Xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag‘larni banklarga joylashtirish budjet xarajatlarini oshirmaydi - Moliya vazirligi

Iqtisodiyot 10:34 / 05.04.2019 5508

Xalqaro obligatsiyalar chiqarilishi qo‘shimcha mablag‘larga ehtiyoj yoki budjet defitsitini qoplash uchun emas.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqning farovon turmush kechirishi va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlovchi zamonaviy va samarali iqtisodiyotni shakllantirishga yo‘naltirilgan, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi.

Mazkur islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy qilish va shaffoflikni ta'minlash bilan chambarchas bog‘liq. 

2018 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingini olinishi hamda joriy yilning fevral oyida 1 milliard AQSh dollari hajmidagi ilk suveren xalqaro obligatsiyalarining jahon moliyaviy bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilishi yuqorida qayd etilgan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda. 

Ta'kidlanishicha, mamlakatda yetarli darajada fiskal zaxiralar mavjudligi va makroiqtisodiy barqarorlik ta'minlanayotgan bir vaqtda suveren xalqaro obligatsiyalarining chiqarish zamirida qo‘shimcha mablag‘larga ehtiyoj yoki budjet defitsitini qoplash emas, balki quyidagi strategik maqsadlar yotadi: 

1. Suveren xalqaro obligatsiyalarini jahon moliyaviy bozorlarida joylashtirilishi mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini xalqaro investorlarga batafsil namoyish etib, xorijiy investorlar uchun respublikamizga investitsiya kiritishda suveren riskini to‘g‘ri baholash uchun imkoniyat yaratdi. 

O‘zbekiston Respublikasining 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha yillik foiz to‘lovlari mos ravishda 4,75% va 5,375% darajasida belgilanishi xalqaro investorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bilan bog‘liq risklarning mo‘'tadil daraja baholanishini ko‘rsatmoqda. Obligatsiyalar chiqarilishidan oldin, ko‘plab xorijiy investorlar 10 yillik O‘zbekiston suveren riski uchun to‘lovni 6-8% dan ortiq baholaganlar.

2. Suveren xalqaro obligatsiyalarining muvaffaqiyatli joylashtirilishi O‘zbekiston uchun bozorda “benchmark” yaratib, yirik davlat korxonalari va banklari uchun jahon moliya bozorlarida o‘z obligatsiyalarini joylashtirish va investitsion loyihalarini mustaqil ravishda moliyalashtirishga o‘tkazish uchun zarur zamin tayyorladi.

3. Suveren xalqaro obligatsiyalarini xarid qilgan xalqaro investorlar tomonidan respublikada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning diqqat bilan kuzatib borishlari tufayli mamlakatda iqtisodiy boshqaruv sohasida islohotlar samarasi uchun zarur bo‘lgan shaffoflik va prudensial yondashuvning izchil amalga oshirilishi ta'minlanadi. 

Boshqacha qilib aytganda, suveren xalqaro obligatsiyalarining ikkilamchi bozordagi kotirovkasi barqaror iqtisodiy siyosat yuritish barometri bo‘lib xizmat qiladi.

4. Joriy yilning fevral oyigacha, O‘zbekistonga jalb etilgan kreditlarning asosiy qismi xalqaro moliya institutlari va boshqa rasmiy tashkilotlar zimmasiga to‘g‘ri kelgan. Bunday kreditlarning hajmi, ishlatish yo‘nalishlari va muddati cheklangan bo‘lib, ko‘p hollarda davlatga qo‘shimcha shart va majburiyatlar yuklanadi. Suveren xalqaro obligatsiyalarni esa yuzlab investorlar qo‘shimcha shart va majburiyatlar qo‘ymay sotib oldilar.

Ushbu investorlar xususiy sektor vakillari hisoblanib, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish O‘zbekiston uchun investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilishga xizmat qildi.

Shu bilan birga, suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirishdan tushgan mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida mazkur mablag‘larni bozor mexanizmlari asosida joylashtirilishiga alohida e'tibor qaratildi.

Bugungi kunda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida kuzatilayotgan qurilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va eksport hajmini oshirish bilan bog‘liq yuqori investitsion faollik tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektoriga ajratiladigan kreditlarga bo‘lgan ehtiyojning keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu tufayli, tijorat banklari uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar kerakligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 apreldagi PQ-4258-sonli qaroriga muvofiq, suveren xalqaro obligatsiyalarining joylashtirilishdan tushgan mablag‘larning 889,2 million AQSh dollari tijorat banklari orasida auksion o‘tkazish orqali, ya'ni samarali bozor mexanizmlari asosida, depozitga joylashtirish belgilandi.

Bundan tashqari, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankiga 20 million AQSh dollari miqdorida loyihalarni moliyalashtirish uchun subordinar qarz shaklidagi kredit liniyasi hamda 89,9 million AQSh dollari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarini moliyalashtirish uchun ssuda ajratishga yo‘naltirilmoqda. 

Suveren xalqaro obligatsiyalarining joylashtirilishdan tushgan mablag‘larning asosiy qismi tijorat banklari depozitlariga joylashtirilishi davlat budjeti xarajatlarini oshirmaydi.

Bundan oldin, O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalarini joylashtirishdan tushgan mablag‘lar nimalarga yo‘naltirilishi ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: