Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidamiz. Tumanning ma'muriy markazi Yangiqo‘rg‘on shaharchasida joylashgan. Kiroyi tuman markazi. Gavjum.
Kun.uz saytiga navbatdagi murojaat tuman markazidagi buzilib, qayta qurilayotgan «Ko‘kat bozori»da ish olib boruvchi tadbirkorlar tomonidan yo‘llangan. Ular bizni qo‘llarida besh oydan beri davom etayotgan muammo yuzasidan to‘plangan hujjatlar bilan kutib olishdi. Tuman hokimligi va tadbirkorlar bir to‘xtamga kela olmayotgan masala ayni vaqtda chigallasha boshlagan.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Muammoning boshlanishi
Shaharcha aholisi kundalik oziq-ovqat mahsulotlari xarid qiladigan bozorchadagi do‘konlarda yonma-yon savdo qilib kelgan besh tadbirkor – Xurshid Rahimzoda, Baxtiyor Husanov, Abdulhoshim To‘ychiyev, Maqsudjon Baxtiyorov va Muzaffar Sherqo‘ziyevga shu yilning yanvar oyida do‘konlari buzilishi haqida ogohlantirish berilgan.
Bu savdogarlarda aynan bozorcha ichidagi joy uchun berilgan tuman hokimining qarorlari mavjud.
Savdogarlarning aytishicha, oradan bir oy o‘tib tuman hokimi va boshqa mutasaddi rahbarlar aynan buzilayotgan do‘konlar o‘rnidan zamonaviy do‘konlar qurish uchun yer ajratilishini va'da qilishadi.
Do‘konlar uchun tovon puli to‘lanmasdan, shoshilinch ravishda buzib tashlanadi. «Snos puli» masalasi bo‘yicha maqola so‘ngida to‘xtalamiz.
Endi hokimiyat tomonidan savdogarlarga o‘z do‘konlari o‘rnidan yer ajratish payti kelgan edi. Hokimlik besh tadbirkorga yer ajratishga ajratdi, lekin ish oxiriga yetkazilmadi.
Savdogarlar faoliyat olib borgan do‘konlar o‘rnidan ma'lum bir qismini hokim qarori bilan bozorcha hududida hujjatli joyga ega bo‘lmagan, ayvon ostida kabob pishirib savdo qiluvchi Ravshanbek Siddiqovga biriktirib qo‘ygan.
«Eng qizig‘i, Ravshan Siddiqovga o‘sha yer maydoni uchun tuman hokimi qarori besh savdogarga hali do‘konlari buzilishi haqida ogohlantirish xati berilmay turib, to‘rt oy oldin, 2018 yil 29 oktabr kuni chiqarib bo‘lingan ekan», deydi arizachi savdogarlardan Abdulhoshim To‘ychiyev.
Besh savdogarga esa, xuddi o‘sha maydondagi uzunasiga 21 metr joyning yarmini, ya'ni 11 metrini berishadi. Qolgani esa yuqorida aytilgan qaror orqali Ravshan Siddiqovga berilgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, savdogarlarga ajratilgan yer maydoni uzunasiga qisqargani bilan eniga kengaygan.
«Bizning yer maydonimiz haqidagi toponomik suratli hujjatda menga ajratilgan joy Ravshan Siddiqovga ajratilgan maydonini ham o‘z ichiga olishi ko‘rsatilgan. Tasavvur qiling, bitta maydonga ikkita qaror chiqarilgan», deydi Xurshid Rahimzoda.
Besh savdogar qalbaki hujjatlar asosida yerlari berib yuborilgani haqida viloyat prokuraturasiga murojaat qilishadi. Viloyat prokuraturasi tomonidan ariza o‘rganilib, tuman hokimining Ravshan Siddiqovga chiqarilgan 2018 yil 29 oktabr kungi №1718-sonli qaroriga №10.2/581-19 sonli protesti beriladi va Buvayda tuman hokimining 2019 yil 9 aprelidagi № 2883-sonli qarori bilan Ravshan Siddiqovga «atalgan» №1718-sonli qaror bekor qilinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, prokuratura tuman hokimining bozor hududidan Ravshan Siddiqovga yer berilishi haqidagi qarorini qonunga zid deb topadi va hokim o‘z qarorini bekor qiladi.
Bu paytga kelib, Ravshan Siddiqov o‘ziga noqonuniy ajratilgan yerga savdo shoxobchasi binosini qurishni boshlab yuborgan va ikkinchi qavatga navbat kelgan edi.
Arizachilar Siddiqovning do‘koni hokim qaroriga asosan buzilishini kutishdi. Lekin, qurilish davom ettirildi.
«Ming afsuski, tuman hokimligi va mutasaddilari o‘z mansablarini suiiste'mol qilishda davom etishdi. Viloyat prokuraturasining protestiga asosan bekor qilingan qaror ijro qilinmadi, tuman hokimi Bekzodjon Ibragimov bizni hokimiyatga chaqirib bosim o‘tkaza boshladi. U bizdan Ravshan Siddiqov bilan kelishishimizni, yo‘qsa bizning ham qaror bekor qilinishini aytdi. Mahalla oqsoqollarini ham bizni rozi qilishga undaganiga nima deysiz? Siddiqov bizning joyimizda qurilishni davom ettirmoqda.
Joyimiz qaytarilmadi. Axir oilamizning asosiy tirikchiligi mana shu do‘konlardan. Hokimlik «ikki-uch qavatli savdo do‘koni qurishga qurbi yetmaydi», deb joyimizning bir qismini Siddiqovga bergan ekan. Lekin bizda ham 3 qavatli bino qurish uchun imkoniyat yetarli.
Qo‘limizda tuman hokimining aynan o‘zimizning buzilayotgan do‘konlarimiz o‘rniga zamonaviy tipdagi do‘konlar qurish uchun 2019 yil 18 fevral kungi № 743,744,745,746.747-qarorlari bor», deydi tadbirkorlar.
Bozorchadagi buzilish-qurilish ishlari bilan tanishdik. Haqiqatda Ravshan Siddiqov tomonidan savdo do‘koni qurilishi davom etayotgan ekan.
Tuman hokimligida
Buvayda tuman hokimligiga borganimizda tuman hokimi Bekzodbek Ibragimov kundalik ishlari bilan tumanning uzoqroq hududiga ketganini aytishdi. Biz hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Obidxon Jo‘rayevga uchrab, besh savdogarni qiynab kelayotgan savollarga javob olishga harakat qildik.
Hokim o‘rinbosari bizga kichik bozorchaning yangi qiyofasi aks etgan chizmalarni ko‘rsatdi. Haqiqatda juda chiroyli, zamonaviy ko‘rinishdagi savdo majmuasi barpo etilar ekan.
Mas'ul shaxs nega savdogarlarga buzilgan do‘konlari uchun kompensatsiya berilmagani haqidagi savolimizga, murojaatchilarning do‘konlari tuman komissiyasi tomonidan narxlanib, 120 million so‘m atrofidagi pul taklif qilingani, lekin savdogarlar mablag‘ni emas, o‘z do‘konlari o‘rniga zamonaviy do‘kon qurishni tanlashganini bildirdi.
Ravshanbek Siddiqovning bozorcha hududida oldindan qaror bilan tasdiqlangan yeri bo‘lgan yoki bo‘lmagani haqida savolga u mazkur shaxsga tegishli qarorni ko‘rsatdi. Biroq tuman hokimining 2013 yil 7 iyuldagi 505-sonli qarorida Ravshan Siddiqovga yer maydoni bozorcha ichidan ajratilmagandi.
Ko‘rinib turibdiki, Siddiqovning bozorcha hududida egalik qiluvchi qonuniy yer maydoni bo‘lmagan, lekin Buvayda tumani hokimligi bozorcha tashqarisida «kabobxona» yuritgan fuqaroga boshqa savdogarlarning yeridan yangi do‘kon qurish uchun yer ajratgan.
Hokim o‘rinbosaridan prokuratura protestiga asosan hokimning Ravshan Siddiqovga bozor ichidan zamonaviy do‘kon qurish uchun chiqarilgan qarori bekor qilingan bo‘lsa-da, u nima uchun qurilish ishlarini to‘xtatmayotgani bo‘yicha izoh so‘radik. Hokim o‘rinbosari savolga Ravshan Siddiqov mazkur qarorni bekor qilish haqida sudga ariza berganini bildirdi. Uning aytishicha, bu savolga suddan so‘ng javob olinar ekan.
Savdogarlar olti oy oldin ogohlantirilgani haqidagi hujjat esa boshqa mazmunda – unda do‘konlar yo‘lning qizil chizig‘iga to‘g‘ri kelgani uchun buzilishi haqida yozilgan.
Mas'ul shaxs besh savdogarga oldingi yer maydonidan ko‘ra ko‘proq kvadratdagi joy berilganiga e'tibor qaratdi. Darhaqiqat, shunday. Faqat endi savdogarlarga uzunasiga emas, eniga nisbatan ko‘proq yer ajratilgan. Tadbirkorlar esa bundan norozi.
Nega toponomik suratda bir joyga ikki shaxs belgilangan qaror chiqqani haqidagi savolga javob topa olmadik.
Xulosa o‘rnida
Ayni paytda Buvayda tumani «Ko‘kat bozori»dagi holat chigallashib ketmoqda. Besh tadbirkor tuman hokimligi Ravshan Siddiqovga berilgan qarorni bekor qilgan bo‘lsa-da, do‘kon buzdirilmayotgani va o‘zlari qurilish boshlay olmayotganlaridan norozi.
Savdorgarlar tuman hokimligi, tuman ichki ishlar bo‘limi, tuman prokuraturasi tomonidan o‘zlariga bosim bo‘layotganini ham aytishdi. Mazkur holat bo‘yicha internet tarmoqlarida videoroliklar tarqalgan.
Tuman hokimligi esa mazkur qaror orqasidan fuqaro sudga murojaat qilganini bildiryapti.
Buvayda markazidagi eski bozorchani zamonaviy ko‘rinishga keltirish uchun qilinayotgan ezgu harakat, tuman hokimligining mas'uliyatsizlik bilan o‘rganilmay chiqargan qarorlari oqibatida mojarolar ichida qolmoqda.
Elmurod Ermatov, Farg‘ona