Poroshenko va Zelenskiy Ukraina xalqi oldida tiz cho‘kdi

Jahon 23:00 / 19.04.2019 33424

Ukraina poytaxti Kiyevdagi “Olimpiyskiy” stadionida Ukraina prezidenti lavozimiga nomzodlar Pyotr Poroshenko va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida debatlar bo‘lib o‘tdi. Debatlarni tribunalardan 22 ming kishi kuzatgan. 

Siyosatchilar debatlar davomida Donbassdagi qurolli ixtilof haqida gapirar ekanlar, sahnada tiz cho‘kdilar.

Zelenskiy Maydan vaqtida urush tugashi uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin oldida tiz cho‘kishga tayyor bo‘lganini eslab o‘tgan. “Men o‘z o‘g‘lini yo‘qotgan har bir ona, o‘z erini yo‘qotgan har bir ayol oldida tiz cho‘kishga tayyorman. Men bunga tayyorman va hozir buni qilaman. Siz ham buni qiling”, deb aytgan Zelenskiy Poroshenkoga yuzlanib.

Shundan keyin Zelenskiy tiz cho‘kkan. Poroshenko ham uning ortidan buni qaytargan, biroq buni tomoshabinlarga orqasini o‘girgan va uni sahnada qo‘llab-quvvatlayotgan Donbassdagi jangchilarga yuzlanib bajargan. “Ko‘rdingizmi, qanchalik oson”, deb kinoya qilib qo‘ygan Zelenskiy. U, shuningdek, Donbassdagi urushni to‘xtatish uchun barcha ishni qilishini aytgan. 

Poroshenko raqibining “Mamlakatni 5 yil shunday boshqarganingiz uchun uyalmaysizmi?” degan savoliga “Javob – yo‘q, Men Ukraina va 5 yil bilan faxrlanaman”, deb javob qilgan.

Amaldagi prezident Ukraina xalqining har qanday tanlovini qabul qilishini aytgan. 

“Qadrli ukrain xalqi, shuni ta'kidlay olamanki, men ukrain xalqining 21 apreldagi har qanday tanlovini qabul qilaman va 22 aprelda hayot davom etaveradi hamda 22 aprelda davlatni himoya qilish uchun birlashishimiz lozim. Asosiysi – davlatni yo‘qotmaslik”, deb aytgan Poroshenko. 

Ukrainada prezident saylovlarining 2-bosqichi 21 aprelda bo‘lib o‘tadi. 18 aprelda e'lon qilingan oxirgi reytinglarga ko‘ra, kimga ovoz berishni o‘zi uchun hal qilgan saylovchilarning 70 foizi Zelenskiyga, 27 foizi Poroshenkoga ovoz berishga tayyor.

Ko‘proq yangiliklar: