Kreml urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar haqida: «Asosiy tomon - AQSh»

Jahon 22:23 / 13.02.2025 3907

Kreml Qo‘shma Shtatlarni Ukraina bilan tinchlik muzokaralarida asosiy «tomon» deb biladi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«U yoki bu tarzda, albatta, Ukraina ham muzokaralarda ishtirok etadi. Albatta, bu muloqotda ikkitomonlama Rossiya-Amerika muzokaralari ham bo‘ladi va albatta Ukraina jalb qilingan muzokaralar ham bo‘ladi», dedi Kreml vakili.

«Biz, albatta, bu jarayondagi asosiy tomon Vashington ekanini tushunamiz», deb qo‘shimcha qildi u.

Peskov so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va AQSh prezidentlari telefon orqali muloqot chog‘ida Yevropaning tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi mumkinligini muhokama qilmagan.

«Kechagi suhbatda bu muhokama qilinmadi va Yevropa mavzusi ko‘tarilmadi. To‘g‘rirog‘i, bunda yevropaliklarning o‘zi qandaydir tarzda o‘rin egallashi uchun Vashington bilan gaplashishi kerak bo‘ladi», dedi u.

Peskovning ta’kidlashicha, endi Moskva va Vashington o‘rtasida «ishchi aloqalarni rivojlantirish» uchun muhlat berish kerak, bunda Rossiya va AQSh prezidentlarining bo‘lajak uchrashuvi «kun tartibi» muhokama qilinadi.

Peskov Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni poytaxti) Putin va Tramp o‘rtasidagi uchrashuv joyi sifatida tilga olinganini va buning uchun «mos» ekanini, biroq hozircha «bu masala bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmaganini» eslatdi.

12 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Putin bilan suhbatdan so‘ng u Ukraina bo‘yicha muzokaralarni zudlik bilan boshlashga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Kreml Putinning Tramp bilan suhbatini «juda konstruktiv, ishchan va samimiy» deb baholadi. Tramp uning Putin bilan bo‘lajak uchrashuvi Saudiya Arabistonida bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: