Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy- tajriba stansiyasi negizida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm filiali tashkil etildi.
Quyidagilar filialning asosiy vazifalari etib belgilandi:
hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos, yuqori hosilli, kasalliklarga chidamli, guruchining yuqori sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha ajralib turuvchi sholi navlari va duragaylarini yaratish bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish;
yangi va istiqbolli sholi navlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, urug‘chilikning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
sholi yetishtirishda zamonaviy resurstejamkor va suv tejovchi texnologiyalarni yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish;
chet el ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda hosildorlikni oshirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
sholi ekinidagi kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashda atrof-muhitning ekologik muvozanatiga ta'sir etmaydigan usullarni ishlab chiqish;
sholi ekinini yetishtirishdagi asosiy agrotexnik tadbirlarni innovatsion texnologiyalar asosida mexanizatsiyalashni joriy etish;
sohaning yetakchi xorijiy ilmiy muassasalari bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, sholichilikni rivojlantirish muammolariga bag‘ishlangan loyiha va investitsiyalarni jalb qilish, tajriba almashish, konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlar o‘tkazish;
sholi va dukkakli don ekinlarini yetishtirishni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirish va takomillashtirish.
Filialga Xorazm viloyati, Gurlan tumani, Sholikor qishlog‘i, “Chinobod” muqobil mashina traktor parki hududidagi 1800 kv.m. bo‘sh turgan yer maydoni bino va inshootlar qurish uchun hamda Gurlan tumanidagi 82 gektar sug‘oriladigan yer maydonlari doimiy foydalanish huquqi asosida ilmiy-tadqiqot ishlari uchun ajratiladi.