120 mlrd dollarga baholangan Uber kompaniyasi aksiyalarini birjaga chiqarishini e'lon qildi 

Fan-texnika 10:35 / 12.04.2019 6297

Uber Technologies kompaniyasi raqobatchisi Lyft Inc. kompaniyasi ortidan o‘z aksiyalarini Nyu-York fond birjasida birlamchi joylashtirishga (IPO) rasmiy ariza berdi.

Arizada aytilishicha, birjada 1 mlrd dollarlik aksiyalar joylashtiriladi. Gap komission to‘lovlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan shartli summa haqida bormoqda. Bloomberg axborot agentligining ta'kidlashicha, kompaniya joylashtiradigan aksiyalar qiymati ko‘proq bo‘lishi mumkin, bu esa kompaniyaga joriy yildagi eng yirik IPO’ga da'vogarlik qilishga imkon beradi. 

Kompaniya o‘z arizasida moliyaviy ko‘rsatkichlarini oshkor qilgan. Unga ko‘ra, kompaniyaning 2018 yildagi daromadi 11,3 mlrd dollarni, sof daromadi esa 997 mln dollarni tashkil qilgan. Operativ xarajatlar 3,03 mlrd dollar yetgan.  

Shu bilan birga Uber’da kelgusida kompaniya rejalashtirilgan daromadga erisha olmasligi xatari mavjudligi ma'lum qilingan. Bu holat narxni tushirayotgan raqobatchilarning harakatlari hamda turli davlatlardagi tartibga soluvchi idoralar tomonidan bosim bilan tushuntirilgan. Kompaniyada ta'kidlanishicha, mavjud muammolarga qaramay kompaniya bir qator davlatlarda eng yirik o‘yinchi hisoblanadi hamda uning xizmatidan 90 mlndan ko‘proq odam foydalanadi.       

WSJ nashri o‘tgan yil oktyabrda Goldman Sachs va Morgan Stanley kompaniyalari Uber’ning IPO oldidan baholanishini o‘tkazib, uni 120 mlrd dollarga baholashganini ma'lum qilgan.   

Mart oyida Uber’ning asosiy raqobatchisi Lyft Inc. ham IPO’ni amalga oshirdi. IPO qiymati 2,34 mlrd dollarni tashkil qilgan va buning evaziga joriy yildagi eng yirigi bo‘lgan. Dastlab kompaniya aksiyalari 72 dollar turgan, keyin narxi ko‘tarilgan, biroq oxir-oqibat 61 dollargacha arzonlashgan. Buning oqibatida kompaniyaning bozor narxi 17,4 mlrd dollargacha pasaygan.    

Uber Technologies Inc. AQShning San-Fransisko shahrida joylashgan xususiy kompaniya bo‘lib, taksi izlash, uni chaqirtirish, haq to‘lash va taomlar yetkazish uchun mobil dastur ishlab chiqqan. Uber dasturi yordamida buyurtmachi mashina buyurtirib, uning ko‘rsatilgan joydagi harakatlanishini kuzatishi mumkin. Aksariyat hollarda haydovchilar o‘z mashinalaridan, taksoparklar yoki hamkorlar mashinalaridan foydalanadilar. Ko‘pchilik davlatlarda xizmat haqining 80 foizi haydovchi hisobiga, 20 foizi kompaniya hisobiga o‘tkaziladi. 

Ko‘proq yangiliklar: