Farg‘onada bir kunda 5 ta yangi maktabgacha ta'lim muassasasi ochildi

Jamiyat 17:51 / 10.05.2019 12266

2017 yilning 30 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur huquqiy asosga ko‘ra, maktabgacha ta'lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta'lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 dekabrdagi Maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisida ham bu borada mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim sifati – ertangi kunimizni hal qiladigan masala. Maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish faqatgina yangi tashkil etilgan vazirlikning vazifasi emas, barchamizning eng muhim vazifamiz bo‘lishi kerak”, degan so‘zlarini dasturga aylantirgan farg‘onaliklar qo‘shaloq bayramlar arafasida yana bir ishga qo‘l urishdi.

Farg‘ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi hamda shahar va tumanlardagi bo‘limlari tomonida maktabgacha ta'lim sohasida qabul qilinayotgan qarorlar ijrosini ta'minlash, davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini yangidan ta'mirlash  hamda viloyatda nodavlat ta'lim muassasalarini tashkil etish yuzasidan bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 795 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasalari, 337 ta (nodavlat, davlat hususiy sherikchilik, oilaviy) maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyat yuritib kelmoqda. Viloyatdagi ushbu ta'lim muassasalarida jami 117202 nafardan ortiq 3-7 yoshli bolalar qamrab olinib sifatli ta'lim-tarbiya olib kelmoqdalar. Farg‘ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan, nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish maqsadida har bir tuman, shaharlarda nodavlat, oilaviy hamda davlat xususiy sherikchilik asosidagi ta'lim muassasalari tashkil etish ishlari jadal sur'atlar bilan olib borilmoqda.

Joriy yilning 6-7 may kuni Farg‘ona viloyatida 1 ta  Davlat xususiy sheriklik asosida yangi ta'lim muassasasi, 2 ta yangi davlat maktabgacha ta'lim muassasasi qurib topshirilgan bo‘lsa, 2 ta ta'lim muassasasi yangidan ta'mirlanib foydalanishga topshirildi. Uchko‘prik  tumanidagi Tojik mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Qo‘qonboy qishlog‘ida Davlat-xususiy sherikchilik asosida "Cheerful Kinder Garden" nomli nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etildi va tumandagi  yosh tadbirkor K.Ismoilova  boshchiligida faoliyatini boshladi. Ushbu ta'lim muassasasi qishloqdagi oilalarga ulkan quvonch olib kelganini tadbirda ishtirok etgan onaxonlarning ko‘zlarida aks etgan quvonchdan ham ko‘rish mumkin. Viloyat hokimining tashabbusi bilan ushbu qishloqdagi 30 nafar kam ta'minlangan oila farzandlarining bepul tarbiyalanishi tashkil etildi. Quvvati  120 o‘rinli bo‘lgan mazkur nodavlat muassasaga Uchko‘prik tuman hokimining 2018 yil 24-fevraldagi 394-sonli qarori bilan tuman zahirasidagi yer maydonidan 5000 kv.metr joy ajratilib, Maktabgacha ta'lim Vazirligi hamda tadbirkor o‘rtasida 2018 yil 10 iyulda 0163/12-son bilan bitim tuzilgan. Bitimga asosan qurilish uchun 4mlrd 960 mln.so‘mlik loyiha smetasi tayyorlangan bo‘lib, shundan 3 mlrd 720 mln. So‘m imtiyozli kredit  mablag‘i hisobidan, qolgan 1 mlrd 240 mln.so‘m mablag‘ tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobidan qurilib foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Uchko‘prik tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi tasarrufidagi Farovon mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Yoyilma qishlog‘ida joylashgan 1970 yilda qurilgan 28-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi. Moslashtirilgan binoda joylashgan bo‘lib, mazkur davlat maktabgacha ta'lim muassasasi 2018 yil Davlat Investitsiya dasturi asosida yangidan ta'mirlanib foydalanishga topshirildi. 

Marg‘ilon shahar “Kosibchilik” mahalla fuqarolari yig‘inida “Sohib Trans” qurilish firmasi tomonidan 6 milliard 105 million so‘mlik qurilish ishlari olib borilib, Marg‘ilon shahridagi 38-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi yangidan barpo etildi.Marg‘ilon shahrida barpo etilgan zamonaviy, qulay sharoitlarga ega bo‘lgan muassasaning tashkil etilganligi, ushbu muassasaga xududdagi 160 nafar 3-7 yoshli bolalarni qamrab olinishi, bundan tashqari 40 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilganligi, bu bilan aholi bandligini ta'minlash imkoniyati paydo bo‘lganligi, xududdagi fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratilganligini e'tirof etishdi. Shundan so‘ng mehmonlar yaratilgan shart-sharoitlar va bajarilgan ishlar bilan tanishishdi. Maktabgacha ta'lim vaziri tomonidan pedagog xodimlarga ko‘rsatma va maslahatlar berildi.

Shuningdek, Qo‘shtepa tumanidagi 36-davlat maktabgacha ta'lim muassasasi ham yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.

Farg‘ona shahar harbiy gornizon xududida “Farg‘ona kristall” qurilish firmasi tomonidan 61-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi qurib bitkazildi. Muassasani qurish ishlariga 6 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflandi. Ushbu muassasa xududdagi 160 nafar 3-7 yoshli bolalarni qamrab oldi va bundan tashqari 40 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi. Yuqoridagi ochilish marosimlarida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri A.V.Shin, vazir o‘rinbosari S.T.Turg‘unov, Farg‘ona viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarma boshlig‘i Yu.M.Xodjayeva, Uchko‘prik tumani hokimi A.A.Maxmudaliyev, Qo‘shtepa tuman hokimi I.Novikov, Marg‘ilon shahar hokimi M.Ubaydulloyev, Farg‘ona shahar hokimi X.Xabibiddinovlar  ishtirok etdi. Bolalarda o‘qishga qiziqishni hamda o‘qishga intilish hissini uyg‘otish; bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun integral ta'limni tashkil etish; shaxsga yo‘naltirilgan ta'lim-tarbiyani amalga oshirish; bolalarni xalqimizning an'analari asosida tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish; bolalarni maktabda o‘qishga tayyorlashda ularning ota-onalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish hamda ota-onalarga amaliy jihatdan ko‘maklashish; bolalarda ijtimoiy-kommunikativ, axloqiy, estetik sifat va salohiyatlarni uyg‘otish hamda rivojlantirish; bolalarni sog‘lom turmush tarzi bilan tanishtirish; bolalarda mustaqillik, mas'uliyatlilik, tashabbuskorlik xislatlarini shakllantirishga qaratilgan ijobiy ishlar viloyatning barcha tumanlarida davom ettirilmoqda.

Shundan so‘ng 9 may xotira va qadrlash kunini nishonlash maqsadida viloyatning barcha tuman va shaharlarida maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilar va hodimlari ishtirokida joylarda bayram tadbirlarini uyushtirilib, urush qatnashchilari va vatan oldidagi xizmatlarini bajarishda vafot etgan xodimlarning oilalari holidan xabar olindi. Maktabgacha ta'lim boshqarmasi va viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirlar barchada iliq taassurotlar qoldirdi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: