Rossiyada o‘zbekistonlik talaba qo‘lga olindi. TIV rasmiy ma'lumot berdi

Jamiyat 08:39 / 10.05.2019 40439

2019 yilning 2 may kuni OAVda Rossiya gidrometerologiya universiteti 2-bosqich talabasi, O‘zbekiston fuqarosi M.Yo‘ldoshevning qo‘lga olinganligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. 

TIV xabariga ko‘ra, M.Yo‘ldoshev ishlash uchun ruxsatnoma (patent) olmay kechki vaqtda gipermarketda sotuvchi bo‘lib ishlagan. 30 aprel kechasi xaridorga ustaraning qanday ishlashini ko‘rsatayotganda, ustara uchi chiqib ketgan va xaridor ko‘ziga tekkan. Xaridorni kasalxonaga, hamyurtimizni qo‘lga olib politsiya bo‘limiga olib ketishgan.

Tuman sudida M.Yo‘ldoshevga 5000 rubl miqdorida jarima belgilash va Rossiya hududidan ma'muriy chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ayni paytda M.Yo‘ldoshevga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 291-modda 3-bandi (mansabdor shaxsga pora berish) bo‘yicha jinoiy ish ham tekshirilmoqda.

2 may kuni mazkur vaziyat mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatishicha, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk oblasti, Kaliningrad oblasti, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad oblasti, Murmansk oblasti, Nenets avtonom okrugi, Novgorod oblasti, Pskov oblasti, Sankt-Peterburg shahri, Vologda oblasti) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.

Ko‘proq yangiliklar: