O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan o‘z vaqtida ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
a) 2019 yilda eksperiment tariqasida Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berishni ta'minlaydi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda paxta terish mashinalari xizmatiga haq to‘lash xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha eksperiment natijalari asosida 2019 yil 1 dekabrga qadar ushbu amaliyotni mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritadi;
v) 2019 yil 20 aprelga qadar:
· mazkur qarorda nazarda tutilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
· «O‘zagrolizing» AJ, «O‘zmashlizing» MChJ va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi 2018 yilning IV choragida lizing asosida yetkazib berilgan texnikalar uchun o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga 155,6 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ajratilishini ta'minlaydi.
AT «Xalq banki» va «Mikrokreditbank» ATB ning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy holatini yaxshilash hamda faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3694-son qaroriga muvofiq ularning ustav kapitaliga yo‘naltirilgan mablag‘larning 30 foizini 2019 yilda mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun maqsadli kreditlar ajratishga yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanmoqda.
Qarorga ko‘ra, Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotishdan tushgan mablag‘lar 2020 yil 1 yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvarga qadar lizing kompaniyalari va tijorat banklari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i lizing xizmatlari qismida qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan, shu jumladan, import qilingan lizing obektini sotib olish narxi va sotish narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
· bir oy muddatda 2019-2021 yillarda mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berishni moliyalashtirish maqsadida har yili 100 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalari jalb qilinishini ta'minlaydi;
· mamlakatda qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalarining jadal amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin va bunda «O‘zagrotexsanoatxolding» AJga amaliy yordam ko‘rsatadi.
Shuningdek, Prezidentning mazkur qarori bilan hududiy «Agroservis MTP» MChJning mashina-traktor parklari ustav kapitalidagi ulushlarini tadbirkorlik sub'yektlariga baholash qiymatida mashina-traktor parklarining asosiy faoliyati turini saqlab qolish va 5 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilmoqda.