Barcha yo‘llar Angliyaga olib boradi. Nega YeChLda inglizcha final ko‘ramiz?

Sport 18:55 / 09.05.2019 25602

Chempionlar Ligasi yarim finalining birinchi o‘yinlari o‘tkazilganidan so‘ng deyarli hech kim ingliz jamoalari finalga chiqa olishiga ishonmayotgandi. Muxlislar «Barselona» va «Ayaks» o‘rtasidagi finalning ssenariysini taxmin qilishni ham boshlab yuborishdi. Ammo ikki ingliz klubi butun Yevropa futbolining «oyog‘ini osmondan qilib yuborishdi». APLning qolgan chempionatlardan ilgarilab ketgani nihoyat xalqaro maydonda ham samara bera boshladi. 7 yillik tanaffusdan YeChL bosh sovrini Angliyaga ketadi. Quyida «Liverpul» va «Tottenhem» nimaning evaziga Chempionlar Ligasi finaligacha yetib kelishgani haqida fikr yuritamiz.

Premer-Ligadagi total o‘sish

«Liverpul» ketma-ket ikkinchi marta Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. O‘tgan mavsumda Klopp jamoasining finalga borishida APLning hissasi haqida gapirish qiyin edi, chunki «Liverpul»ning o‘zi mavsumni juda yaxshi o‘tkazgandi. Muhammad Salohning o‘yini ochilib ketgani ham asosiy omillardan biriga aylangandi. Ammo bu mavsumda ikkita finalchi ham APLdan. Bu esa chempionatning oxirgi yillardagi o‘sishi klublarning xalqaro natijalariga ham ijobiy ta'sir qila boshlaganini ko‘rsatadi.

APL kuchlimi yoki La Liga degan savol ko‘p yillardan buyon muhokama qilinadi. Qiziqarliligi jihatidan Angliya Premer-Ligasiga teng keladigan chempionat yo‘qligini ko‘pchilik tan oladi, ammo natijalar borasida APLning La Liga oldida «tili qisiqroq» edi. Endilikda Angliya Premer-Ligasini rasman dunyoning tengsiz ligasi deb atash mumkin. Kamida bu mavsumda.

Qanotli «Liverpul»

«Liverpul» Kataloniyadagi birinchi o‘yindan so‘ng juda mushkul ahvolga tushib qolgandi. Ayniqsa Messi o‘yin oxirida jarima nuqtasidan urgan gol Klopp jamoasiga jiddiy ruhiy zarba bo‘lgandi. Yetmaganiga javob bahsida Muhammad Saloh va Roberto Firmino jarohat sabab o‘ynay olishmadi. Xullas, hamma narsa go‘yoki «Liverpul»ning zarariga ishlayotgandi. Biroq birgina fakt «Liverpul»ning javob o‘yinidan oldin imkoniyatlarini saqlab qolayotgandi: jamoa murabbiyi Yurgen Klopp ekani! O‘yindan so‘ng futbolchilarini bitta-bitta quchoqlaydigan, hammaga pozitiv kayfiyat ulashadigan Klopp futbolchilari maydonda «o‘lib tirilishi» uchun nima deyish kerakligini biladi.

Kataloniyadagi o‘yindan so‘ng «Barselona» futbolchilari bilan ham ko‘rishgan, o‘z jamoasini tor-mor qilgan Messiga nimalardir deb, uning ham kayfiyatini ko‘targan Kloppning mardligi taqdirlanishi kerak edi! Shunday bo‘ldi ham. Bilasizmi, maydonda Saloh va Firmino bo‘lganida balki «Liverpul»ning kambeki amalga oshmasdi. Ular borligida futbolchilar xohlashadimi yo‘qmi, jamoasining yetakchisiga aylangan bu yigitlarga ishonib qolgan bo‘lishardi. «To‘pni ularga oshiraman, nima qilishni o‘zlari bilishadi» degan xulosa instiktiv tarzda xayollaridan o‘tgan bo‘lardi.

Saloh va Firminoning yo‘qligi, birinchi o‘yindagi yirik mag‘lubiyat, Messining jarima zarbasi, Suares va Koutino kabi sobiq yetakchilarning raqib jamoasi safida o‘ynayotgani – hamma-hammasi «Liverpul» futbolchilarining jahlini chiqargani aniq. Salbiy faktlardan ham adrenalin ola bilgan Klopp shogirdlari «Barselona»ni ko‘rdim demay o‘tib ketishdi.

Yuqorida Koutino va Suaresning «Barselona»da o‘ynayotgani ham «Liverpul» futbolchilarining kayfiyatiga ta'sir qilgani haqida aytdik. Shu haqda ikki og‘iz. Suares ham, Koutino ham bitta sabab bilan «Liverpul»dan ketishgan: kuchliroq jamoa safiga o‘tish uchun. Vaholangki, har ikki futbolchining qolishini muxlislar juda xohlashgandi.

«Liverpul»ning hozirgi futbolchilari esa jamoalarini kichkina deb hisoblab ketgan Suares va Koutinoga «ko‘rsatib qo‘yish uchun ham» ikki hissa yaxshiroq o‘ynashdi. Suares va Koutino ketgan vaqtda «Barselona» chindan Yevropaning eng zo‘ri bo‘lgandir, lekin endi bunday emas. Hozir «Liverpul» ikki yildan buyon YeChL finaliga chiqayotgan klub, «Barselona» esa 4 yildan buyon finalga chiqmagani yetmaganidek ketma-ket uch marta azaliy raqibi «Real»ning Yevropada tengsiz bo‘lganini hazm qilishga majbur klub.

«Liverpul» birgina o‘yinda futbol taxtiga qaytishiga deyarli hech kim shubha qilmayotgan «Barselona»ni dunyodagi eng omadsiz klubga aylantirib qo‘ydi. Ahvol shunchalikka bordiki, «Barselona»dagilar Valverdening iste'fosi haqida o‘ylay boshlashdi. Tayanch yarim himoyachisi va butun mavsumni zaxirada o‘tkazgan hujumchilar bilan yutib ketdi «Liverpul» Messisi bor jamoani.

Yuqorida «Liverpul»ni qanotli jamoa deb atadik. Chunki Klopp jamoasining qanotlari to‘xtatish juda qiyin bo‘lgan chiziqqa aylangan. Endryu Roberson va Trend Aleksandr-Arnold kabi yugurish bo‘yicha musobaqalarda ham bemalol qatnasha oladigan qanot himoyachilari uncha-muncha raqibni ko‘rdim demaydi. «Barselona» darvozasiga urilgan 4ta goldan uchtasi aynan qanotdan uyushtirilgan hujumlardan so‘ng yuzaga keldi.

Bir safar Shaqiri chap qanotdan golli uzatmani amalga oshirdi. Ikkita gol esa Trent Aleksandr-Arnoldning uzatmalaridan so‘ng urildi. Ayniqsa hal qiluvchi golda Trent xuddi 20 yildan buyon yuqori darajada futbol o‘ynab yurgan futbolchilardek harakat qildi. Burchak to‘pini bunday amalga oshirishni ko‘pchilik birinchi marta ko‘rdi. Ana shunday super qanot himoyachilariga ega «Liverpul» bu ustunligidan ajoyib tarzda foydalanmoqda.

Qanotdan uyushtiriladigan hujumda hech qanday ekstroordinar narsa yo‘q. Qanot futbolchisi shunchaki yuguradi va kerak vaqtda bir-ikkita fint qiladi. Hammasi juda oddiy, lekin uni to‘xtatish qiyin. Linekerning zo‘r gapi bor. Bu gapni «Lester» Angliya chempioni bo‘lgach aytgandi: «Futbolda eng qiyin ish eng oddiy ishni to‘g‘ri qilishdir». «Liverpul» mana shuni epladi.

Murabbiy jamoalari

«Liverpul» va «Tottenhem»ni bir jihat bog‘lab turadi. Bu ularning haqiqiy murabbiy jamoasi ekanligi. Pochettino ham, Klopp ham o‘z jamoasida juda ajoyib muhitni yuzaga keltirgan. Eng asosiysi, ular futbolchilar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishadi. Agar bu ikki klub murabbiy jamoasi bo‘lmaganida, finalga chiqa olmagan bo‘lardi. «Tottenhem»da Harri Keyn, «Liverpul»da esa Muhammad Saloh jarohati sabab maydonga tusha olmaganiga qaramay, ikki klub ham super kambeklarni amalga oshirdi.

Murabbiy jamoasi hisoblanmagan «Real» va «Barselona» (bu ta'rif Zidanning «Real»iga tegishli emas) Ronaldu yoki Messisiz qanday ahvolga tushganini ko‘rdik. «Real» Ronaldusiz o‘tkazgan ilk mavsumi qo‘rqinchli tush kabi unutilishini xohlamoqda. «Barselona» ham Messi maydonda bo‘lmagani u yoqda tursin, u kayfiyatsiz maydonga tushgan bahslarda o‘ynolmay qoladi. Xuddi «Enfild»da bo‘lgani kabi.

«Tottenhem» joriy mavsumning o‘zida ikkinchi marta Keynsiz qolishga majbur bo‘ldi. Birinchi marta Keyn jarohat olganida jamoa APLdagi muvaffaqiyatsizliklariga yakun yasab, ketma-ket uchta o‘yinda yutgandi. Ikkinchi marta esa Chempionlar Ligasi finaliga chiqib turibdi. Keyn shubhasiz jamoaning yetakchisi. Axir u butun boshli Angliya milliy jamoasi sardori. Shunday bo‘lsa-da, Pochettino jamoasida asosiy inson hisoblanadi. Shu sabab yo‘qotishlar, «quruq o‘tgan» transfer oynalari ham jamoaga deyarli ta'sir qilmayapti.

«Tottenhem» kambeklar kambekini amalga oshirdi

Tan olish kerak, «Tottenhem»ning kambeki «Liverpul»nikidan zo‘rroq bo‘ldi. Chunki «Ayaks» birinchi bo‘limdan so‘ng 2:0 hisobida oldinda borayotgan va inglizlarda deyarli imkoniyat yo‘qdek ko‘ringandi. Pochettino esa o‘yinni o‘zgartirib yubordi va «Tottenhem» o‘yinning ichida kambek qilib tashladi. Argentinalik murabbiyning tavakkal qilishdan qo‘rqmasligini muxlislar ayniqsa yaxshi ko‘rishadi.

To‘g‘ri, «Ayaks» – «Tottenhem» kabi o‘yinlarda taktikadan ko‘ra hissiyot yuqoriroq planga chiqadi, lekin Pochettino taktik yo‘qotishlarsiz tavakkal qilib, o‘yinni qutqarib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda u ikkita taktikaga jiddiy ta'sir ko‘rsatadigan o‘zgarishni amalga oshirdi. Markazda raqib hujumni buzishi kerak bo‘lgan Viktor Vanyama o‘rniga tayanch zonasidan kimdir emas, markaziy hujumchi Fernando Lorente tushdi. Keyinroq esa Kiran Triper o‘rniga Erik Lamela o‘yinga qo‘shildi.

Har ikki zaxirada ham tavakkal qilgan Pochettino bo‘sh joylarni yopishni ham epladi. Vanyama o‘rniga markaziy hujumchi tushgach, markazdagi qora ishlarni qilayotgan Sissokoga o‘yinni hujumda boshlagan Dele Alli ko‘maklashdi. Murabbiy Allining jismoniy holati juda zo‘r ekanidan unumli foydalandi. Alli tayanch zonasini yopish bilan birga Lukasning ikkita golida hujumni boshlab, assistentlik ham qildi.

Triper o‘rniga hujumkor futbolchi tushgach, uning qanotini yana bir jismoniy jihatdan baquvvat futbolchi Sissoko to‘ldirdi. Sissoko va Allining birdaniga ikkita chiziqda o‘ynay olgani «Tottenhem»ning hujumdagi vakillari soni oshishiga sabab bo‘ldi va bu o‘z samarasini berdi. Shu tariqa, «Tottenhem» dahshatli kambekni amalga oshirib, haqli ravishda finalga chiqdi.

Angliya chempionatining har bir turida yetakchi jamoalarning qiynalishi, intriga oxirgi turlargacha saqlanib qolishi, chempionlik uchun oltita jamoa kurash olib borishi, o‘tgan mavsumda zo‘rg‘a ligada jon saqlab qolgan jamoaning chempion bo‘lib ketishi... bularning hammasi bir kun kelib o‘z mevasini berishi kerak edi. Bunaqa shiddatli chempionat vakillari 7 yildan buyon Yevropa futboli taxtiga ko‘tarila olmayotgani muxlislarning dilini xira qilayotgandi. Endi ingliz futboli muxlislari bemalol, kim yutsa ham biz yutamiz, deb Chempionlar Ligasi finalini ko‘rishadi. Inglizcha final Ispaniyada o‘tkazilishida ham bir hikmat bordek.

Darvoqe, bonusiga Yevropa Ligasida ham inglizcha final bo‘lishi mumkin va bu haqiqatga yaqin. «Arsenal» va «Chelsi» Yevropa Ligasi yarim finalining birinchi o‘yinlarida o‘zlari uchun kerakli natija ko‘rsatishgan. Bugun ular final yo‘llanmasini ijobiy hal qilishlari mumkin. Xullas, bu mavsumda «Yevrokuboklar yomg‘iri» inglizlarniki...

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: