Xorazm viloyatining Urganch va Xiva shaharlarida «Xalqaro investitsiya forumi va Xorazm viloyati ishlab chiqaruvchilarining milliy ko‘rgazmasi» ish boshladi.
5 aprel kuni Urganch shahrida tadbirning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining sohaga mansub vazirliklari xodimlari, xorijiy davlatlarning vakolatxonalari rahbarlari, Xitoy, BAA, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va boshqa ko‘plab mamlakatlardan kelgan investorlar va donorlar, ishbilarmonlar, diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar va moliya-kredit muassasalari xodimlari, Xorazm viloyati hokimligi vakillari, jami 400ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Forumdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekiston va xorij mamlakatlarining ishbilarmon davralari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro foydali bo‘lgan shartnoma va bitimlarni imzolash hisoblanadi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi rahbari Adham Ikramov, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Investitsiya va xalqaro savdo vaziri Sardor Umurzakov, BMT rivojlanish dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, shuningdek xorijlik mehmonlar so‘zga chiqishdi.
Shundan so‘ng, ishlab chiqaruvchilar, ishbilarmonlar va investorlar ishtirokida seksiyalarga bo‘lingan holda kengash va muzokaralar o‘tkazildi.
Seksiya kengashlari «Xorazm viloyatida sanoatning rivojlanishi va energiyaning muqobil manbalaridan foydalanish istiqbollari», «Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligida investitsiya imkoniyatlari, yerdan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash istiqbollari», «Innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq qilish sohasiga investitsiyalarni keng miqyosda jalb qilish, Xorazm viloyatining xorijiy ilmiy-ma'rifiy muassasalari bilan hamkorligini kengaytirish istiqbollari», «Turizm sohasidagi imkoniyatlar, madaniy-tarixiy turizm bilan birgalikda yangi, ekologiya, gastronomiya, madaniy va ko‘ngilochar turizm kabi yo‘nalishlarini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida o‘tkazildi va hujjatlar imzolandi.
Tadbir doirasida Xorazm viloyati ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari va turizm salohiyati bo‘yicha milliy ko‘rgazma tashkil qilindi.
Ertaga, 6 aprel kuni forum o‘z ishini Xiva shahrida davom ettiradi. Unda mehmonlar sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishadilar. Shuningdek Xiva shahrining tarixiy-me'moriy obidalarini ziyorat qiladilar. Shundan so‘ng, forum o‘z ishini yakunlaydi.