«Kapitalbank» sudda yutqazdi. Kun.uz yoritgan muammo bo‘yicha tadbirkor haq bo‘lib chiqdi

Jamiyat 12:00 / 03.05.2019 24965

Kun.uz sayti orqali andijonlik tadbirkorning muammolari bayon etilgandi. Unda dastlab auksion orqali sotib olingan mol-mulklarni Andijon viloyati, Xonobod shahar «Koinot» ko‘chasi 41-uy manzilida joylashgan «Fozilmon Nasilli Parranda» MChJga tegishli bo‘lgan parrandachilik fabrikasi hududidan olib ketilishiga hokimlik va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan to‘sqinlik qilinayotgani yoritilgandi.

Hokimiyat va IIB bilan muammolar hal bo‘lgach, 2018 yil noyabr oyida «Xonobod Broyler» MChJga qarashli bo‘lgan mol-mulklar «Kapitalbank» ATB tomonidan noqonuniy egallab olingani haqida «Kapitalbank» va tadbirkor mojarosi. Kim haq va kim nohaq?» sarlavhali material e'lon qilingan edi.

Tadbirkor tomonidan tahririyatga taqdim etilgan hujjatlardan ma'lum bo‘lishicha, «Xonobod Broyler» MChJ tugatish boshqaruvchisi «Kapitalbank» ATBning bosh ofisiga nisbatan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza bilan murojaat qilib, «Xonobod Broyler» MChJga tegishli bo‘lgan Andijon viloyati, Xonobod shahri, Koinot ko‘chasi 41-uy manzilidagi parrandachilik kompleksi hududidagi mol-mulklarni «Kapitalbank» ATB Bosh ofisining noqonuniy egaligidan talab qilib olib berishni so‘ragan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi F.Yodgorovning 2019 yil 14 fevraldagi hal qiluv qarori bilan da'vogarning da'vo talablari qanoatlantirilgan va «Xonobod Broyler» MChJga qarashli 84 dona beton ustun, 341 dona elektr energiyasi uchun beton ustun, 2 dona 9 metrlik videokuzatuv kameralari uchun ustun, 18700 p.metr AS-35 alyumin simi, 7 komplekt TP-400 10/04 transformator stansiyasi, 1 komplekt parranda so‘yish sexi uskunalaridan iborat mol-mulklar javobgar «Kapitalbank» ATB Bosh ofisining noqonuniy egaligidan olib berilgan. Shuningdek, qaror bilan «Kapitalbank» ATB Bosh ofisi hisobidan respublika budjetiga 5 458 000 so‘m davlat boji, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga 16 000 so‘m pochta xarajati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga 50 682 so‘m videokonferensaloqa rejimi xarajatlari uchun haq undirish belgilangan.

Mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan «Kapitalbank» ATB Toshkent shahar Iqtisodiy sudiga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, sudning yuqorida qayd etilgan hal qiluv qarorini bekor qilish va da'vogarning da'vo talablarini rad etishni so‘ragan.

«Kapitalbank» ATBning shikoyati Toshkent shahar Iqtisodiy sudi apellyatsiya instansiyasi sudlov hay'atining 2019 yil 16 apreldagi qarori bilan qanoatlantirishdan rad etildi. Qarorga muvofiq «Kapitalbank» ATB hisobidan 50 682 so‘m videokonferensaloqa rejimi xarajatlari uchun haq undirish belgilandi.

Shu bilan «Kapitalbank» ATB tomonidan noqonuniy egallab olingan mulklar uning haqiqiy egasi bo‘lgan «Xonobod Broyler» MChJga qaytarilishi belgilandi. Bu to‘g‘rida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi 2019 yil 22 aprel kuni ijro varaqasi chiqarib, 15 apreldan kuchga kirgan hal qiluv qarorini ijro etish, ya'ni tadbirkorga tegishli mulklarni «Kapitalbank» ATB Bosh ofisining noqonuniy egaligidan talab qilib olib berish belgilandi. Mazkur ijro ishi Majburiy ijro byurosining Xonobod shahar bo‘limi Davlat ijrochisi U.Mamazulunovning ish yurituviga qabul qilinib, 1 may kuni ijro ishini yuritish qo‘zg‘atilgan va ijro hujjati talablarini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun «Kapitalbank» ATB Bosh ofisiga 5 kunlik (6.05.2019 yilga qadar) muddat belgilangan.

Nihoyat uzoq cho‘zilgan sarsongarchilik mulkning haqiqiy egasi foydasiga hal bo‘ldi.

P.S.: Kun.uz sayti orqali 2018 yil noyabr oyida «Kapitalbank» va tadbirkor mojarosi. Kim haq va kim nohaq?» nomli material e'lon qilingani uchun «Kapitalbank» ATB Bosh ofisi tahririyatni bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazganlikda ayblab, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritgan va ushbu material e'lon qilinishi natijasida boy berilgan 164 909 589 so‘m (bir yuz oltmish to‘rt million to‘qqiz yuz to‘qqiz ming besh yuz sakson to‘qqiz so‘m) foydani tahririyatdan undirish talabini qo‘ygan. Mazkur da'vo bo‘yicha barchasi odil sudlovning qabul qiladigan qaroriga muvofiq hal etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: