Tadbirkorlar mojarosi: Angor tumani hokimligi nega o‘zi tuzgan g‘oliblik bayonnomasini haqiqiy emas deb topmoqda?

Jamiyat 12:44 / 08.05.2019 15337

Kun.uz saytiga Surxondaryo viloyati Angor tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar murojaat qilishdi. Murojaatda opa-singil tadbirkorlar Xalima va Muhabbat Nurqobilova tuman va o‘zlari faoliyat yuritayotgan bozor hududi mutasaddilaridan noroziliklarini ifoda etishgan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ularga qarashli YaTT (yakka tartibdagi tadbirkor) Ergashev Baxtiyor, YaTT Sulaymonov Elmurod tuman markazida qurilayotgan do‘konlardan uzoq yillik ijaraga do‘kon sotib olishni rejalashtirishgan. «BEST RIELTOR» MChJ Surxondaryo mintaqaviy filialida ochiq auksion savdosi tashkil qilinadi va ular bu auksionda qatnashishadi.

O‘tkazilgan auksionda YaTT Ergashev Baxtiyor, YaTT Sulaymonov Elmurod g‘olib chiqishadi. 2017 yilning 5 dekabr sanasida tomonlar ishtirokida g‘oliblik bayonnomasi imzolanadi.

Bayonnomaning xaridor majburiyatlariga diqqat qaratadigan bo‘lsak, u yerda «auksion savdosi g‘olibi savdo o‘tkazilgan kundan boshlab 5 (besh) ish kun muddat ichida sotuvchi «Angor kelajagi» savdo kompleksi MChJ va Angor tumani hokimligi huzuridagi savdo kompleksi qurilishi direksiyasi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolash, imzolagandan so‘ng 30 kun muddat ichida pul to‘lovlarini qurilish tashkiloti Angor tuman hokimligi huzuridagi savdo kompleksi qurilishi direksiyasining hisob raqamiga to‘liq to‘lash shartlari yuklatiladi» deyilgan.

Bayonnomaga ko‘ra, avval 5 (besh) ish kun muddat ichida sotuvchi «Angor kelajagi» savdo kompleksi MChJ va Angor tumani hokimligi huzuridagi savdo kompleksi qurilishi direksiyasi bilan oldi-sotdi shartnomasi imzolanishi nazarda tutilgan. Shartnoma imzolanganidan keyin 30 kun ichida do‘konni ijaraga olish huquqi narxini «tiyin-tiyinigacha to‘lab qo‘yish» belgilangan.

Xaridorlar shartnoma imzolanmagach, pulga kuyib qolishdan qo‘rqib uni o‘tkazishmagan. Shundan so‘ng, ma'lum vaqt o‘tib do‘konlar boshqa tadbirkorlarga berib yuboriladi. Hozirda bu katta muammoga aylangan. Orada bu ishlar bir necha marta iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan. Tuzilgan bayonnomani bekor qilishni so‘rab qilingan da'volarda YaTT Ergashev Baxtiyor, YaTT Sulaymonov Elmurod g‘olib chiqishgan.

Izoh olish maqsadida, «Angor kelajagi» savdo kompleksi MChJ vakillari va tuman hokimligiga murojaat qildik. Jamiyat vakili O‘ktam Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, rostdan ham YaTT Ergashev Baxtiyor, YaTT Sulaymonov Elmurod auksionda g‘olib chiqishgan. 18-pavilondagi 31-sonli va 19-pavilondagi 10-sonli do‘konlar ularga berilgan. 2017 yil 5 dekabr sanasida tadbirkorlar, «Angor kelajagi» savdo kompleksi MChJ va «BEST RIELTOR» MChJ Surxondaryo mintaqaviy filiali vakillari ishtirokida ochiq auksion natijasi bo‘yicha g‘oliblik bayonnomalari imzolashgan. Besh kun ichida uch tomonlama shartnoma nusxalari tayyorlanib, tadbirkorlar imzolashi uchun ularga murojaat qilingan. Ikki marta ogohlantirish xatlari yuborilgan. Bu orada shartnomaga imzo chekilmagan va to‘lov ham qilinmagan.

«2018 yil 31 yanvar kuni auksionda g‘olib bo‘lgan, lekin do‘konlarning ijara narxlarini to‘lamay yurgan tadbirkorlarga bag‘ishlab tuman hokimligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlarga summani tezroq to‘lash, bo‘lmasa, do‘konlar boshqa talabgorlarga tanlov asosida berib yuborilishi mumkinligi masalasida tushuntirish berildi. Bu haqida yig‘ilish bayonnomasi tuzildi. Bu yig‘ilishga mazkur tadbirkorlar shaxsan qatnashishdi. Bizda rasmlari bor. Lekin shunda ham ular do‘kon pulini to‘lashmadi.

Bu voqealardan keyin tadbirkorlar bizni sudga berdi. Uzrli sababimizni keltirib, Surxondaryo viloyat Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudiga sud jarayonini kechiktirish bo‘yicha iltimosnoma taqdim etdik. Lekin sud iltimosnomamizni rad etdi va biz sudda yutqazdik.

Bizning fikrimizcha, sud xolis bo‘lmadi. Keyin apellyatsiya sudiga berdik. Unda ham vajlarimiz inobatga olinmadi. Oliy sudda ish nazorat tartibida ko‘rilganda arizamizning bir qismi qanoatlantirildi. Bayonnoma haqiqiy, lekin savdo noto‘g‘ri bo‘lgan degan asos keltirishdi.

Eng qizig‘i, qarorga qarasangiz savdo komleksimizga birorta majburiyat yuklatilmagan. «Ko‘chmas mulk savdo» MChJ Surxondaryo viloyat filiali va Angor tuman hokimligi huzuridagi savdo kompleksi qurilishi direksiyasiga oldi-sotdi shartnomasi tuzish majburiyati yuklatilgan. Qarorda direksiya yuridik shaxs emas, deyilmoqda. Lekin u yuridik shaxs bo‘lgan. Direksiya ishni yakunlagach, hokim qarori bilan tugatilgan.

Hozirgi kunda ikkala tadbirkor bilan sud qarori ijrosi bo‘yicha shartnoma tuzdik. Biz majburiyatimizni bajardik. Lekin eng asosiysi yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasiga ko‘ra, tadbirkor savdo komplekslarida faqat bitta turg‘un savdo faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin. Ularning hisobida boshqa bir do‘kon ham mavjud. Kelishish maqsadida bir do‘kondan voz keching desak, unashmayapti. Menimcha keyinroq, 49 yilga beriladigan do‘kon ijarasi huquqini sotishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin», - dedi «Angor kelajagi» savdo kompleksi MChJ vakili.

Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, tuman hokimligi va bozor sudlarda yutqazgach, Curxondaryo viloyat Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudiga tuman hokimligi «BEST RIELTOR» MChJ Surxondaryo mintaqaviy filiali 2017 yil 19 dekabr kuni o‘tkazilgan ochiq auksion natijasida YaTT Sulaymonov Elmurod bilan tuzilgan 304-sonli g‘oliblik bayonnomasini (shartnoma) haqiqiy emas, deb topishni so‘rab yana da'vo kiritgan. Lekin sudda adolat qaror topib da'vo rad etilgan. Natijada davlat budjetidan yo‘q joydan 2 million so‘mdan ortiq mablag‘ ko‘kka sovurilgan.

«Angor kelajagi» savdo kompleksi MChJ vakili yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasiga ko‘ra, tadbirkor savdo komplekslarida faqat bitta turg‘un savdo faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin deb aytmoqda. Lekin biz bu masalada «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda bunday jumlaga duch kelmadik.

Yana vakil besh kun ichida uch tomonlama shartnoma nusxalari tayyorlanib, tadbirkorlar imzolashi uchun ularga murojaat qilingan. Ikki marta ogohlantirish xatlari yuborilgan deb aytmoqda. Aslida fuqarolik qonunchiligi bo‘yicha jamiyat tadbirkorga oferta (bir yoki bir necha muayyan shaxsga yuborilgan, yetarli darajada aniq bo‘lgan va taklifni kiritgan shaxsning o‘zini taklif yo‘llangan va uni qabul qiladigan shaxs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif) yuborishi kerak emasmi? Nega ular qonunda ko‘rsatilganidek harakat qilmadi?

Shu o‘rinda bir nechta savollar paydo bo‘ladi. Nega tuman hokimligi va bozor mutasaddilari bir necha yuzlab tadbirkorlar turganda tegishli suddan aynan ularning bayonnomasini haqiqiy emas deb topishni so‘ramoqda? O‘sha kuni o‘tkazilgan barcha bayonnomalarni haqiqiy emas deb so‘rasa bo‘lmaydimi? Nega tadbirkor bir nechta sudda yutgan bo‘lsa ham, tumandagi ijro organlari hali hanuz sukutda? Nega ayrim kimsalarni deb to‘lov qilib qo‘ygan tadbirkorlar bu vaziyatda kuyib qolishlari kerak? To‘lov qilib qo‘ygan tadbirkor muammosi nima bo‘ladi? Nega tuman hokimligi huquqiy tomonlarini o‘ylamay davlat pulini sarflab, sudga da'vo kiritishda davom etmoqda? Bu tadbirkorlarga «osilish» qachongacha davom etadi?

Savollar ko‘p, javob esa yo‘q. Davlat rahbari «tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat qilish» ekanini ta'kidlab, bir necha bor mutasaddilarni ogohlantirishiga qaramay mana shunday tadbirkor yo‘liga g‘ov bo‘lishlar hozirgacha davom etmoqda. O‘ylaymizki, tegishli tashkilotlar bunga o‘z diqqat-eʼtiborini qaratadi va muammo ijobiy hal etilishida tashabbus ko‘rsatadi.

Hozircha Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Zafarbek Solijonov Kun.uz jurnalisti,
Sherzod Egamberdiyev operator

Ko‘proq yangiliklar: