Charxlangan «shporlar». «Ayaks» hayratga solishda davom etadi

Sport 11:10 / 01.05.2019 13569

Amsterdamliklarning Londondagi g‘alabasi – Chempionlar ligasi finali uchun katta qadam bo‘ldi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin
«Tottenhem» (Angliya) – «Ayaks» (Niderlandiya) – 0:1 (0:1)
Gol: van de Bek, 15 (Ziyosh)
«Tottenhem»: Lloris, Alderveyreld, Sanches, Fertongen (Sissoko, 39), Tripper (Foyt, 80), Eriksen, Vanyama, Rouz (Deyvis, 79), Alli, Lorente, Lukas Moura.
«Ayaks»: Onana, Feltman, Blind, de Ligt, Talyafiko, van de Bek, Shene (Mazraviy, 65), de Yong, Ziyosh (Xuntelar, 87), Tadich, Neres.
Ogohlantirishlar: Talyafiko, 30. Feltman, 63.
Sudya: Mateu Laos (Ispaniya).
30 aprel. London. «Tottenhem Hotspur» stadioni.
Javob o‘yini – 8 may.

«Autsayderlar yarimfinali»
Bu qarama-qarshilikka «autsayderlar yarimfinali» deb nom berish ham mumkin - «Barselona» va «Liverpul» o‘rtasidagi ikkinchi juftlik bilan taqqoslaganda. Ammo «Ayaks» va «Tottenhem» barcha taxminlarga «tupuradi» - ikki jamoa ham YeChL finali ishtiyoqida yonmoqda. Uyog‘iga nima bo‘lsa bo‘ladi.

Londondagi yangi stadionida «shporlar» bir necha kun muqaddam o‘z muxlislarini hayron qoldirgancha stadiondagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib olgandi («Vest Hem»ga qarshi derbi o‘yinida 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat). Inglizlar bu oqshomda ham mag‘lub bo‘lishni xayollariga ham keltirishmayotgandi.

«Tottenhem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino o‘yin arafasida jiddiy yo‘qotishlarga uchragandi – Serj Ore, Harri Uinks, Erik Lamela va Harri Keyn jarohatlangan, Son Xin Min diskvalifitsiyada. Taqvim ham qiyin: «shporlar» yarimfinal o‘yinidan oldin atigi ikki kun dam olishdi. «Ayaks»da esa bu borada muammo bo‘lmadi: ularda jarohatlar ham yo‘q edi, qolaversa jamoa o‘yinga tayyorlanish uchun bir hafta vaqtga ega bo‘ldi. Ha, Amsterdam klubini londonliklar bilan budjet borasida taqqoslab bo‘lmaydi, ammo bir yildan buyon transferlar amalga oshira olmayotgani Pochettinoga shikoyat uchun huquq beradi. Shu kuni «Ayaks» zaxirasida qoldirilgan Kasper Dolberg agar «Tottenhem»da bo‘lganida u Fernando Lorente o‘rniga boshlang‘ich tarkibdan o‘rin egallagan bo‘lardi. Erig ten Haagga esa markaziy hujumchining umuman keragi yo‘q, bu jamoaning istalgan futbolchisi hujumga chiqib ketaveradi - total futbol.

To‘pga egalik qilish borasidagi muammolar
«Tottenhem»ning ilk daqiqalardagi faolligi tezda tugab qoldi. «Ayaks» ehtiyotkor boshladi va himoyada mustahkam turdi. Ko‘p o‘tmay ular raqibni maydonning ikkinchi tomonida bosim qila boshlashdi va ularni xato qilishga majburlashdi. Maydon egalari to‘pga egalik qila olishmadi - mehmonlar osonlik bilan to‘pni olib qo‘yishar va hujumlarini rivojlantirishardi.

«Shporlar»ning mudofaasi o‘yinning 15-daqiqasidayoq sochilib ketdi. Ziyosh maydon markazida to‘pni egallab olib qanotda ochilgan Neresni pas bilan ta'minladi, to‘p maydon markaziga uzatildi, «Tottenhem» himoyachilari sun'iy ofsayd hosil qilishda kechikishdi, darvozabon van de Bek qarshisida yolg‘iz qoldi. «Yuventus» bilan javob o‘yinida ham muhim golni urgan 22 yoshli futbolchi fransiyalik darvozabonni istagan ko‘yiga solib, hisobni ochdi. Bu vaziyatni videohakam bilan maslahatlashgan bosh hakam ofsayd yo‘qligini tasdiqladi - niderlandlar oldinga chiqib olishdi.

Lorentening besamar harakatlari

Van de Bek keyingi vaziyatidayoq jamoasining hisobdagi ustunligini oshirishi mumkin bo‘lgandi, sherigi bilan «devor» o‘ynab, jarima maydoniga kirib borgan futbolchi o‘tkir burchakdan kuchli zarba yo‘lladi - Loris xavfni bartaraf etdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan «Tottenhem» sergaklana boshladi - o‘tkazilgan gol Amsterdamga safar oldidan jamoani juda noqulay ahvolga tushirib qo‘ygandi. Navbatdagi hujumlardan birida Triper to‘pni raqib jarima maydoniga yuqorilatib uzatdi, Lorentening bosh bilan bergan zarbasi darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi.

«Ayaks»ning sobiq bosh murabbiyi Martin Yol Guardian uchun prevyusida barchasini aniq ko‘rsatgan bo‘lib chiqdi. «Lorente yetarli darajada ko‘p funksiyali emas. U markaziy hujumda bo‘lgan jamoa doimo tashabbus ko‘rsatishi, o‘yinda ustunlik qilishi va o‘yin faqat raqib jarima maydoni joylashgan tomonda kechishi kerak bo‘ladi. Ammo shunda ham «Ayaks» raqibning bo‘sh hududlarini topib, qarshi hujumlarda jazolashi mumkin».

Lorente 90 daqiqada faqat 1 marta darvoza tomon zarba berdi. U to‘p uchun kurashlarda 11 marta duellarda g‘olib chiqdi, ammo Rouz va Tripper jarima maydoniga to‘p uzatgan vaqtlarda u har safar o‘z joyida bo‘lmadi. U «Man Siti»ga qarshi o‘yinda jamoani qutqargandi, ammo «Ayaks»ga qarshi o‘yinda «Tottenhem»ga boshqacha hujumchi kerak edi.

Amsterdamdagi o‘yinda Son maydonda bo‘ladi, Lorentedan ikkinchi bo‘limda foydalanish mumkin – shunisi yaxshiroq.

Fertongenning jarohati

31-daqiqada o‘yinda davomli to‘xtalish yuzaga keldi - Fertongen to‘p uchun kurash vaqtida jamoadoshi Alderveyreld bilan to‘qnashib ketdi. 

Shifokorlar besh daqiqacha vaqt davomida Yanning burnidan qon oqishini to‘xtatib, u o‘yinga qaytishga tayyorligini bildirdilar. Bosh hakam ularning bu fikriga qo‘shilmadi va ko‘p o‘tmay u haq bo‘lib chiqdi – libosi qonga belangan 32 yoshli futbolchi birozdan so‘ng hushini yo‘qotib, tibbiy shtab xodimlari yordamida maydonni tark etdi. Uning o‘rnida Mussa Sissoko o‘yinni davom ettirdi.

Kuchga to‘la fransuz birinchi bo‘lim oxirida kuchli zarba yo‘lladi - bu safar ham to‘p mehmonlar darvozasiga kirishni istamadi. Tanaffus arafasida Alderveyreldda ham xuddi Lorentedagi vaziyat takrorlandi - uning ham bosh bilan zarbasi biroz xato ketdi va jamoalar kiyim almashtirish xonasiga «Ayaks»ning kichik hisobdagi ustunligida yo‘l olishdi.

Neres barchasiga nuqta qo‘yishi mumkin edi

Ikkinchi bo‘lim Talyafikoning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasi bilan boshlandi - argentinalik futbolchi raqib darvozasining uzoq burchagini nishonga olishiga bir baxya qoldi. Maydon egalari Dele Allining zarbasi bilan javob qaytarishdi - to‘p Onananing qo‘liga borib tushdi.

Tanaffusdan keyin jamoalar ochiq o‘yin ko‘rsata boshlashdi - «shporlar»da yo‘qotadigan narsa yo‘q edi, «Ayaks» esa shunchaki yopiq o‘ynashni bilmaydi. Qayd etish kerakki, Sissokoning sa'y-harakatlari evaziga mezbonlar ikkinchi bo‘limda to‘pga egalik qilishda ustunlik qila boshlashdi (60 foizga 40 foiz), zarbalar berish borasida ham ustunlik kuzatildi – 8:4 (aniq zarbalar bo‘yicha — 1:0). Amsterdamliklar kamroq hujumga chiqishdi, ammo golga eng yaqin vaziyat aynan mehmonlarda bo‘ldi - 78-daqiqada Tadich qanotdan jarima maydoniga kirib kelgan Neresni to‘p bilan ta'minladi, uning uzoq burchakka yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi. Agar bu zarba golga aylanganida, amsterdamliklarni final bilan tabriklashni boshlasa bo‘lardi.

Lekin o‘yinning qolgan vaqtida ham «Tottenhem» «Ayaks»ga qarshi boshqa narsa o‘ylab topolmadi va raqibga safardan kerakli hisobdagi g‘alaba bilan qaytishga imkon berdi. Pochettinoga resurslar yetishmadi – ayniqsa jarohatlanganlar. Qishki kurtkaga o‘ranib olgan Keyn tribunada g‘amgin qiyofada o‘yinni kuzatdi.

Eriksen kerakli darajada yaxshi o‘ynamadi

Yana so‘z Yolga. «Eriksen «Tottenhem» futbolchilarini zarba berish pozitsiyasiga chiqarishi kerakmi? Ammo kimni? Unga oldinga chopadigan hujumchilar kerak? Son va Keyn maydonda bo‘lmaydi».

Muxlislar Eriksendan o‘zini tarbiyalagan klubga qarshi o‘yinga alohida yondashishini kutishgandi, ammo ishonch oqlanmadi: 1 zarba (noaniq), zarba berish uchun 2 pas, 2 marta aldab o‘tish, uzatmalardagi aniqlik - 66,7 foiz.

O‘yindan keyin daniyalik futbolchi birinchi bo‘lib jurnalistlar bilan gaplashdi, jamoani yomonotliq qildi: «Biz doimgidan yomon o‘ynadik. Dastlabki 20 daqiqalikda shunchaki to‘p harakatini tomosha qildik. «Ayaks» bizdan yaxshiroq o‘ynadi. Bu shusizam juda yaxshi jamoa, ammo ularga bizning o‘zimiz yordam berdik. Biz o‘zimiz aybdormiz.

Biz jarohatlarni bahona qilmasligimiz kerak. Yarimfinalda kim o‘ynashi muhim emas. Ularning bir zarbasi darvoza ustuniga tekkani omadimiz bo‘ldi».

«Ayaks» 23 yildan buyon ilk marta safardagi uchrashuvda gol o‘tkazmasdan g‘alaba qozondi. Lekin bu jamoa YeChLning joriy mavsumida pley-off o‘yinlarining barchasida safarda g‘alaba qozonmoqda «Real» (4:1), «Yuventus» (2:1) va «Tottenhem» (1:0). Erik ten Haag jamoasi finalga yaqin, «shporlar»ni charxlashdi - Maurisio Pochettinoda xatolar ustida ishlash uchun bir hafta vaqt bor.

Ko‘proq yangiliklar: