Uber kompaniyasi Niderlandiyada haydovchilarning shaxsiy ma’lumotlarini tegishli himoya choralarisiz AQShga yuborish orqali ma’lumotlar himoyasi to‘g‘risidagi Yevropa Ittifoqi qonunlarini buzgani uchun 324 million dollar jarimaga tortildi, deb xabar beradi Bloomberg.
Ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha Niderlandiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, tergov davomida Uber yevropalik taksi haydovchilarining shaxsiy ma’lumotlarini, jumladan, taksi litsenziyasi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, yashash joyi, surati, to‘lov rekvizitlari va «ayrim holatlarda sudlanganlik hamda tibbiy varaqalaridagi qaydlarni» AQShga yuborgani aniqlangan.
Agentlikka ko‘ra, Uber ushbu ma’lumotlarni ikki yil davomida Qo‘shma Shtatlarga xavfsizlikni ta’minlovchi biror vositalarsiz yuborib kelgan. Bu orqali kompaniya YeIning ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha umumiy nizomini (GDPR) buzgan.
Ta’kidlanishicha, Uber ushbu qonunbuzarlikni o‘tgan yil oxirida to‘xtatgan va tegishli ehtiyot choralarini ko‘rgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 324 million dollarlik jarima Uber shu paytga qadar duch kelgan eng yirik jarimadir.
«Yevropada GDPR insonlarning asosiy huquqlarini himoya qilib, kompaniya va hukumatlardan ularning shaxsiy ma’lumotlaridan ehtiyot bo‘lib foydalanishni talab qiladi. Ammo Yevropadan tashqarida, afsuski, bunday emas… Kompaniyalar yevropaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini Yevropa Ittifoqidan tashqarida saqlamoqchi bo‘lsa, qo‘shimcha choralar ko‘rishi shuning uchun kerak», — deyiladi xabarda.