Fransiya Xitoydan Ukrainadagi urush masalasida Rossiyaga bosim qilishni so‘rayapti, lekin Parij buning evaziga Pekinga nima taklif qila oladi? Kun.uz Si Jinpingning Yevropaga safari fonida ikki tomon manfaatlarini ko‘rib chiqish uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Alouddin Komilovga yuzlandi.
— Si Jinpingning Yevropaga, jumladan Fransiyaga tashrifining asosiy maqsadlari nimalardan iborat?
Alouddin Komilov: — Xitoy–Yevropa munosabatlari juda keng qamrovli. Tashqi siyosat o‘rganilayotganda xalqaro munosabatlar, institutlar va shaxslar darajasida qaraladi. Hozirgi paytda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib boryapti, bu ziddiyatda Yevropaning roli katta savol ostida turibdi. AQSh Xitoyga nisbatan Yevropa ham o‘zi qo‘llagan siyosatni qo‘llashini istayapti, lekin ba’zi davlatlar bundan norozi, shulardan biri – Fransiya.
Oxirgi vaqtlarda Xitoy va Yevropa munosabatlari og‘ir ahvolda edi, pandemiya boshlanishi, Pekinning Ukraina urushida Rossiyani qo‘llashi, avtoritar tizim, savdo-sotiq bilan muammolar, Yevropadagi Xitoy josusligiga shubhalar ham Xitoy va Yevropa munosabatlarini og‘irlashtirib yubordi. Shu fonda Si Jinping birinchi navbatda Fransiyaga tashrif buyurdi. Tashrifda siyosiy masalalardan tashqari savdo, investitsiya masalalari ham ko‘rib chiqilishi kutilyapti.
Nega aynan Fransiya? Chunki Fransiya Yevropa davlatlari ichida o‘zining alohida strategik qarashlariga ega, tarixdan shakllangan bu. Masalan, Fransiya prezidentlaridan biri Sharl de-Gol Fransiyani, umuman, Yevropani AQSh ta’siridan chiqarib, strategik mustaqil bo‘lishini xohlagan edi. Hozirgi kunda ham Makronning siyosatidan biri strategik avtonomiyaga erishish. Strategik avtonomiya deganda Fransiya va Yevropa o‘z tanlov huquqiga ega bo‘lishini xohlayapti. AQSh va Xitoy ziddiyati kuchayib borayotgan fonda ham shu tanlov huquqiga ega bo‘lmoqchi, agar ehtimoliy to‘qnashuv yuzaga kelsa, ikki davlat orasida qolib ketishni xohlamayapti. Angela Merkel hokimiyatdan ketgach, Yevropada tashqi siyosatda asosiy lider Makron bo‘lib qolyapti, shuning uchun ham Fransiyaga bordi.
Kamoliddin Rabbimov: — Si Jinpingning YeIga keyingi 5 yilda birinchi safari bo‘ldi, oxirgi marta 2019 yilda bo‘lgandi. Xitoy bilan aloqalari yaxshi bo‘lgan davlat Fransiya, Si Jinping darajasidagi katta siyosatchi sifatida Makron ko‘rilyapti. Germaniyada hokimiyat o‘zgargach, YeI bo‘yicha tashabbuslarni ko‘proq Makron ilgari suryapti. Ukraina urushi boshlangach, Makron Xitoyga borib, urushga aralashishni Si Jinpingdan so‘ragandi.
Kun tartibida 3 ta asosiy masala turibdi: Ukraina urushi, xavfsizlik masalasi va savdo-iqtisodiy munosabatlar. Uchala masalada ham YeI va Xitoy o‘rtasida ma’lum bir tafovut va ziddiyatlar mavjud. Xitoy tomoni biz Ukraina urushida betarafmiz, neytral qolishga harakat qilyapmiz, deyapti. Yevropa esa sizning Putinga ta’sir qilish, bosim qilish imkoniyatingiz bor, shundan foydalaning, deyapti. Xavfsizlik masalasida Xitoy taklif qilayotgan Tiktok kabi tarmoqlar birinchi navbatda AQSh, keyin Yevropada kuchli xavotir va noroziliklarga sabab bo‘lyapti. Savdo-iqtisodiy munosabatlarda Xitoy so‘nggi 2-3 yilda elektromobil va boshqa texnologiyalarda juda katta tashabbus ko‘rsatyapti.
Si Jinping 3 ta davlatda bo‘ladi, uchalasi ham AQShdan strategik avtonomiya tarafdori yoki Rossiya bilan yaqin munosabatdagi davlatlar: Fransiya, Serbiya, Vengriya. Vengriya va Serbiya Rossiya bilan ancha yaxshi munosabatda. O‘tgan yili Xitoydagi yirik tadbirlarda Orban va Vuchichlar ishtirok etib, munosabatlarni iliqlashtirishga harakat qildi. YeI ichida ma’lum bir bo‘linish bor. Si Jinping mana shu bo‘linishda Rossiya va Xitoy bilan munosabatlari ijobiy bo‘lgan davlatlarga tashrif buyuryapti.
— Xitoyning Rossiyaga ta’sir qilishi evaziga Fransiya nimalarni taklif qilmoqda?
Kamoliddin Rabbimov: — YeIda Xitoyga Ukraina urushiga ta’sir qilishi evaziga taklif qiladigan paket mavjud emas. Ya’ni YeIning Xitoyga ta’sir qilish vositalari nihoyatda cheklangan, Xitoyning YeIga ta’sir qilish vositalari esa ko‘proq.
Yevropa iqtisodiyoti inqirozda pandemiyadan keyin. Xitoy dunyoga yangi texnologiyalar taklif qilyapti. AQSh bilan strategik ziddiyat fonida chiplar ishlab chiqarish sanoatini shakllantirishga muvaffaq bo‘lyapti. Bugungi kunda savdo-iqtisodiy hamkorlikdagi globallashuv pasayib borib, davlatlar o‘z avtonomiyasini shakllantiryapti, chunki dunyo katta raqobatlar, konfliktlarga tayyorlanyapti. Shu fonda YeIning Xitoyga ta’sir qilish vositalari cheklangan va buni YeI yaxshi biladi. Shuning uchun Si Jinping Ukraina masalasidagi takliflarga yo‘q deyishi yoki e’tiborsiz qoldirishi ehtimoli katta. Fransiyadagi uchrashuvda Yevrokomissiya rahbari Ursula Fon Der Lyayyen Si Jinpingga e’tiroz bildirib, bu masalada befarq qololmaysiz, tinchlik barchamizga muhim, dedi. Lekin bu Si Jinping bu masalani o‘tkazib yuborishi ehtimoli katta.
Yana bir muhim nuqta. Putin saylovdan keyin yangi muddat prezidentlikka kirishyapti va uning birinchi tashrif buyuradigan davlati Xitoy bo‘ladi. Si Jinping va Putin munosabatlari yanada yuqori darajaga chiqishi kutilyapti.
Alouddin Komilov: — Xitoy va Rossiya munosabatlari oldingidan ancha yuqori va bu hamkorlik ko‘plab global ambitsiyalarni qamrab oladi. Fransiyaning talablarini qondirish Xitoyning strategik manfaatlariga qanchalik to‘g‘ri keladi, degan masala bor. Fransiya Xitoyni qondira oladigan paket taklif eta olmaydi.
Pandemiyadan keyin Xitoyning o‘ziga ishonchi ancha ortib, xalqaro munosabatlarda faollashdi. “Bir kamar — bir yo‘l” loyihasiga yana 3 ta qo‘shimcha tashabbus ham e’lon qildi. Shulardan biri — global xavfsizlik tashabbusi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirishida bu tashabbusdan legitimlik uchun foydalandi. Xitoyning Ukraina urushiga ta’sir qila olish imkoniyatini aytish qiyin, lekin Xitoyning tashabbusini Rossiya kabi katta davlat qo‘llashi uning obro‘sini oshiryapti.
2023 yil aprel oyida Makronning Pekinga tashrifida kuchli bayonot bergandi, ya’ni AQSh va Xitoy ziddiyatida YeI Tayvanni qo‘llamasligi kerak, degandi. AQSh bosim qilayotgan bo‘lsa ham, YeI Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirmoqchi, Ursula fon der Lyayyen aytib o‘tdi buni. YeIning AQSh siyosatini qo‘llamasligi ham Xitoy uchun katta yon berish sifatida ko‘rilishi mumkin.
— Xitoyning Yevropa bilan savdo ziddiyati va "Bir kamar – bir yo‘l" loyihasi taqdiri qay holatda?
Kamoliddin Rabbimov: — Bu – Xitoy uchun ham, YeI uchun ham muhim loyiha. Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlik oshib boraveradi. 2021-2022 yildan boshlab YeIning 2 savdo hamkori o‘rtasidagi tafovut yo‘qoldi, 2023 yilga kelib esa YeIning birinchi savdo-iqtisodiy hamkori Xitoy bo‘ldi hajmga ko‘ra, undan oldin AQSh edi.
“Bir kamar – bir yo‘l” loyihasining maqsadi – Xitoy mahsulotlarini tashqi dunyoga sotish va shu orqali Xitoyning iqtisodiy o‘sishini ta’minlash. YeI va Xitoy o‘rtasida ma’lum bir ziddiyatlar bor. YeI pandemiyadan keyin Xitoy ichki iste’molni kuchaytiradi, tashqi dunyoga, jumladan, YeIdagi ishlab chiqaruvchilarga katta bosim qilmaydi deb umid qilgan edi. Lekin Xitoyning ishlab chiqarish salohiyati tez tiklandi. Masalan, elektromobillar borasida YeI Xitoydan ancha orqada, hatto Germaniya loyihalari amalga oshmay qolyapti yoki qiynalyapti.
Xitoy o‘zining asosiy bozori bo‘lmish AQShdan uzilsa, uning asosiy nishoni YeI bo‘ladi. Bir konteyner tashish narxini 4,5-5 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushirishni rejalashtiryapti, buning uchun arzon, sifatli va tez yetkazuvchi transport logistikaga koridorlari kerak bo‘ladi, jumladan, Markaziy Osiyo ham.
YeIning xam Xitoy bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikka ehtiyoji yo‘qolgani yo‘q, chunki Yevropadagi iste’molchilar ham arzon, sifatli mahsulot olishni istaydi. Lekin YeIdagi dilemma shundayki, Xitoy tovarlari ko‘p kelishidan iste’molchilar foyda ko‘radi, lekin ishlab chiqaruvchilar kasod bo‘ladi. AQShning strategik maqsadi esa YeI va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni sekinlatish.
“Bir kamar – bir yo‘l” loyihasi to‘xtagani yo‘q, bu – Xitoy uchun eng muhim geosiyosiy va geoiqtisodiy loyiha.
Alouddin Komilov: — “Bir kamar – bir yo‘l” loyihasi bundan keyin ham muhim bo‘lib qoladi. YeIda biror bir dastur boshlashdan oldin ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy ta’sirlari o‘rganiladi. Buni amalga oshirish qiyin, chunki standartlar yuqori. Lekin Xitoy YeIga a’zo bo‘lmagan yoki Xitoyga yon bosuvchi davlatlar bilan faol siyosat olib boryapti va dasturlarini ilgari suryapti, Sharqiy Yevropa, Bolqon davlatlari masalan.
Xitoy va YeI savdo-iqtisodiy munosabatlarida asosiy muammo Xitoyning iqtisodiy modeli. Xitoy modeli asosan investitsiya kiritish, ishlab chiqarilgan tovarlarni chetga sotishdan iborat. Xitoy iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishi uchun ichki iste’molga ham e’tibor qaratishi kerak, deyilyapti, lekin bu Xitoyning siyosiy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Mart oyida kommunistik partiya yig‘ilishida ma’lum bo‘ldiki, Xitoy hozirgi modelini saqlab qoladi. Bu esa Yevropa davlatlarida kelishmovchiliklarni keltirib chiqaryapti. Masalan, Xitoy avtomobil ishlab chiqarishga katta subsidiya beradi. Bundan tashqari, Xitoy demping uyushtiryapti, ya’ni Yevropa bozorlarini egallash uchun mashinalarni belgilangan narxdan arzonroq sotyapti, bu esa YeI qonunlariga to‘g‘ri kelmaydi. Hammaga bir xil qonun-qoida bo‘lishi kerak. Shuning uchun YeI Xitoydan subsidiyalardan foydalanmaslikni so‘rayapti, lekin Xitoy buni davom ettiryapti. Savdo-sotiqni saqlab qolish uchun pullarini sun’iy ravishda devalvatsiya qiladi, buning natijasida davlatga katta pul keladi. Agar bu model bekor qilinsa, bu pullar aholiga o‘tishi kerak bo‘ladi. Lekin bu Xitoyning global ambitsiyalariga to‘g‘ri kelmaydi.
— Xitoyning Yevropa davlatlari bilan munosabati AQSh bilan o‘rtadagi ziddiyatda qanday o‘rin tutadi?
Kamoliddin Rabbimov: — YeI bugun bir qancha murakkab dilemmalar qarshisida qolyapti. Ukraina urushi boshlanganda Si Jinping Putindan norozi bo‘lgan edi, chunki Ukraina urushi boshlanmasidan oldin AQSh YeIdan sekinlik bilan chiqib ketayotgan edi, chunki sovet ittifoqi qulagan, yangi dushman yo‘q, NATO chegaralarida birorta kattroq ziddiyat, urushlar yo‘q edi. Kutilmaganda Putin Ukrainaga bostirib keldi va NATO yangi bir ma’no kasb eta boshladi, bundan esa Si Jinping norozi bo‘ldi. Ba’zi bir ichki ma’lumotlarga ko‘ra, Si Jinping Putinga “Bu konflikt kerak emasdi, yana biroz sabr qilinsa, NATO o‘z ma’naviy ozuqasini yo‘qotib, AQSh YeIdan chiqib ketardi, Germaniya va Fransiya kontinental Yevropa xavfsizligi uchun katta loyihalar boshlayotgan edi”, degan.
Ukraina urushi boshlangach, YeI o‘z xavfsizligi to‘g‘risida alohida o‘ylayapti, chunki bu safar tahdid AQShning o‘zidan kelyapti. Chunki bu yil AQShda prezidentlik saylovi, agar hokimiyatga Tramp kelsa, u NATOdan chiqib ketishini bildirgan. AQSh senator va kongressmenlari qonunni o‘zgartirib, AQSh prezident imzosi bilan NATOdan chiqa olmaydi, buning uchun Senat va Kongress tasdiqlashi kerak, dedi. Tramp esa shunday bo‘lsa, biz NATOga a’zolik badalini to‘lamaymiz, dedi.
YeIning xavfligi bilan bog‘liq muammolar 3 ta: Rossiyaning agressiv siyosati, Xitoyga bo‘lgan ishonchsizlik va AQShning o‘zidagi ultra o‘nglar,Trampning hokimiyatga kelishi bilan bog‘liq. Shu fonda YeI imkoniyat, yo‘l izlayapti, har uchala masalada ham ichkarida bo‘linish bor. YeI Xitoyni o‘ziga do‘st ham, dushman ham deb bilmaydi, ba’zan opponent sifatida ko‘radi.
Fransiyaning asosiy loyihasi shundan iboratki: Xitoy — dunyoning ikkinchi qudratli davlati, sotib olish imkoniyatiga ko‘ra birinchi iqtisodiyoti ekan, nega biz Xitoy bilan konfliktga borishimiz kerak. Diplomatiya qilib, o‘z tomonimizga o‘tkazsak 3 ta masalada yutamiz, ya’ni Putinni cheklashda, AQSh ta’sirini pasaytirish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yuqori nuqtaga olib chiqishda. Lekin Fransiyaning bu loyihasi ish berish-bermasligini vaqt ko‘rsatadi.
— Xitoy iqtisodiy ta’sir orqali Yevropada AQShning o‘rnini egallashi mumkinmi yoki baribir g‘oyaviy nuqtalar asosiy bo‘ladimi?
Alouddin Komilov: — Sovet ittifoqi qulagach, AQShning asosiy raqibi Xitoy bo‘lib qoldi. Sobiq ittifoqidan so‘ng AQShda Xitoy tahdidi degan tushuncha keng tarqaldi. Ba’zi ekspertlar Xitoy maxsus strategiyasi bor, deydi. Xalqaro munosabatlari asosan katta urushlardan keyin tuzilgan. Yadro quroli paydo bo‘lishi bu kabi urushlar bo‘lishi imkoniyatini yo‘qqa chiqardi, chunki bunday urush barchani yo‘q qilib yuborishi mumkin. Xalqaro munosabatlarda davlatlar hokimiyati 3 ta narsaga asoslanadi deyiladi: birinchisi — bosim qilish qudrati, ikkinchisi — diplomatik pora, uchinchisi — qonuniylik. Shu richaglarni susaytirib, mavjud dunyo tuzumida biri davlat o‘rnini boshqasi egallashi mumkin, degan nazariyalar ham bor. Xitoyning dunyoda eng boy, eng qudratli davlat bo‘lish ambitsiyasi bor. Bu ambitsiyaga Xitoyning Xalq Respublikasi tuzilganining 100 yilligigacha erishmoqchi.
Kamoliddin Rabbimov: — Nazarimda, YeI va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik qanchalik o‘ssa ham, AQSh o‘rnini egallay olmaydi, chunki AQSh va YeI yagona tsivilizatsion ittifoqda, asrlar davomida shakllangan bu. YeIda ma’lum bo‘linishlar bo‘lsa-da, AQSh o‘rnini Xitoy egallashi imkonsiz deb o‘ylayman.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.