Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni xronometraj ko‘zdan kechirishdan o‘tkazish hamda kamaytirilgan tushum summasidan soliqlarni hisoblab chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksi 71-moddasining 2019 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahririga «xronometraj»ning yangilangan tartibiga doir muhim normalar kiritilib bo‘lgan.
Qabul qilingan hujjatda Soliq kodeksida aks ettirilmagan bir qator masalalar tartibga solingan.
Xronometraj ko‘zdan kechirish ro‘yxatiga kimlar kiritiladi
Tahlikali-tahlil va kameral nazorat bo‘limlari doimiy asosda xronometraj ko‘zdan kechirish tayinlanadigan soliq to‘lovchilarning ro‘yxatini tuzadilar. Ularni quyidagi ma'lumotlar asosida ro‘yxatga kiritadilar:
• realizatsiyadan tushgan tushum hajmlarining pasaytirilganligi. Soliqchilar ushbu ma'lumotlarni soliq to‘lovchi soliq solish obektlari va soliq solish bilan bog‘liq obektlar to‘g‘risida taqdim etgan axborotni aniqlashtirish maqsadida ko‘zdan kechirish va so‘rov o‘tkazish jarayonida tuzilgan ma'lumotnomalardan oladilar;
• vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar tahliliga ko‘ra, soliq to‘lovchi taqdim etgan soliq va moliyaviy hisobotlarda, shuningdek boshqa ma'lumotlarda tushum hajmlarining pasaytirilganligi;
• bir hududda (ko‘chada, bozor va savdo komplekslarida, mahallada yonma-yon) joylashgan, faoliyat turi, realizatsiya hajmi bir-biriga o‘xshash bo‘lgan bir nechta sub'yektlarning kunlik o‘rtacha tushumidagi keskin farq qiladigan tafovut;
• tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi bo‘yicha naqd pul va to‘lov terminali orqali tushgan kunlik tushumlar o‘rtasidagi yuqori tafovut;
• tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushum o‘tgan davrlarga nisbatan keskin kamayib ketganligi va savdo tushumlari to‘liq bank kassalariga topshirilmayotganligi;
• soliq to‘lovchi faoliyatining xususiyatlari, ish rejimi va mavsumiy omillarni hisobga olgan holda nazorat-kassa mashinalaridan 2–3 soat oralig‘ida chek urilmaganligi;
• xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazilgandan keyingi davrlarda tushgan tushumning xronometraj ko‘zdan kechirish davomida aniqlangan tushumga nisbatan 50%dan yuqori kamayib ketganligi;
• o‘rtacha oylik tushum va elektron hisobvaraq-fakturalar orqali kirim qilingan tovarlar o‘rtasidagi farq.
Xronometraj taktikasi
Xronometraj soliq to‘lovchining barcha obektlarida bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkaziladigan aniq joylar, shuningdek soliq organlari xodimlarining xatti-harakatlari faoliyat sohasiga bog‘liq:
• ulgurji va chakana savdo sohasida – bevosita tovarlar realizatsiyasi uchun mo‘ljallangan hamda mijozlar bilan hisob-kitob qilish joylarida;
• umumiy ovqatlanish sohasida – bevosita taom tayyorlanadigan, mijozlarga taom tarqatiladigan va ular bilan hisob-kitob qilinadigan joylarda;
• xizmat ko‘rsatish sohasida – bevosita xizmatlar ko‘rsatish va mijozlar bilan hisob-kitob qilish joylarida;
• ishlab chiqarish sohasida – bevosita mahsulot ishlab chiqarish sexlarida va mahsulotlarni tarqatish omborxonalarida, shuningdek mijozlar bilan hisob-kitob qilish joylarida;
• boshqa sohalarda – soliq to‘lovchi daromad olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obektlarini saqlash bilan bog‘liq joylarda.
Chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi soliq to‘lovchilarda xronometraj ko‘zdan kechirish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• soliq to‘lovchining kassasidagi mavjud naqd pul qoldig‘ini nazorat-kassa mashinasining «X» hisoboti bilan solishtirish va ijobiy farq summasi NKMning xotirasiga kiritilishini ta'minlash;
• realizatsiya qilingan tovarlar va xizmatlarning haqiqiy hajmini aniqlash hamda kunlik pul mablag‘lari tushumini kuzatish va qayd etish;
• xronometraj ko‘zdan kechirish yakunida nazorat-kassa mashinasidan «Z» hisobot chiqarish va ma'lumotnomaga ilova qilish;
• kassadagi mavjud kunlik pul tushumi bilan qayd etish varaqasidagi tushumlar miqdori o‘rtasidagi ijobiy farq summasini nazorat-kassa mashinasining xotirasiga kiritish.
Ishlab chiqarish sohasida xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazish murakkabroq. Soliq organlari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxi va sotish narxi, hajmi va omborxonalaridagi tayyor mahsulotlar miqdoriga aniqlik kiritadilar. Parallel ravishda o‘lchov asboblari orqali ishlab chiqarish quvvatlari uchun sarflanayotgan tabiiy resurslar (gaz, elektr energiyasi, suv, yoqilg‘i-moylash materiallari) hajmini qayd etadilar. Shuningdek ishlab chiqarish uchun sarflanayotgan tovar xomashyo hajmini qayd etadilar, ishlab chiqarish uskunalarining soni va ularning quvvatlarini aniqlaydilar, ishchilar soniga aniqlik kiritadilar va ularning ro‘yxatini shakllantiradilar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va miqdorini aniqlaydilar, shuningdek ularni realizatsiya qilish usullarini aniqlaydilar va jarayonini qayd etadilar.
Soliqlar qanday hisoblab chiqiladi
Xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazilgan davrga oid hisobotlarda tafovutlar aniqlanganda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar quyidagi formulalar asosida hisoblab chiqiladi:
YaST = (XNT x IK) x SS – yagona soliq to‘lovi uchun;
QQS = (XNT x IK) – HT x SS – qo‘shilgan qiymat solig‘i uchun;
FS = ((XNT x IK) x RD) – HT x SS – foyda solig‘i uchun;
AS = (XNT x IK) – HT x SS – aksiz solig‘i uchun;
NS = (XNT x IK) – HT x SS – yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq.
Izoh:
XNT – xronometraj ko‘zdan kechirish yakuni bo‘yicha aniqlangan o‘rtacha kunlik tushum;
IK – xronometraj ko‘zdan kechirish jarayonida aniqlangan hisobot davri uchun ish kunlari soni;
HT – soliq to‘lovchi hisobotida aks ettirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi;
SS – soliq stavkasi;
RD – rentabellik darajasi (oldingi hisobot davrida).
Hujjat 4.04.2019 yildan kuchga kirdi.
Bundan oldin, 100 mln so‘mdan oshgan summadagi tovarlar sotib olinganda tadbirkor YaST to‘lashga o‘tkazilishi xabar berilgandi.