Ikki akasining ortidan frontga jo‘nagan vodillik Orifjon ota Mo‘minov urush dahshatlari haqida eslaydi. U urushda tankchi bo‘lib xizmat qilgan.
Orifjon ota Mo‘minov 1924 yilda Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘ida tug‘ilgan. 1943 yilda akalari ortidan urushga jo‘nagan. 1950 yilda urushdan qaytib kelib 40 yil kolxozda traktorchi bo‘lib ishlagan. Oila qurib 15 nafar farzand tarbiyalagan. 42 nevara, 54 chevara va 2 everaning bobosi. U urush damlarini shunday xotirlaydi:
“1943 yil dekabrda ketganman, shu bilan urushga kirdik. Akalarimni axtarib Moskvaga bordim diviziyaga. Chunki ikki akam mendan avval jangga otlangandi. Ularga vatanga qaytib kelish nasib etmadi.
1941 yilda Vodil, keyin esa Oltiariqda o‘qidim, urushda tank minasan, deyishdi. Rostdan ham tankchi bo‘ldim. General Sobir Rahimov bilan bir safda jang qildik.
Urush maydoniga kirib bordik. Katta yalanglik, ko‘z ochib bo‘lmaydi, nemis tanklari biri qo‘yib biri otyapti. Yigitlarga boshlaringni ko‘tarmanglar dedim-da, tutun chiqaruvchi snaryad otdim. O‘sha yerlarni rossiyaliklar 3 ta diviziya bilan ham ololmagan ekan.
Biz tankda ketayotganimizda yo‘lda chiqib qolgan yarador nemislarni kasalxonalariga olib borardik, nemislar esa bosib ketardi ayab o‘tirmasdan, bolalarni ham o‘ldirishgan. O‘sha jangda 21 ta snaryad otdim. Pulemyotlar tinimsiz otayotgandi, shundan keyin jimib qoldi. Keyin olg‘a yurib, hududni egalladik. Harbiy bazani ham oldik. Shu ketishda Berlingacha borganmiz.
Jamoada 4 nafar qadrdon tankchi do‘stlarim bor edi, lekin ularning barchasi o‘ldi, bitta men omon qoldim.
Ko‘p davlatlarda bo‘ldim. Birida o‘liklarni yoqishyapti, boshqasida esa suvga oqizishyapti, chetda shunaqa ekan. O‘zbekiston xalqi esa yetim qolgan bolalarni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. O‘shalarning savobi ham tegib shu kunlarga yetdik».
Orifjon ota Mo‘minovning nevara kelini Nafisa Do‘stmatova bobosining 100 yoshda ham tetik yurishiga sabab bo‘lgan jihatlarni so‘zlab berdi.
«Bobom, aslida, 1924 yilda tug‘ilgan. Otalari yoshini kichikroq qilib hujjat olgan, chunki akalari urushda vafot etgan. Lekin urushga borganlar, omon qaytganlar.
Mana hozir shu yoshlarida ham mashina minadilar. 15 farzandi, 42 nevara, 54 chevarasi, 2 nafar evarasi bor bobomning. Nega buncha bardamsiz, ignadan ip o‘tkaza olasiz, siri nimada, deb so‘rasam, kamroq tuz yeyish kerak, deydilar. Shuning uchun uyimizda ovqat qilinganda nisbatan kamroq tuz solamiz. Sport bilan ham shug‘ullanib turadilar, havas qilamiz», deydi u.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov