Hukumatning dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalari bo‘yicha qarori qabul qilindi

O‘zbekiston 14:07 / 18.04.2019 28604

Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yer uchastkalariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmaslik holatlari ko‘plab kuzatilmoqda.

2018 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, respublika bo‘yicha 69,4 ming tomorqa yer egalari tomonidan 4,0 ming gektar, jumladan Samarqand viloyatida 995 gektar, Surxondaryo viloyatida 649 gektar, Qashqadaryo viloyatida 624 gektar, Navoiy viloyatida 384 gektar, Andijon viloyatida 294 gektar, Xorazm viloyatida 215 gektar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 323 gektar tomorqa yer uchastkalariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilmaganligi aniqlangan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining takliflarini inobatga olib, quyidagilar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish ko‘rsatkichlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining prognoz ko‘rsatkichlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishning prognoz ko‘rsatkichlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun talab etiladigan urug‘lik, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash materiallari hajmlari va mablag‘lari hisob-kitobi tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, "O‘zagrokimyohimoya‘' aksiyadorlik jamiyati, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, "O‘zneftmahsulot" aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari - tuman sektorlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari kesimida, tuman hokimlari - dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kesimida har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, suv ta'minotini inobatga olgan holda “bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida ushbu qaror talablaridan kelib chiqib qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirish prognoz ko‘rsatkichlarini uch kun muddatda tasdiqlaydi;

dehqon xo‘jaliklari va tomorqa uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun urug‘liklar, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash materiallarini belgilangan tartibda yetkazib berish;

qishloq xo‘jaligi ekinlarini, bog‘ va tokzorlarni kasalliklar, zararkunandalar va begona o‘tlardan himoya qilish uchun talab etiladigan kimyoviy preparatlar bilan ta'minlash va agrokimyo xizmatlari ko‘rsatish;

vegetatsiya davrida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ta'minlash va sug‘orishni tashkil etishda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga amaliy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan “Tomorqa xizmati" MChJlariga dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari “Tomorqa xizmati” MChJlari tomonidan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga shartnoma asosida urug‘lar, ko‘chatlar va boshqa zarur moddiy resurslar belgilangan tartibda yetkazib berilishini tashkil etadi.

Belgilab qo‘yilishicha, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kesimida tasdiqlangan qishloq xo‘jaligi ekinlari to‘liq ekilishi va mahsulot yetishtirilishini ta'minlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar sektor rahbarlari hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mas'ul hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: