“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Taqvo va ixlos”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni “Mirzo Yusuf” jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy sharhlab berdi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
No‘'mon ibn Bashir (r.a) rivoyat qiladilar:
“Rasululloh salollohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Halol ham, harom ham ochiq oydin. Ammo bulardan tashqari, ko‘pchilik bilmaydigan shubhali narsalar ham bor. Halol va haromning orasida. Kim shubhali narsalardan saqlansa, o‘z dini va sha'nini saqlagan bo‘ladi. Kim shubhali ishlarni qilsa, haromga yaqinlashadi. (Go‘yoki, bir ekinzorning atrofida mol boqqan odam, o‘sha ekinzorga tushib ketish xavfida doim bo‘ladi). Har bir podshohning o‘z chegarasi bo‘ldi. Allohning chegarasi harom qilingan ishlardir. Ogoh bo‘linglar! Odam tanasida bir parcha et bor. Agar u tuzalsa, butun a'zolar sog‘lom bo‘ladi. Agar o‘sha bir parcha et buzuq, fosiq bo‘lsa, butun a'zolar buziladi. U bir parcha et – qalbdir”.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.
Darhaqiqat, Islom ummatiga Qur'oni karim, Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlari orqali halol va harom narsalarning farqi bayon qilib berilgan. Faqatgina halol va harom orasida ko‘pchilik odamlar bilmaydigan shubhali narsalar bo‘ladi. Ko‘rinishidan go‘yo halolga o‘xshaydi, ichkariga kirib borilsa, haromligi oydin bo‘ladi. Yoki ba'zan teskarisi ham bo‘lib qolishi mumkin. Ana shu shubhali narsalarni odamlarga ajratib beradiganlar, ahli ilmlar bo‘ladi.
Kimda kim shubhali narsalarni qilsa, ulardan yiroqlashmasa, o‘zining dini va sha'nini yerga urgan bo‘ladi. Chunki shubhali narsalarni qilgan odam haromga yaqinlashgan bo‘ladi. Sha'nini yerga urish qanday bo‘ladi? Shubhali narsalardan tiyilmaydigan odam boshqalarda ham shubha uyg‘otadi.
Insondagi barcha a'zolarning o‘z vazifasi bor. Ammo ularning barchasi qalbga bo‘ysunadi. Arab tilida yurak ham qalb deyiladi. Iymon joylashgan joy ham qalb deb ataladi. Agar qalbda kir bo‘lmasa, u Alloh hozir bo‘ladigan joy bo‘ladi. O‘sha qalb pokiza, sog‘lom, iymonli bo‘lsa, butun a'zolar unga bo‘ysunadi.