Alloh taolo bandalariga qanday qilib islom, iymon, ehson va qiyomat ta'limini yetkazgani haqida hadis

Jamiyat 17:48 / 07.05.2019 29960

«Kun hadisi» dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni «Iymon va Ixlos» deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni «Mirzo Yusuf» jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy sharhlab berdi.

Video: Youtube

Video: mover.uz (Tas-IX)

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan oldimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: «Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Islom: «Laa ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh» deb shahodat keltirmog‘ing, namozini to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing», dedilar.

«To‘g‘ri aytding», dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi. «Menga iymon haqida xabar ber», dedi.

U zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing», dedilar.

«To‘g‘ri aytding», deb tasdiqladi va: «Menga ehson haqida xabar ber», dedi.

U zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ing», dedilar.

«Menga (qiyomat) soatidan xabar ber», dedi.

U zot sollallohu alayhi vasallam: «So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas», dedilar.

«Uning alomatlaridan xabar ber», dedi.

U zot sollallohu alayhi vasallam: «Cho‘ri o‘z xojasini tug‘mog‘ligi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar.

U zot sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?» dedilar. «Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq», dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, u Jabroildir. Sizlarga dinlaringizdan ta'lim bergani kelibdi», dedilar».

Aslida, bu uzun hadis. Bu hadisda payg‘ambar alayhissalom va Jabroil farishta ikkovlari ta'lim jarayonini ajoyib bir suratda ubun ummatga, insoniyatga saboq tariqasida ko‘rsatib beryaptilar. Bu hadisi sharif tolibi ilm odobini bayon qiladi, nimalarni bilishimiz kerag-u, nimalarga bilim da'vosini qilishga haqqimiz yo‘qligining xabarini beradi. Ushbu hadis, bundan tashqari, ustoz-shogird odobini bayon qiladi.

Ushbu hadisda ko‘tarilgan mavzular muhim mavzular edi. Alloh taolo muqaddas farishtasini inson qiyofasida yuborib, payg‘ambar alayhissalom bilan savol-javob qilish orqali bandalariga buning ta'limini berdi.

Ha azizlar, har bir ishni ehson qilishimiz mumkin. Har bir ishni joyiga qo‘yib bajarishimiz mumkin, xuddi Robbimiz bizni ko‘rib turganidek. Ana shunda bizning ishlarimizdan Alloh rozi bo‘ladi, xalqqa manfaat keladi va o‘zimiz inshaAlloh karim ko‘proq savob qozongan bo‘lamiz.

Men o‘zimni ham, sizlarni ham yaxshi amallar bilan ramazon oyidan ko‘proq savob qozonishga chaqiraman.

Ko‘proq yangiliklar: