Rossiyada yana bir yuqori mansabdor shaxs ushlandi. Bu so‘nggi ikki kundagi ikkinchi holat

Jahon 12:13 / 28.03.2019 38033

Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Viktor Ishayev Moskvada qo‘lga olindi. Bu haqda 28 mart, payshanba kuni «Lenta.ru» huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbaga asosan xabar bergan.

Manba so‘zlariga ko‘ra, Ishayev gubernatorlik davrida sodir etilgan qator lavozim jinoyatlarida gumonlanmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi uning qo‘lga olingani haqidagi ma'lumotni tasdiqlab, tafsilotlarni ochiqlamagan.

«Interfaks» ma'lumotlariga ko‘ra, Viktor Ishayev o‘rmon sanoati sohasidagi firibgarlik bo‘yicha ish yuzasidan ushlangan. Xabarovsk o‘lkasi ma'muriyatida tintuvlar o‘tkazilmoqda.

Viktor Ishayev Xabarovsk o‘lkasini 1991-2009 yillarda boshqargan. 2009 yil aprel oyida Putinning Uzoq Sharq federal okrugidagi vakili lavozimiga tayinlangan, 2012-2013 yillarda Uzoq Sharqni rivojlantirish vaziri bo‘lgan. Keyinchalik, 2018 yilgacha «Rosneft»ning vitse-prezidenti lavozimida loyihalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlagan.

Bundan oldin, Rossiyada sobiq vazirlardan biri qo‘lga olingani, u uyushgan jinoiy guruh tashkil etishda ayblanayotgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: