Kredit olishni o‘ziga o‘zi taqiqlash haqidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi

O‘zbekiston 21:29 1273

Qonunchilik palatasi xabariga ko‘ra, ushbu qonun loyihasi bilan «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘zi bilan kredit bitimlarini tuzishga taqiq qo‘yishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlari, kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimi tuzganligi uchun javobgarlik belgilanilishi ham nazarda tutilgan.

Qayd qilinishicha, qonun aholini noqonuniy kreditlash, o‘zgalar nomiga kredit olish va ushbu kredit mablag‘larini masofadan turib o‘g‘irlash ko‘rinishidagi firibgarlik jinoyatlaridan himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonunga ko‘ra, kredit olish uchun ariza berishni ixtiyoriy ravishda rad etish mexanizmini joriy qilish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrini yaratish nazarda tutilmoqda.

Ya’ni jismoniy shaxs bunday operatsiyalar bilan bog‘liq firibgarlik harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kredit byurosiga o‘z nomidan kredit shartnomasini uning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz amalga oshirishni taqiqlash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Ushbu xizmat o‘zgalar tomonidan kredit olish yoki mijozning pul mablag‘lari bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini cheklash uchun mo‘ljallangan.

Kredit shartnomasini tuzishni taqiqlash yoki ushbu taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP, my.gov.uz) orqali elektron shaklda, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali yozma yoki elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.

Kredit shartnomasini tuzishni taqiqlash yoki taqiqni bekor qilish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi Bu sohadagi davlat xizmati bepul bo‘ladi.

Reyestrni yuritish kredit byurolari zimmasiga yuklanadi, banklar va nobank kredit tashkilotlariga reyestrni tekshirmasdan mijozlar bilan bitimlar tuzish taqiqlanadi. Ya’ni potensial qarz oluvchiga kredit berishdan oldin moliya institutlari, birinchi navbatda, mavjud cheklovlarni tekshirishi va shundan keyingina kredit berish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Agar bunday shartnoma jismoniy shaxsning xabardorligisiz tuzilsa, kredit shartnomasi bo‘yicha yuzaga keladigan huquqiy oqibatlar uchun banklar, nobank kredit tashkilotlari yoki mikromoliya tashkilotlari javobgar bo‘ladi.

Qonunda Markaziy Bank tomonidan bu qoidalarni buzgan kredit byurolariga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar va choralar ham bayon etilgan. Jumladan, ularga BHM 5 ming baravari (1,875 milliard so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: