Qashqadaryoda urush qatnashchilariga ehtirom ko‘rsatilmoqda

Jamiyat 19:03 / 09.05.2019 7008

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyatidagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinib, ularga prezident nomidan pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar hamda davlat va jamoat tashkilotlarining esdaliklari topshirilmoqda. 

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan 66 kishi hayot kechirmoqda.

Urush qatnashchilarining xonadonida harbiy orkestr, viloyat san'at ustalari, yosh ijrochilar tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar, turli millatlarning milliy raqslari yig‘ilganlarga zavq-shavq ulashdi.

«Meni frontga kuzatayotgan yaqinlarimning yuzidagi iztirobni yaxshi eslayman. O‘sha vaqtlari yillar o‘tib mana shunday tinch, farovon, inson rohat-farog‘atda yashaydigan kunlar kelishini kim tasavvur qilibdi, deysiz. Doimo yurtimizning tinchligini o‘ylayotgan, farzandlarimizning baxtli, saodatli hayot kechirishini ta'minlab berayotgani uchun Prezidentimizga ming bora rahmat aytaman. Biz urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan bunday e'tibor va ehtiromdan boshim ko‘kka yetdi», – deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ro‘zi bobo Soatov.

Viloyatda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alarini topshirish marosimlari davom etmoqda. Shuningdek, mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham urush qatnashchilari xonadonlariga tashrif buyurib, ularga o‘zlarining esdalik sovg‘alarini topshirishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: