«Obod qishloq» dasturi doirasida do‘konlari buzilgan tadbirkorlarga murojaatdan keyin yer maydonlari ajratildi

Jamiyat 18:40 / 11.05.2019 10267

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni surxondaryolik tadbirkorning Jarqo‘rg‘on tuman hokimligi va arxitektura xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgilgan murojaatini o‘rgandi.

O‘rganish davomida Jarqo‘rg‘on tuman Kakaydi qo‘rg‘oni «Neftchilar» va «Bobur» mahallalarida 2018 yilda «Obod qishloq» davlat Dasturi asosida qurilish va ta'mirlash ishlari olib borilishi oqibatida tadbirkorlar egalik qilgan savdo do‘konlari buzilgani aniqlangan.

«Jarqo‘rg‘on tuman arxitektura va qurilish bo‘limining 2019 yil 4 may kuni bergan 93-sonli xatida keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda buzilgan do‘konlarning yer maydoniga teng miqdorda tomonlar kelishuviga ko‘ra Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori asosida savdo do‘konlari qurish uchun yer maydonlari ajratilgan», deyiladi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani arxitektura va qurilish bo‘limiga yo‘llangan xatda.

Tadbirkorlar ham muammo hal qilib berilgani uchun tushuntirish xatlari yozib berishgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyi oxirida Kun.uz saytida «Jarqo‘rg‘onda «Obod qishloq» dasturi amalga oshirilgach, tadbirkorlar nimadan norozi bo‘lishdi?» sarlavhali material e'lon qilingan, unda Kakaydi markazida bunyod etilayotgan masjid qurilishida yo‘l chetida barpo etilgan do‘konlar buzilgani, yigirmadan ziyod tadbirkorga ular o‘z do‘konlariga barcha hujjatlarga ega bo‘lishsa ham, shu paytgacha zararlar to‘lab berilmagani, yangi do‘konlar qurish uchun yer ajratilmagani haqida bayon qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: