«Finam» investitsiya kompaniyasi tahlilchisi Aleksey Korenevning ishonch bildirishicha, O‘zbekiston hali ham yopiq mamlakatdir. Hatto Markaziy Osiyodagi boshqa respublikalar me'yorlari bo‘yicha ham. Bu haqda Inbusiness.kz xabar berdi.
Uning fikriga ko‘ra, shu sababli moliyaviy tizim haqida ma'lumot ko‘p emas, o‘zi juda kuchsiz rivojlangan va bir qator tizimli kamchiliklarga ega.
«Mamlakat bank sektorining 86 foizi davlatga tegishli. Banklar o‘zining kredit muassasalari bo‘yicha klassik funksiyalarini emas, balki turli vazirlik va idoralar uchun ham kreditlovchi, ham pul beruvchi ishini bajarmoqda. Umuman olganda, bu shunchaki katta keptiv banklar bo‘lib, faqat o‘zi «bog‘langan» ma'lum idoralar korxonalariga kredit beradi va boshqa xizmat turlarini taqdim etadi. Shu bilan birga, barcha kredit muassasalari davlat tomonidan qat'iy tartibga soluvchi ta'sirga ega, undan tegishli subsidiyalar ham olishadi», - deya izoh berdi tahlilchi.
Shunga qaramay, vaqti-vaqti bilan sobiq SSSR respublikalari va uzoq xorij davlatlarining ba'zi kredit tashkilotlari O‘zbekiston bank bozoriga kirishga urinmoqda. Ular orasida Gruziyaning TBC Bank’i, shuningdek, g‘arbning Sturgeon Capital va Shveytsariyadan bo‘lgan yirik investor Respons Ability bor.
Rossiyaning Sberbank yoki VTB kabi yirik o‘yinchilari O‘zbekiston bozoriga kirishi ehtimoli juda kam, deya hisoblaydi Korenev. Uning fikriga ko‘ra, respublika rasmiylari bunday kuchli o‘yinchilardan ochiqdan-ochiq xavfsiramoqda va ularni o‘z moliyaviy tizimiga yaqinlashtirishga shoshilmayapti.
«O‘zbekiston moliya sektorining rivojlanish istiqbollari yaqin yillar uchun juda noaniqdir. Bunda turli xil ssenariylar bor, ammo u ochiq, diversifikatsiyalangan, ommaviy chakana iste'molchiga yo‘naltirilgan va xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan yiroq», - deya ta'kidlab o‘tdi Aleksey Korenev.
Yana bir ekspert, Rasul Rismambetovning fikricha, O‘zbekiston mamlakat bozori sifatida iqtisodiyot tuzilmalari turlicha ekani tufayli Qozog‘istonga raqobatchi emas.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar raqobat haqida gapirilsa, unda bu bitta mintaqaviy bozorda ishlaydigan va o‘xshash mahsulot ishlab chiqaradigan xususiy kompaniyalar o‘rtasida yuz berishi mumkin.
«Umuman olganda, Qozog‘iston va O‘zbekiston haqida gap ketganda, men ularni bir birini to‘ldiruvchi bozorlar sifatida ko‘raman. O‘zbekistonga investitsiyalar jalb qilish Qozog‘iston investitsion muhitiga ijobiy ta'sir qiladi va aksincha. Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan ko‘plab kompaniyalar O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlardan juda mamnun. Boy qo‘shni - bizning boyligimiz garovi», - deya ta'kidlab o‘tdi ekspert.