Kattaqo‘rg‘on shahri yanada obod hududga aylanmoqda

Jamiyat 16:18 / 09.05.2019 5285

Respublikada yangi bosqichda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on shahrida ham o‘z aksini topib bormoqda.

Xususan, shaharning 2018 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qiladigan bo‘lsak, hududiy dasturlar asosida jami 65 ta loyiha amalga oshirildi va 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari hiosbidan 61,1 mlrd, tijorat bank kreditlari hisobidan 30,6 mlrd so‘m va xorijiy investitsiyalar hisobidan 800,0 ming AQSh dollarlik mablag‘lar o‘zlashtirildi.

Shundan sanoat yo‘nalishidagi 22 ta loyihaga 70,3 mlrd, xizmat ko‘satish va servis yo‘nalishidagi 43 ta loyihaga 23,7 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi va hududiy dastur ijrosi ta'minlandi. Buning natijasida mahalliy budjetga qo‘shimcha jami 5,5 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushirildi.

Shuningdek, yangi turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi orqali eksport salohiyati yanada oshirilib, shaharning eksport geografiyasi kengaytirildi va eksport ko‘rsatkichi qariyb 2,0 mln AQSh dollarga yetkazildi.

Joriy yilda ham ushbu chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.

Kattaqo‘rg‘on shahrida 1991 yildan buyon yangi ko‘p qavatli uy-joylar qurilmagan.  Ayni vaqtda shahar hududida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari ham jadallik bilan olib borilmoqda.

2018 yilda kam ta'minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun «A.Temur» va «Go‘zalkent»  mahallalarida  2 tadan 5 qavatli uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi.

Ingichka qo‘rg‘onidagi ta'mirtalab bo‘lgan 17 ta ko‘p qavatli uy sud orqali shahar hokimligi balansiga o‘tkazildi va ta'mirlash bo‘yicha loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilib, bugungi kunda ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Mazkur ko‘p qavatli uy ta'mirlanishi natijasida Ingichka qo‘rg‘onidagi avariya holatda bo‘lgan 3 ta 2 qavatli uyda yashovchi 24 nafar oilalar yangidan ta'mirlangan uylarga ko‘chiriladi, qolgan 16 tasi kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, uy-joyga muhtoj fuqarolarga ajratib berilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston ko‘chasi atrofida 2 ta va Bobur ko‘chasi atrofida 1 ta arzon ko‘p qavatli uy-joylar qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lib, ushbu uylar  2019 yilning avgust oyida foydalanishga topshirilishi belgilangan.

Shahar hududidagi ichki va xo‘jaliklararo yo‘llarni ta'mirlashga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. 2018 yilga qadar shahar yo‘l qurilish tashkiloti bo‘lmagan. Shahardagi yo‘llarni ta'mirlash Kattaqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan amalga oshirilib kelingan. 2018 yildan boshlab shaharda Kattaqo‘rg‘on yo‘llardan foydalanish korxonasi tashkil etildi. Ushbu korxona tomonidan shahardagi yo‘llarni ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur korxona hozirda barcha turdagi zarur texnikalar bilan ta'minlangan.

2018 yilgi dastur doirasida 9,6 km ichki yo‘llarda ta'mirlash uchun 1,3 mlrd so‘m mablag‘lar sarflandi. Joriy yilda Forobiy ko‘chasida 2,0 km,  Qo‘shchinor ko‘chasida 2,08 km, U.Barnoyev ko‘chasida 4,0 km va «Obod mahalla» dasturi asosida 11,1 km va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 1,0 km, jami 20,1 km yo‘llar ta'mirlanishi belgilangan bo‘lib, bu ishlar ayni vaqtda jadal sur'atlarda olib borilmoqda. Bundan tashqari, 2019 yilgi dastur asosida respublika budjeti mablag‘lari hisobidan kamida 2,0 km ichki xo‘jaliklararo yo‘llarni ta'mirlash belgilangan.

«Shahar hududida ijtimoiy soha obektlarini qurish va ta'mirlash bo‘yicha qator loyihalar belgilanib, hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Xususan, 2018 yilgi investitsiya dasturiga asosan shahar tibbiyot birlashmasi hududidan 100 o‘rinli tug‘ruq kompleksi va 7 ta maktabgacha ta'lim muassasasi ta'mirlanib, yangidan foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, xususiy sherikchilik asosida 20 ta nodavlat maktagacha ta'lim muassasasi tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 4 tasi joriy yilda foydalanishga topshiriladi. Natijada, shahardagi maktabgacha yoshdagi bolalarning maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrovi darajasi 78,9 foizga yetkaziladi.

Viloyat hokimi E.Turdimov tashabbusi va ko‘magi bilan Ingichka qo‘rg‘onida tibbiy sanitariya bo‘limi binosi ta'mirlanmoqda», – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Muzaffar Xashimov.

Kattaqo‘rg‘on shahrida Prezidentning «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ijrosini ta'minlash bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarini barpo etish hamda shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida doimiy ishlovchi shtablar tashkil qilingan.

Bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on shahrida 4,8 ga yer maydonida zamonaviy istirohat bog‘i barpo etilib, shahar qiyofasiga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Mazkur istirohat bog‘iga  «Billur baraka» MChJ tomonidan Xitoydan 15 turdagi katta, 7 turdagi kichik attraksionlar keltirilib, o‘rnatilgan. Shuningdek, bog‘ hududidan bugungi kunda savdo majmuasi qurish ishlari, akvapark va mehmonxona qurish ishlari olib borilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Kattaqo‘rg‘on shahri bugungi kunda yanada obod hududga aylanmoqda.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: