«Borussiya M» keyingi mavsum uchun yangi bosh murabbiyni e'lon qildi

Sport 18:30 / 10.04.2019 5041

Joriy mavsum yakunida Menxengladbaxning «Borussiya» klubida bosh murabbiy almashadi. Klub rasmiy saytida ma'lum qilishicha, yozda Diter Hekking o‘rniga Marko Roze bosh murabbiy sifatida ish boshlaydi.

42 yoshli nemis mutaxassisi Roze ayni paytda Avstriyaning «Redd Bull» klubini boshqarmoqda. U Zalsburg klubiga 2017 yilda bosh murabbiy etib tayinlangunga qadar 4 yil klubning yoshlar jamoasiga ustozlik qilgan.

Marko Roze «Redd Bull» bosh murabbiyi sifatidagi ilk mavsumida klubni mamlakat chempionligi sari boshlab borgan, Yevropa ligasida yarim finalga qadar, Avstriya kubogida esa finalgacha yetib borgan. Bu yilgi mavsumda ham uning jamoasi chempionatda peshqadamlik qilmoqda, ketma-ket ikkinchi mavsumda mamlakat kubogi finaliga yo‘l olgan.

Menxengladbaxliklar jamoasida 2017 yil boshidan buyon Diter Hekking bosh murabbiy sifatida ishlamoqda. Ayni paytda klub Bundesligada 28-turdan keyin 5-o‘rinda bormoqda.

Avvalroq «Borussiya M» direktori yarimhimoyachi Torgan Azar yozda klubdan ketishini tasdiqlab, unga da'vogarlarni sanab o‘tgandi.

Ko‘proq yangiliklar: