidiy maqolalar tayyorlagan edi. Har safar tuman mutasaddilari bu masalani paysalga solib, faqat va'dalar bilan cheklanayotgandi.

Mazkur takroriy tanqidiy maqoladan so‘ng nihoyat uy Sevara Nurmurodova nomiga rasmiylashtirib berildi. Bu haqida tahririyatga uning o‘zi bog‘lanib, xabar berdi va hujjatlarning suratlarini taqdim etdi.

«Bugun juda ham xursandman. Nihoyat, uyni nomimga rasmiylashtirib berishdi. Sarsongarchiliklarga chek qo‘yildi. Bu masala hal bo‘lishidan butunlay umid uzgandim. Mayli, shuncha ovora bo‘lsam ham sizlarning yordamlaringiz bilan haqiqat qaror topdi. Muhimi, nogironligim bor bo‘lgan mendek insonlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e'tiborni yana bir bor his qildim», – deydi Sevara Nurmurodova.

Albatta, shuncha vaqt ortga surilsa-da, bu masala bugungi kunda ijobiy yechim topgani quvonarli hol. Ammo Past Darg‘om tumanida Prezident farmoni, qarorlari ijrosiga rahbar va mutasaddilar tomonidan shu kabi panja ortidan qarashlar hamon davom etmoqda.

Ayni vaqtda bu tuman rahbari va mutasaddilaridan norozi bo‘layotgan fermer va tadbirkorlar kundan-kunga ko‘paymoqda. Tahririyatga mazkur tumandan shu mazmundagi kelayotgan murojaatlar ko‘lami ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Barcha murojaatlar navbati bilan o‘rganilmoqda.

Bugungi kunda tuman hokimligi aholi uchun «yopiq darvoza»ga aylangani, biror masalada yordam so‘rab borgan fuqarolar esa eshik oldidagi qo‘riqchining «kerakli» javobini olib ortga qaytayotgani ham  shikoyatlar ko‘payishiga sabab bo‘layotgandir.

Axir, tumanda dardini biror mas'ul tinglamagandan keyin fuqarolar ham boshqa yerga murojaat qilishga majbur. Tuman hokimi esa ularga «yozuvchi» tamg‘asini bosib, muammolarni battar chigallashtirayotgani bugungi zamon talabiga javob bermaydi. Bugungi kun talabi xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqot qilib, ularning muammosini eshitish, imkon bo‘lsa hal etishdir.

Yordam so‘rab kelgan fuqaroga nojoiz so‘zlar aytish, fermer va tadbirkorlarga tazyiq o‘tkazish zamonlari o‘tib bo‘lgan. Hali ham eskicha qarashda ishlayotgan rahbar va mutasaddilar buni o‘z vaqtida anglab yetmog‘i maqsadga muvofiqdir.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: