O‘tgan haftada “O‘zRTXB” AJda oltin quymasi sotuvi bo‘yicha birja savdolari o‘tkazildi. Birjada birinchi oltin sotuvchisi “Olmaliq KMK” AJ bo‘ldi.
"O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, savdo yakuniga ko‘ra 600 gr Au-1 markali oltin sotilgan bo‘lib, uning qiymati 209,06 mln so‘mga teng bo‘lgan. Birja kotirovkasi deyarli boshlang‘ich bahoda saqlangan – 1 gr oltin 348,4 ming so‘mni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 martdagi №186-sonli “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ birja savdolarida qimmatbaho metallarni sotish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan qimmatbaho metallar O‘zRTXB ning birja savdolari orqali sotilishni boshladi.
Qimmatbaho metallarning birja savdolari qonun hujjatlari, birja savdolari va hisob-kitob kliring xizmat ko‘rsatish tartib-qoidalari asnosida amalga oshiriladi. Birja savdolari orqali sotib olingan qimmatbaho metallarni eksportga sotish taqiqlangan.
Bundan oldin, tovar xomashyo birjasida birinchi marta qimmatbaho metallar sotila boshlangani xabar qilingandi.