Superliga klublari stadionlari VAR bilan jihozlanishi mumkin

Sport 13:30 / 09.04.2019 5842

Yaqin kelajakda O‘zbekiston chempionatida hakamlarga videoko‘mak tizimi – VAR texnologiyasi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘FA prezidenti maslahatchisi San'at Sharipov gapirib o‘tdi.

«Biz VAR xodimlarini bir necha marta O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida qabul qildik. Xudo xohlasa, rahbariyat hamma imkoniyatlar bo‘ladigan bo‘lsa, yaqin kelajakda barcha stadionlarni VAR tizimi bilan jihozlash arafasida. Chunki ularning bitta talabi bor ekan – buni faqat uchta-to‘rtta stadionga tatbiq qilib bo‘lmas ekan. VAR kiritiladigan bo‘lsa, mamlakatimizdagi barcha stadionlarga o‘rnatilishi kerak. Stadionlarimiz esa uskunalarni moslashtirish uchun hali tayyor emas», – dedi Sharipov dushanba kuni «Bizning futbol» ko‘rsatuvida.

Ma'lumot uchun, 2018 yil noyabr oyida «Hawk-Eye Innovations Ltd» kompaniyasining Osiyo mintaqasi bo‘yicha boshqaruvchi direktori Ben Krossing O‘zbekistonga kelib, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashgan edi.

«VAR tizimini o‘rnatish uchun 4-8 oy vaqt ketadi. Uning narxi kelishuv shartlariga bog‘liq. Masalan, buning uchun mahalliy kompaniyalarni jalb qilsangiz, bu siz uchun arzonroq tushadi. Agar besh yillik kelishuv amalga oshirilsa, yanada yaxshiroq sharoitlar yaratiladi», – degandi o‘shanda sohaning rahbar mutaxassisi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Rossiya futbolida ilk marta VAR`dan foydalanish yo‘lga qo‘yildi – mamlakat kubogining yarim final doirasidagi ilk o‘yinlari ushbu texnologiya bilan jihozlangan holda o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: