Kun hadisi: Birovlar ustidan muhokama qilishga haqqimiz yo‘q

Jamiyat 18:45 / 09.05.2019 19505

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Yaralish, o‘lim va rizq”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni “Mirzo Yusuf” jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy sharhlab berdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Abdulloh ibn Mas'ud (r.a) dan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar (U zot holbuki eng rostgo‘y, eng ishonchli inson edilar): Shubhasiz sizlardan har biringiz ona qornida yaratiladi. Qirq kunda to‘planib, yaxlit holga keladi. Yana shuncha vaqt o‘tgach, laxta qonga va yana shuncha vaqtdan keyin bir parcha et holatiga keltiriladi. Keyin bir farishta yuboriladi. Unga jon ato qilinadi. (Ya'ni, shu muddat to‘rt oy o‘n kunni egallagan bo‘ladi. Demak ana shu muddatdan so‘ng, Alloh taolo homilaga jon ato qiladi).

Farishtaga yana to‘rtta narsa buyuriladi. U kishini rizqini, ajalini, amalini va yomon yoki aziz bo‘lishini yozadi. Yolg‘iz Allohga qasamki, biringiz umri hatto u bilan jannat orasida bir arshin masofa qoladi. (Bir arshin – 71 sm.ga to‘g‘ri keladi. Bu yerda aynan shuncha qoladi emas, majoziy ma'noda yaqin qoladi, degan ma'noda kelmoqda). Ammo taqdir qarshisida chiqadi-da, unga ahli jahannamning amalini qildiradi va u do‘zaxga kiradi.

Va yana biringiz umri davomida ahli do‘zaxning amalini qilib boradi. Hatto u bilan do‘zaxning orasida bir arshin masofa qoladi. Taqdir uning ham qarshisidan chiqib, unga ahli jannatning amalini qildiradi va u jannatga kiradi”.

Bu hadisni Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyat qilganlar.

Bu hadisi sharif inson ona homilasida paydo bo‘lishini vasf qilmoqda. Bundan 14-15 asr muqaddam aytilgan ma'lumotlar endigina o‘z ilmiy isbotlarini topmoqda. Alloh taolo o‘zining qudrati, ilmi bilan ona qornidagi bir parcha etga shakl beradi, unga surat beradi. Uning ichiga ichki a'zolarini joylashtiradi va uni o‘stirib, rivojlantirib boradi. 

Eng muhimi unga jon olib borgan farishtaga yana to‘rtta vazifa ham yuklanar ekan. O‘sha vazifalar bandaning rizqi, bandaning taqdiri, uning amali va uning yomon yoki aziz bo‘lishi kabilardir. Ya'ni, inson dunyoga kelmasidan turib, uning baxtli yoki baxsiz bo‘lishi, rizqi, ajali, barcha-barchasi bitib qo‘yilar ekan.

Bu hadisning yana bir ma'nosi shundaki, u bizni birovlar ustidan muhokama qilishga haqqimiz yo‘qligini o‘rgatadi. Birovga mutlaq jannatiysan, mutlaq do‘zaxiysan, deyishga haqqimiz yo‘qligini anglatadi.

Ko‘proq yangiliklar: